Amerikada noqonuniy yashagan ikki o’zbekistonlik ishi sudda ko’rilmoqda


Amerikada noqonuniy yashagan ikki o’zbekistonlik ishi sudda ko’rilmoqda

Amerikada noqonuniy yashagan ikki o’zbekistonlik ishi sudda ko’rilmoqda

Amerikaga ilm olaman deb kelgan ikki o’zbekistonlik taqdiri bugun bu davlat sudi qo’lida. Aybdor deb topilsa, ular vatanga deportatsiya qilinishi mumkin.

1990-yillarda, qolaversa 2000-yillar boshida Amerikaga O’zbekistondan yuzlab yoshlar turli o’quv dasturlari orqali kelgani ma’lum.

U paytlarda Toshkentda va respublika bo’ylab bir necha xalqaro tashkilotlar ishlar, almashinuv programmalari yuritib, o’quvchi, talaba va yosh mutaxassislarga qisqa va uzoq muddatli ta’lim olish va malaka oshirish imkoniyatlarini taklif qilar edi.

Ko’pi o’qishni tugatib vatanga qaytdi, ayrimlari esa ish topib, AQShda qoldi. Studentlik vizasi bilan kelib, muddati bitsa ham yurtiga bormay, noqonuniy ravishda yashab kelayotganlarni ham uchratasiz.

Ular ham qonuniy maqom olib, shu yerda tirikchilik qilishni istaydi. O’zbekistonda o’sish, oyoqqa turish uchun imkoniyatlar cheklangan deya noliydi.

Dindor yoshlar orasida esa “vatanga qaytsam, hukumat siquvga oladi, ekstremizmda ayblab qamaydi” degan qo’rqinch keng tarqalgan. Ayni damda Filadelfiya shahrida taqdiri hal etilishini kutayotgan ikki yigit mana shu toifaga kiradi.

Niyat Amerikada ilm olish edi

Ismoil Samadov va Behzod Yusupov 1999 yilda Amerika sarhadiga qadam qo’yganida, biri Boston, ikkinchisi esa Los-Anjelesdek azim shaharlarda ingliz tilini o’rganishi kerak edi.

Advokatlarining aytishicha, maqsad ezgu bo’lgan: ilm olib, vatanga qaytish; yaxshi ish topish; oila qurib, hayot zavqini surish; yaqinlariga yordam berib, ularni faxrga to’ldirish.

30 yoshli Ismoil Samadov bugun bir do’konda sotuvchi, tengdoshi Behzod Yusupov ham bir amallab tirikchilik qilmoqda. Har ikkisi shu yerda oila qurgan.

To’qqiz yildirki, ular sud eshigida sarson. AQSh qonun-tartibot organlari ularni xavfsizlikka tahdid solganlikda ayblab keladi. Ularning ishini hozirda Filadelfiyadagi apellyatsiya sudi ko’rib chiqmoqda. Hukm qachon chiqishi noma’lum.

2002 yilda Federal Qidiruv Byurosi agentlari Samadov, Yusupov va ularning bir necha yurtdosh-oshnalari yashagan uyni tintuv qilgan. Dinga berilgan, namozxon yigitlar ishlatgan kompyuterdan “jihodga undovchi videolar” topilgan, shu qatorda al-Qoida terror guruhi yetakchisi Osama bin Ladenning nutqi yozilgan fayl va Pensilvaniya shtat politsiyasiga tegishli inshoot xaritasi.

Xo’sh? Internetga kirgan odam nimalarni ko’rmaydi. O’zingiz bilmagan holda noma’lum sahifalarga kirib qolasiz. Bir narsani ochaman deb boshqa yoqqa ko’zingiz tushadi. Bu orada kompyuterning miyasiga nimalar saqlanib qolmaydi deysiz. Buning ustiga siz o’tirgan kompyuterni sizgacha boshqa odamlar ishlatgan bo’lsa.

Jihodga undovchi videolarni tomosha qilish jinoyatmi? Terrorchilarning nima deyayotganini tushunishga qiziqish jinoyatmi?

Sud mana shu savollarga javob berishi kerak, deydi Ismoil Samadov va Behzod Yusupovlarning advokatlari.

Baher Azmi, Ismoil Samadovning advokati

Baher Azmi, Ismoil Samadovning advokati

Baher Azmiy, Samadovning advokati, deydiki, AQSh hukumati aslida ayblanuvchini qochqin sifatida boshini silab, xalqaro qonunlarga binoan unga insonparvarlik yordami, ya’ni boshpana berishi kerak.

“Har ikki yigit”, deydi janob Azmiy, “vataniga yuborilsa, erkin e’tiqodi uchun u yerda sudga tortilishi va qiynoqqa solinishi mumkinligini isbotlay olgan”.

Ayblanuvchilarning da’vosi shuki O’zbekistonda inson huquqlari muntazam ravishda buziladi, minglab fuqarolar, xususan yoshlar dinga berilgani uchungina qamoqda o’tiribdi. Sudda respublikadagi vaziyat yuzasidan bir necha ekspert guvoh sifatida qatnashgan. Inson huquqlari tashkilotlarining hisobotlari tinglangan. Qiynoqlar va tazyiq xavfi haqida ma’lumotlar taqdim etilgan.

Baher Azmiy nazarida AQSh hukumati qo’lida bu shaxslar davlat xavfsizligiga tahdid solayotgani yoki solishi mumkinligi haqida biror isbot-dalil yo’q.

Kompyuterdan chiqqan videolarni odamlar har kuni internetda bemalol ko’rishi mumkin, deydi u. Ularning bir xonadoshiga kelgan elektron xatda “jihod” tilga olinadi, ammo aniq bir narsa deyilmaydi. Bu xonadosh Amerikadan chiqib ketgan, hozirda Kanadada boshpana olib, u yerda yashaydi.

Tan olamiz: Amerikada hujjatsiz yashab qonunni buzdik, lekin jangarilarga aloqamiz yo'q

Yigitlar AQShda qolish uchun qonuniy maqom so’ramoqda. Viza muddati bitgach ham Amerikada yashayvergani albatta qonunga xilof harakat bo’lgan, deya tan oladi Baher Azmiy. Lekin ular qamalishi mumkin edi, deya qo’shadi u.

“Bu yigitlarga AQShda biror jinoiy ayb qo’yilmagan. Jinoiy sudga tortilmagan. Immigratsiya xizmati ularni hibsga olgan xolos”,- deydi advokat.

Hujjatsiz yurgani uchun jarima to’lagan ayblanuvchilar hozir erkinlikda, ammo 24 soat nazorat ostida. Ularga maxsus elektron asbob taqilgan, hatti-harakatini kuzatib turish uchun. Advokatlar bu adolatsizlik deb, suddan ularni olib tashlashni talab qilmoqda.

“Amerika Ovozi” Yusupov va Samadov bilan gaplashish niyatida, iltimosga hozircha javob olinmadi.

AQSh Adliya vazirligi, deydi Baher Azmiy, bu yigitlarning biror terror guruhi, ekstremistik harakat, biror xuruj yoki zo’ravonlikka aloqasi borligini isbotlay olmagan. “Bu quruq, asossiz xavfsirashdan boshqa narsa emas”,- deydi advokat.

“Amerikada 2001 yilning 11 sentabridan keyin musulmonlardan xavfsirash hollari ko’p uchradi va bu to’lqinni bugun ham sezib turibmiz”,- deydi Baher Azmiy.

“AQSh tarixida hukumat immigratsion qonunlardan foydalanib, muhojirlarga bosim o’tkazgan davrlar bo’lgan. Masalan 1950-yillarda sharqiy yevropalik muhojirlar kommunistlikda ayblanib, ularga “xavfli” degan tamg’a qo’yilgan. Asossiz hibsga olish hollari kuzatilgan”.

AQShda qolishingiz mumkin, hozircha

Baher Azmiy Seton Xoll Universitetida qonun va huquqshunoslikdan dars beradi. Ismoil Samadovni bepul, ko’ngilli ravishda himoya qilmoqda.

Advokatlar qatorida, Amerikadagi yirik musulmon tashkilotlari bu ikki o’zbekistonlik tarafini olib, davlatdan adolat so’ramoqda.

Qo’shma Shtatlar uchun bu tarixiy bir sinov, deydi ular, bu haqiqatdan erkin jamiyat bo’lsa, bu insonlar asossiz jazolanmaydi.

2003 yilda O’zbekiston hukumati AQShdan bu shaxslarni unga topshirishni so’ragan. Lekin bu iltimos inobatsiz qoldirilgan.

Lorens Rudnik, Behzod Yusupovning advokati

Lorens Rudnik, Behzod Yusupovning advokati

“Amerika Ovozi” Behzod Yusupovning advokati Lorens Rudnik bilan ham suhbatda bo’ldi. U ham mijozi begunoh ekanini aytadi. Viza muddati o’tib ketgan xolos, deydi u. Siyosiy boshpana so’rab murojaat qilganida, rad etilgan. Lekin O’zbekistonda qiynoqqa solinishi mumkinligini hisobga olib, shartli ravishda vaqtincha AQShda qolishi mumkin deya ruxsat berilgan. Samadovning ham taqdiri shu.

Advokat apellyatsiya jarayoni chigal ekanini tushuntirar ekan, sud to’g’ri hukm chiqarishidan umidvor. Ayblanuvchilar shuncha yil bu mamlakatda yashab biror ziyon keltirmagan.

O'zbekistonda ham tinch qo'yishmayapti

Federal Qidiruv Byurosi ularni sinchiklab tekshirgan, qayta qayta so’roq qilgan, lekin Al-Qoida u yoqda tursin, hatto O’zbekistondan chiqqan jangari harakatlarga ham biror aloqasi borligini isbotlay olmayapti, deydi Lorens Rudnik.

“Faqat bir haqiqat shuki, bu yigitlar imom Obid Qori Nazarovning izdoshlari. Imom O’zbekistonda ta’qibga uchrab, hozirda Shvetsiyadan panoh topgan. BMT unga qochqin statusini bergan. Imomning Amerikaga biror tahdid qilgani haqida ma’lumot yo’q”, - deydi advokat.

Ayblanuvchilarning O’zbekistondagi yaqinlari so’roq qilingan, tekshirilgan.

AQSh Adliya vazirligi bilan bog’langanimizda, tegishli hujjatlar oldik, ammo prokuror va tergovchilar masala yuzasidan hozircha biror narsa deyishni ma’qul topmadi. “Hukmni kutayapmiz, lekin yaqin kunlarda chiqmasa kerak”, - deyishdi.

Ayblovchi tomonning da’vosi shuki, bu yoshlar o’qiyman deb kelganu, o’qimagan. Samadov Bostonda, Yusupov Los Anjelesda til o’rganish kurslariga boraman deb viza olgan, lekin har ikkisi o’qish uchun mablag’ topolmaganini bahona qilib, noqonuniy ravishda pul topishga tushgan.

Sud, rasmiyatchilik va terror vahimasi

Adliya vazirligi hujjatlarida qayd etilishicha, Yusupov O’zbekistonda ekstremizmda ayblanib, qamoqqa olingan safdoshlarining oilalariga moliyaviy yordam ko’rsatgan. Xonadoshlardan biri Otabek Orifjonov 2000 yilda O’zbekistonga qaytgach, hibsga olingan.

Samadovning tergovchilarga bildirishicha, Orifjonov Filadelfiyadagi birodarlari, xususan Samadov va Yusupovga qarshi gapirishga majburlangan. Ular islomiy tashkilotlarga pul beradi, ularni quvvatlaydi deb ko’rsatma bergan. Shu tariqa yigitlarning oilalari so’roq qilingan.

2002 yilda Federal Qidiruv Byurosi tekshiruv boshlagan. Samadov va Yusupov noqonuniy yashayotgani uchun hibsga olingan, keyinroq tovon to’lab ozodlikka chiqqan. 2003 yilda O’zbekiston hukumati ularni ekstraditsiya qilishni so’raganida, bu shaxslarni konstitutsion tuzumni ag’darib, islomiy davlat barpo etishga bel bog'lagan fundamentalist guruhlar a’zosi deya atagan. Ayblanuvchilar buni rad etadi.

“Bu yigitlar 2001 yildagi terror xurujlari ketidan boshlangan vahima qurbonlari”,- deydi advokat Lorens Rudnik.

“AQSh hukumati Samadov va Yusupov hech kimga tahdid solmayotganini biladi. Bu ish puch ekanini tan olishadi ham. Allaqachon barham topishi kerak edi bu ish. Lekin turli rasmiyatchiliklar, xatolar sabab chigallashib, mana bugungacha bitmay yotibdi. O’tgan safargi apellyatsiya jarayonida xato qilingan va ish yana qayta ko’rib chiqilmoqda. Bu safar sud aniq va adolatli hukm chiqarib, masalaga nuqta qo’yadi degan umiddamiz”, - deydi Lorens Rudnik.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG