Breaking News

O’zbekistonda muxolifatsiz yana bir saylov o’tdi


O’zbekiston Oliy Majlisi saylovlarida omma ishtiroki shu onga qadar olingan ma’lumotlarga ko’ra 80 foizdan oshgan. Bu 21 millionga yaqin saylovchining katta qismi. Jarayonda 150 deputat saylanadi.

O’zbekistonda muxolifatsiz yana bir saylov o’tdi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:16 0:00

Saylovni boykot qilishga chaqirgan muxolifat prezident Islom Karimovning vakolatlarini uzaytirishga hozirlik ko’rayotgan yangi parlament shakllanayotganidan xavotirda.

Markaziy saylov komissiyasi yakshanba kuni soat 10 da o’tgan dastlabki yig’ilishidayoq 33 foizdan oshiq saylovchi ovoz berganini e’lon qildi.

Komissiya ovoz berish uchastkalari tonggi soat oltidan ochilganini, mahalliy vaqt bilan soat 17:30 dagi ko’rsatkichga ko’ra 80 foizga yaqin odam ovoz berganini ta’kidlamoqda.

Ovoz berish jarayonini 50 dan ortiq davlatdan kelgan 300 ga yaqin delegatlar kuzatmoqda. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, Islom Konferensiyasi kabi tashkilotlardan kuzatuvchilar bor. Saylovda raqobat yo’qligini ta’kidlagan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti cheklangan kuzatuvchilar guruhini jo’natgan.

Kuzatuvchilar saylov ochiq va adolatli o’tayotganini e’tirof etishmoqda, deb yozadi O’zbekiston matbuoti.

Ammo mahalliy faollar saylovga nisbatan qiziqish pastligi, aksar aholi saylovga ham, nomzodlar kimligiga ham befarq ekanini aytishadi. Ko’pchilik saylov natijasi oldindan hal etilganiga ishonadi.

Mamlakatda rasman ro’yxatdan o’tgan Xalq demokratik partiyasi, O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” partiyasidan deputatlik o’rinlari uchun 135 nomzod kurashadi. Yana 15 o’rin avtomatik ravishda O’zbekiston Ekologlar harakatiga beriladi.

Oliy Majlisga ushbu saylovlar ham muqobil va muxolif nomzodlar ishtirokisiz o’tmoqda. Xorijdagi o’zbek muxolifati boykot chaqirig’i bilan chiqdi.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan, O’zbekiston Ozodlik harakati rahbari Hazratqul Xudoyberdiga ko’ra, parlamentga saylovchilar tomonidan emas, hukumat tomonidan tanlangan odamlar keladi.

“Bu saylov - hukumat mavqeini mustahkamlash. Kimlar kelishi esa hukumatdagi kabinetlarda hal etilgan, hamisha hukumatni qo’llagan, ochiq gapirmagan odamlar qo’g’irchoq partiyalar orqali parlamentga o’tkazilmoqda. Ular parlamentda o’tirib, prezident nima desa shuni so’zsiz bajarishadi. Qonunlar qabul qilishadi, lekin ijro qilinmaydi. Mana so’z erkinligi, prezident saylovlari haqidagi qonunlar bor. Bir kishi ikki martadan ortiq saylanmasligi kerak deyilgan”, - deydi Hazratqul Xudoyberdi.

Mustaqillikning 23 yilligini o’tkazgan O’zbekiston uchun demokratik saylov tushunchasi begona.

“Men taxmin qilishni yoqtirmayman, ammo hozir parlamentga o’tayotgan deputatlar yordamida Karimov o’z vakolatini yana uzaytiradi. O’z lavozimini bajara olmay qolgan keksa odam yana vazifasida qoladi. Butun dunyoda saylov tizimi rivojlanib bormoqda, bizda esa aksincha 24 yil mobaynida faqat orqaga qarab ketayapmiz“, - deydi suhbatdosh.

Markaziy saylov komissiyasiga ko’ra, saylov jarayonida qonun buzilishlariga doir biror shikoyat qayd etilmagan. Xorijdagi o’zbekistonliklar uchun ham ovoz berish imkoniyati yaratilgan, elchixonalarda saylov uchastkalari ochilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG