Breaking News

"Erk" Toshkentda qurultoy o'tkaza olmadi


O’zbek muxolifatini jonlantirishga bel bog’lagan “Erk” partiyasi, respublikada man etilgan harakat, Toshkentda rejalangan qurultoyini o’tkaza olmadi.
"Erk" bu yilgi qurultoyini Toshkentda o'tkaza olmadi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:33 0:00
Yuklab oling

2014-yil oxirida parlament saylovlari, 2015-yil boshida esa prezident saylovlari o’tishi kerak. Asosan xorijda asoslangan muxolifat bugun nimaga qodir?

“Erk” partiyasi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Toshkentda rejalangan qurultoyda 70 ga yaqin kishi to’planishi kutilgan edi. 30 millionlik aholiga ega, biroq muntazam ta’qib va tazyiqlar bois muxolif harakat mutlaqo yo’qotilgan O’zbekiston uchun bu jiddiy ko’rsatkich.

Ammo partiyaning Surxondaryo va Toshkent viloyati deputatlaridan iborat 20 dan oshiq kishi poytaxtga yetib kelmagan, natijada qurultoy o’tkazilmagan. “Erk” partiyasi vakillariga ko’ra ularning qayerda ekani hozirgacha noma’lum, maxsus xizmatlar tomonidan hibsda ushlab turilgani taxmin qilinadi.

Bu O’zbekistonda muxolifat faoliyatini jonlantirishga bo’lgan navbatdagi urinish. Avvalroq xorijda joylashgan “Birdamlik” harakati ham O’zbekistonda rangli inqilob o’tkazish tajribasini muvaffaqiyatsiz sinab ko’rgan edi.

Navbatdagi urinish O’zbekistonda hokimiyat uchun kurash kuchaygan bir paytga to’g’ri kelayotgani bilan ahamiyatli. Hukumatdagi guruhlarda bu ziddiyat o’zbek muxolifatida ham imkoniyatlar paydo qilishi haqidagi taxminlar mavjud edi. Ammo so’nggi hodisalar hokimiyat kurashiga tortilgan siyosiy guruhlarda muxolifatga nisbatan ehtiyoj yo’qligi, amaldagi tazyiq va bosim siyosatida biror o’zgarish kuzatilmaganini ko’rsatadi.

“3-dekabr kuni (qurultoy o’tishi rejalangan kun) meni podyezdda ushlashdi, keyin kechki soat beshgacha ushlab o’tirishdi. Bo’lmagan narsalarda ayblashdi, ijarada yashaydigan kavartiramdan ko’chirishga majbur qilishdi. Hozir yuklarimni pastga olib tushayapman, endi kvartira topishim kerak, qayerdadir yashashim kerak-ku axir. Xullas, demokratik kayfiyatdagi odamlarga nisbatan shunaqa munosabat”, - deydi “Erk” partiyasi vakili Nuriddin Jumaniyozov.

Hokimiyat kurashi keskinlashgan muhitning o’zi ham mamlakat ichkarisida yangi bir kuchni yuzaga chiqarishi ehtimoldan soqit qilinmaydi.

“Nizolar kuchayib bormoqda, bu kurash endi to’xtamaydi. Aksincha, ochiqlashib boradi. Bu bo’hronni boshlanishi xolos, jamiyat o’zini o’zi yo’qotib, o’rniga xalqdan chiqqan yangi bir kuchni olib keladi. Shunga omil, sharoit yaratilmoqda. Albatta, norozilik kuchayadi, muxolifatning noroziligi ham individual shaklda kuchayadi. Muxolifat paydo bo’lishi ko’proq massaga bog’liq, massa uyg’onishi uchun esa matbuot, televideniye ishlashi kerak”, - deydi Nuriddin Jumaniyozov.

O’zbek muxolifatchilarining aksariyati xorijda, mamlakat ichkarisiga ta’sir etish imkoniyati cheklangan, ayniqsa mustaqil matbuot va axborot to’sib qo’yilgan bir vaziyatda. 2015-yilda kutilayotgan prezidentlik saylovlari arafasida esa hokimiyat uchun kurash ancha ziddiyatlashgan.

Mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan boshlangan bosimlar, unga tegishli mol-mulkning musodara qilinishi Gulnorani siyosiy vorislikdan chetlatish uchun amalga oshirilyapti, degan farazlar mavjud.

Gulnora Karimova hozirgacha ta’kidlab kelingan nomzodlardan biri edi xolos, uning chetlatilishi kurashni silliq kechishini bildirmaydi, aksincha ziddiyatlar bir qadar ochiqlik kasb etgandek.

Gulnoraning iddaolariga ko’ra, hokimiyatga intilayotgan asosiy kuchlardan biri bu Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov boshchiligidagi guruh. Vorislikka nomzodlar safida ko’rilayotgan Iqtisod vaziri Rustam Azimov ham Gulnoraning tvitterdagi nishonidan chetda emas.

Bu kurash soyasida o’zbek muxolifati ham o’z faoliyatini jonlantirishga harakat qilgan. Ammo bu urinishlar muvaffaqiyat qozongani yo’q. Hokimiyat kurashidagi ziddiyatlarning chuqurlashishi muxolifat faoliyati uchun bo’shliq yaratadi degan ehtiyotli umidlar ham yo’q emas.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG