Breaking News

Fulbraytning tilchi muallimlar uchun dasturi qatnashchilari, o’zbekistonliklar bilan suhbat


Bu murabbiylar Vashingtonda tanishuv anjumani doirasida Davlat departamenti ham bo’ldi. Vazira Xillari Klinton bilan uchrashishdi. “Sizning sharofatingiz bilan AQSh yoshlari yangi tillarni, xitoy, fors, arab, qozoq, qirg’iz, o’zbek va boshqa tillarni o’rg
Bu murabbiylar Vashingtonda tanishuv anjumani doirasida Davlat departamenti ham bo’ldi. Vazira Xillari Klinton bilan uchrashishdi. “Sizning sharofatingiz bilan AQSh yoshlari yangi tillarni, xitoy, fors, arab, qozoq, qirg’iz, o’zbek va boshqa tillarni o’rg

Muallimlik eng mushkul va mas’uliyatli kasblardan. Boshqa davlatga borib, chet tilida o’qitish-ku undanda ko’p mehnat, qunt talab qiladi.

Qo’shma Shtatlarda hozir chet ellik yuzlab muallim qiz-yigitlar mehmon – “Fulbrayt” dasturi qatnashchilari ular. O’zbekistonlik to’rt mutaxassis ham bor.

Vashington markazida, muhtasham mehmonxonadamiz.

Vashingtonda Fulbrayt muallimlarining tanishuv anjumanida
Vashingtonda Fulbrayt muallimlarining tanishuv anjumanida

G’ayratli, shodon bu yoshlar “Fulbrayt”ning tilchi muallimlar uchun atalgan dasturi (Fullbright Foreign Language Teaching Assistants Program) ishtirokchilari. 418 mutaxassis AQShning har xil shtatlari bo’ylab, turli universitetlarda til o’rgatadi.

Yaqinda poytaxtda bu murabbiylar bilan tanishuv anjumani o’tdi. Hamma bir-biriga gap bermay, o’z yurtidan, madaniyatidan, yutuqlaridan so’zladi.

Bir yoqda afg’on mutaxassislar, nariroqda turk muallimlar, hov burchakda boshqa elat, yurt vakillari… 49 davlatdan chertib-chertib tanlab olingan yigit-qizlar.

Mehmonlarning boshiga do’ppi qo’ndirayotgan, O’zbekistondan kelgan mutaxassislarni gapga solamiz. Shohida Esanova Texas Universitetida, Ostin shahrida o’zbek tilidan saboq bermoqda.

“Toshkentda uchinchi kursda o’qib yurgan paytimda Fulbraytning o’qituvchilar uchun atalgan dasturi haqida eshitib qoldim. Bir omadimni sinab ko’ray deb topshirib ko’rdim hujjatlarni. Yil davomida barcha bosqichlardan o’tib, nihoyat to’rtinchi kursning aprelida qabul qilinganimni bildim. Juda quvonib ketdim, chunki bu shunchaki o’qitish, ishlash tajribasi emas, balki o’z madaniyatim, tilimni tanishtirish imkoni edi”.

Shohida maktabdayoq, katta sinflardayoq muallimlik qila boshlagan. Keyinchalik til markazlarida ishlab, o’quvchilari soni ham oshgan.

Tojikistonlik muallimlar
Tojikistonlik muallimlar

“Mana shu tajriba tanlovdan o’tishimga yordam berdi”, - deydi u.

O’quvchilari to’rtta. “Bari o’zbek tiliga juda qiziqadi”.

Shohida Amerikada talabalar juda boshqacha ekan deydi.

“Ular darsda o’zini juda erkin his qiladi. Ko’pincha o’qituvchini do’stiday ko’radi. Bizda O’zbekistonda esa o’qituvchiga hurmat juda kuchli. Masalan, ruxsatsiz javob berish, turish yoki sinfdan chiqib ketish mumkinmas. Amerikada esa xohlasa gapiradi, xohlasa chiqib ketadi. Mana shu taraflari menga ham yoqdi, ham ba’zida noqulay ahholga solib qo’ydi”.

O’zbekistonlik bu muallim Amerikada dars berib har xil sharoitda, kutilmagan vaziyatda o’zini qanday tutishni o’rgandi.

O'zbekistonlik Baxtiyor Perdeshov Michigan Davlat Universitetida amerikalik talabalarga o'zbek tili va madaniyatidan saboq bermoqda
O'zbekistonlik Baxtiyor Perdeshov Michigan Davlat Universitetida amerikalik talabalarga o'zbek tili va madaniyatidan saboq bermoqda

“Masalan O’zbekistonda o’qituvchi darsga kirmoqchimi, qanday savollar bo’lishi, o’quvchilar o’zini qanday tutishi yoki nimaga tayyor turishni oldindan biladi. Amerikada esa umuman kutilmagan vaziyatlar, har xil odamlar bilan yuzlashishga tayyor turish kerak ekan”, - deydi Shohida.

Bu murabbiylar Vashingtonda tanishuv anjumani doirasida Davlat departamenti – Tashqi ishlar vazirligida ham bo’ldi. Vazira Xillari Klinton bilan uchrashishdi.

“Bu tajriba nafaqat sizning, balki xalqingiz kelajagi uchun ham as qotishi aniq”, - deydi Klinton xonim.

“Tashqi ishlar vaziri sifatida dunyoni kezar ekanman, prezidentlar yoki bosh vazirlar, biznes ahli bilan uchrashuv chog’ida biror arbob “Men Fulbrayt dasturida qatnashganman. Muallim, tadqiqotchi yoki studentlar uchun programmada ishtirok etganman” deb qoladi”, - deydi Klinton.

O'zbekistonlik Shohida Esanova har qanday vaziyatga tayyor turishni o'rgandim, deydi
O'zbekistonlik Shohida Esanova har qanday vaziyatga tayyor turishni o'rgandim, deydi

“Sizning sharofatingiz bilan AQSh yoshlari yangi tillarni, xitoy, fors, arab, qozoq, qirg’iz, o’zbek va boshqa tillarni o’rganmoqda. O’rtada faqat til bilish emas, do’stlik, qadrdonlik rishtalari bog’lanmoqda”, - dedi Xillari Klinton .

Amerikaning eng ko’zga ko’ringan siyosatchilaridan biri bo’lmish Xillari Klinton bilan yuzma-yuz ko’rishgan muallimlarning boshi osmonda.

Baxtiyor Perdeshov Chirchiq shahridagi litseyida to’rt yildan beri ingliz tilidan saboq beradi. “Fulbrayt” dasturida qatnashib, g’olib bo’lib hozir Michigan Davlat Universitetida muallimlik qilayapti.

“O’zbekiston Davlat Jahon Tillari Universitetini bitirgach, ona shahrimga qaytib, maktabimda ishladim. Keyin Tinchlik Korpusida faoliyat olib bordim. Oradan uch yil o’tib yangi ochilgan akademik litseyga ishga taklif qilishdi. Qo’shma Shtatlarga avval ham, 2008 yilda o’rta maktab muallimlari uchun atalgan dastur doirasida olti haftaga kelgan edim. Hozir esa Michigan shtati, Ist Lensing shahrida dars berayapman”, - deydi u.

“Talabalarim ikkita. O’zbek tilini bilish darajasi o’rtadan sal yuqori. Juda aqlli bolalar. Bilimini charhlab, kelajakda astoydil qo’llashga shay ular”.

Baxtiyor AQShga birinchi tashrifini eslar ekan, “meni xayron qoldirgan narsa hatto boshlang’ich sinflarda xorij tillarini mukammal o’rganishar ekan” deydi. “Deylik, arab, yapon, xitoy tili, shuningdek, o’zbek tilini ham”.


Chet tili muallimlari uchun atalgan dastur AQSh atoqli senatori Jeyms Vilyam Fulbrayt 1946 yilda asos slogan bir necha loyihalardan biri. Shundan beri 300 ming xorijlik mutaxassis Amerika universitet va kollejlarida bilim ulashib, malaka oshirgan.

Bir yillik programma doirasida muallim ingliz tilini ham charxlab, Qo’shma Shtatlar hayoti, madaniyati bilan ham tanishadi. Bu davlatda xorij tili muallimlariga talab shu qadar ko’pki, mutaxassis yetkazib ulgurmayapmiz, deydi rasmiylar.

Vashingtondagi yig’in tugab, yosh muallimlar yana universitet va kollejlarga qaytdi. Kelasi yil bahorgacha ish ko’p, talabchan studentlarga til o’rgatib ulgurish kerak. So’ngra esa bu mutaxassislar vatanga qaytadi.

Muomalali, ochiq, uddaburon, til o’rgataman deb yongan, sinovlarga dosh bera olaman desangiz Fulbraytning bu loyihasiga hujjat topshirishingiz mumkin; ishtirokchilar 21-29 yoshlar orasida bo’lishi lozim deyiladi dastur veb sahifasida.

XS
SM
MD
LG