Breaking News

Nemis matbuoti: O’zbekiston baza uchun ijarani ikki baravar oshirmoqchi


O’zbekiston va Germaniya harbiy tranzit masalasini qayta ko’rib chiqadi. Afg’oniston bo’yicha hamkorlik va Termiz bazasi taqdiri Prezident Islom Karimov darajasida muhokama qilinishi kutilmoqda.

Baza ijarasi Germaniyada ham, O’zbekistonda ham yopiq mavzu. Nemis nashrlari undan foydalanish uchun to’lanayotgan pul davlat byudjetiga emas, amaldorlar hamyoniga ketayotganini ehtimoldan soqit qilmaydi.

Germaniyadagi nufuzli “Der Spiegel” jurnali harbiy doiralardagi manbalariga tayanib yozadiki, O’zbekiston Termiz avibazasi uchun yillik ijara haqini 35 milliondan 75,5 million yevroga ko’tarmoqchi.

Nashrga ko’ra, yaqin kunlarda nemis delegatsiyasi Prezident Karimov bilan muzokara qilish uchun Toshkentga yo’l oladi.

Toshkent nima sababdan ijara to’lovini oshirayotgani noma’lum, ammo ayni paytda Termiz bazasiga ehtiyoj kuchayganini qayd etish mumkin.

“Nemis to’lqini” radiosining Toshkentdagi sobiq muxbiri, mustaqil jurnalist Yuriy Chernogayev izohicha, baza bilan bog’liq ma’lumotlar mutlaqo maxfiy. Ammo O’zbekiston ijarani oshirishni lozim topayotgan ekan, bu ko’proq Afg’onistondagi vaziyat bilan bog’liq deyish mumkin.

“Ijara haqi ko’tarilayotgani umumiy narx-navoning oshayotgani bilan bog’liq deyish qiyin. Gap shundaki, nemislar, ittifoqchilar, birinchi navbatda AQSh, Afg’oniston barqarorligi uchun kafolatni o’z zimmasiga olgan. Ular yana Afg’onistonda qolayotgan ekan, real yordamga muhtoj. Bunday yordam faqat O’zbekiston orqali bo’lishi mumkin, Turkmaniston yoki boshqa davlat emas. O’zbekistonda agar sizga shu kerak ekan, ko’proq to’lashingizga to’g’ri keladi deyishga asos bor”, - deydi Chernogayev.

Korrupsiya O’zbekistonda reallik, deydi jurnalist, Termiz aerodromidan foydalanar ekan, nemislar bunga o'zlari guvoh.

“Korrupsiya O’zbekistonda allaqachon hayotning ajralmas bir qismiga aylanib bo’lgan. Ayniqsa turli darajadagi amaldorlar uchun bu odatiy hol. Hukumat miqyosida qabul qilinayotgan har qanday qarorni chuqurroq kovlaydigan bo’lsangiz, qandaydir bir shaxs, amaldorning manfaatlari turganini ko’rasiz. Nemislar ijara haqini to’lashar ekan, bu pulning ma’lum bir qismi qaysidir amaldor cho’ntagiga o’tib ketgan bo’lishi mumkin”, - deydi Chernogayev.

Jurnalistning kuzatishicha, nemis harbiylari Termiz aeroporti infratuzilmasini o’zlari uchun yangilab, shahar rivojlanishiga ham hissa qo’shgan. Mahalliy xalq bundan xursand.

Huquq himoyachilariga ko’ra, Germaniya O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatga ko’z yumishi ham aviabaza bilan bog’liq.

Germaniya parlamentidagi muxolif partiyalar huquq masalasini ko’tarish, bazaga doir moliyaviy kelishuv haqida jamoatchilikka keng ma’lumot berish tashabbusi bilan chiqqan. Ammo Angela Merkel hukumati bu talablarni e’tiborsiz qoldirilgani kuzatiladi.

O’zbekiston Termiz aeroportini Afg’onistonga xalqaro qo’shinlar kiritilishi ortidan 2002-yilda ijaraga topshirgan. Yillik to’lov dastlab 240 ming yevroni tashkil etgan bo’lsa, 2016-yilga borib, yuqorida aytilganidek, 75,5 millionga ko’tarilishi mumkin.

O’zbekiston hukumati baza uchun Germaniyadan olinayotgan mablag’ qanday sarflanishi yuzasidan jamoatchilikka hisobot bermaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG