Shvetsiyada ikki o’zbekistonlik hibsda, asl jinoyatchi kim?


Shvetsiyada Obidxon qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasdda gumon qilinib ikki o’zbekistonlik hibsda. Ular Obidxon qorini otgan jinoyatchiga ko’maklashganlikda ayblanmoqda.

Politsiyaga ko’ra, suiqasdni amalga oshirgan asosiy jinoyatchi mamlakatni tark etgani ehtimoldan xoli emas. Shved matbuotining yoritishicha, O’zbekiston maxsus xizmati bu hujum ortida turgan bo’lishi mumkin.
18-may kuni Shavetsiyani Stroumshund shahrida yopiq tarzda o’tgan sud Obidxon Nazarovga uyushtirilgan suiqadda gumon qilinib, qo’lga olingan ikki o’zbekistonlikni hibsda qoldirishga qaror qilgan.

Politsiyaga ko’ra, biri ayol, biri erkak bo’lgan o’zbekistonliklar suiqasdni amalga oshirgan jinoyatchiga yqindan yordam berishgani haqida yetarli dalillar mavjud. Hibsdagilar Shvetsiyada anchadan buyon yashashganmi yoki shu yaqin davrda kelishganmi? Ularning kimligi haqida munozaralar kuchaygan.

Bu mamlakatda yashayotgan o’zbek jurnalisti To’lqin Qorayev deydiki:

“Ularni Shvetsiyada yashab kelayotgan o’zbekistonliklar deb aytishdi, ya’ni boshpana izlayotgan, Shvetsiyada doimiy yashash huquqini qo’lga kiritmagan yoki mehnat shartnomasi bilan kelgan o’zbekistonliklar bo’lishi mumkin. Bir ekak va ayol ekanligiga qaraganda, er-xotin bo’lishi ham mumkin. Ularni Malmoda ushlashgandanoq, bu yerdagi o’zbeklar, jumladan men ham, ularni Shevtsiyadan Daniyaga chiqib ketish harakatida bo’lgan degan gumonga bordik. Chunki Malmadan Daniyaga o’tish juda yaqin. Nazarimda, politsiya ularni anchadan buyon kuzatib yurgan, o’sha yerda ushlab bu yoqqa olib kelishdi va bugun ularni qamoqqa olish haqida sud qarori chiqdi. Hozircha ular ayblanuvchi, suddan keyingina jinoyatdagi ishtiroki qanchalik ekani aniq bo’ladi”. Obidxon Nazarovga uyushtirilgan suiqasd ortida O’zbekiston maxsus xizmatlari turgani haqidagi taxminlar avvaldan bildirilgan bo’lsa-da, suiqasdga Shvetsiyada yashab kelayotgan o’zbekistonliklar sherikligi ehtimoli mamlakatdagi o’zbek jamoatchiligini bir qadar xavotirga solgan.

Politsiya qotil allaqachon malakatdan chiqib ketganini taxmin qiladi. Shved matbuotidagi surishtiruvlarga ko’ra, jinoyatchi Boltiqbo’yi davlati fuqarosi bo’lishi mumkin.

Taniqli o’zbek imomi, O’zbekiston hukumatining keskin tanqidchilaridan bo’lgan Obidxon qori Nazarovga suiqasd shu yilning 22-fevralida yuz bergan edi. O’z uyi yo’lagida noma’lum kishi tomonidan otib ketilgan Obidxon qori hamon kasalxonada, og’ir ahvolda qolmoqda. U o’sha voqeadan buyon o’ziga kelmagan.

Qorining yaqinlari suiqasd ortida O’zbekiston maxsus xizmatlari turganiga ishonishadi.

“Qori akaga, u kishining oilasiga bo’lgan tazyiqlarning silsilasi aynan shunday xulosaga olib keladi. Bu tazyiqlar O’zbekiston hukumati tomonidan bo’ldi, bu yerda bo’lishlariga qaramasdan, davom etayotgan edi. Televideniyedagi ko’rsatuvlarda, yangi ochilgan diniy ishlarda u kishining nomlari zikr etib kelindi. Shu voqealarni hammasidan kelib chiqsak, albatta, qalbimiz taskin topadi – buni O’zbekiston hukumati qilgan. Biron odamni qo’lidan ushlab, uni tilidan bu ishni O’zbekiston hukumatini buyurtmasiga ko’ra qildik degan gapni eshitmayotgan bo’lsak ham, suqasdni O’zbekiston hukumati yo’llagan odamlar bu yerda qilib ketdi”, - deydi Obidxon qorining yaqinlaridan biri.

Obidxon Nazarov 2006-yilda Shvetsiyada siyosiy qochqin maqomini olgan. Toshkentdagi masjidda imomlik qilgan davrida huquq-tartibot organlari bosimiga uchrab, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lgan edi.

U O’zbekistonda qidiruvga berilgan, hukumat Obidxon qorini diniy ekstremistik guruh yetakchilaridan biri, Toshkentda sodir etilgan suiqasd va qotilliklarga rahnamolik qilganlikda ayblab keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG