Mustaqil O’zbekiston 19 yoshni qarshilamoqda: Bosib o’tilgan yo’lga nazar


O’zbekistonda mustaqillikning 19 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ketmoqda. Prezident farmoniga ko’ra, bayram munosabati bilan dam olish kunlari 30-31-avgust kunlariga ko’chirilgan.

Toshkent va viloyat markazlarida mustaqillik tantanasiga tayyorgarlik yakuniy pallada. Matbuotda 19 yil davomida amalga oshirilgani ta’kidlanayotgan yutuqlarni sharaflash kampaniyasi avjida.

Mustaqillik in'omlarini har yili dasturxon qilamiz

Tahlilchilarga ko’ra, mustaqillikning 19-yiliga o’tilayotganiga qaramasdan jamiyatdagi muammolar, ijtimoiy hayotdagi qiyinchiliklar, siyosatdagi diktatura hamon jamoatchilikdan yashirib kelinmoqda.

Faollarning ochiq jamiyat haqidagi orzulari orzuligicha qolgan. Mustaqillikka bog’langan siyosiy erkinlik haqidagi umidlar puchga chiqqan. Muxolifatning har qanday ko’rinishiga nisbatan tazyiqlar to’xtagani yo’q.

Mustaqillik yillarida O’zbekistonda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat haqidagi fikr-mulohazalar biri-biridan keskin farq qiladi. Hukumat, hukumat doirasidagi qarashlarga ko’ra, mustaqillikning har yili yangi zafarlar bilan kutib olinmoqda. Mamlakat prezident rahbarligida taraqqiyot sari ishonch bilan odimlamoqda.

"19 yil - bu katta fursat"

Muxolifat vakillari va mustaqil tahlilchilarga ko’ra esa ijtimoiy-siyosiy vaziyat tobora taraganlashib boryapti. Bu davr O’zbekistonda kuchli avtoritar davlatni shakllantirdi. Iqtisodiy nochorlik o’zbeklarni mintaqadagi eng arzon ishchi kuchiga aylantirdi.

“19 yil - bu katta fursat. Lekin hech qanaqa o’zgarishlar sezmayapmiz. Nima ishsizlar soni kamaydimi, yangi ish o’rinlari ko’paydimi, arzonchilik bo’layaptimi? Xalq uchun bir yaxshilik bo’layotgani sezmadim. Oylik ko’tariladi, bu yoqdan narxlar ham ko’tariladi. Boshidan ko’zbo’yamachilik edi, shu davom etib kelayapti. O’rta tabaqa shakllanmadi, faqat boylar va kambag’allar bor. Ular o’rtasidagi farq esa juda katta. Siyosatda ham bir o’zgarish bo’lmadi. 28 million aholi bor, uning uchun hech bo’lmaganda bitta kuchliroq muxolifat bo’lishi kerak edi. Muxolifat ham yo’q”, - deydi mahalliy faollardan Bahodir Namozov.

Qo'rqmang, yillik inflyatsiya kutilgan darajadan oshgani yo'q

Hukumat mustaqillik aholi uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani, turmush darajasi yildan-yilga farovonlashib borayotganini ta’kidlayotgan bo’lsa-da, oddiy aholi, ziyolilar, faollar va siyosatchilarning mustaqillikdan kutgan umidlari ro’yobga chiqayotgani haqida gapirish juda qiyin.

“Mustaqillik hozirgacha milliy bayramga aylanmadi, nazarimda. Odamlar haqiqatda mustaqilligini ichdan his qilmadi. Bizda diktatura yo’li tutilgandan keyin unga nisbatan qarshilik ham ichdan yashirin tarzda kecha boshladi. Men oxir-oqibatda bu qarshilik portlashga sabab bo’lishini ehtimoldan xoli qilmayman”, - deydi muxolifat vakillaridan biri Baxtiyor Isabek.

Respublikadagi “Ijtimoiy fikr” markazi har yili mustaqillik arafasida aholi bilan o’tkazilgan so’rov natijalarini e’lon qiladi. So’nggi so’rov ham avvalgilaridan kam farq qiladi.

"Ijtimoiy fikr"

Bu yilgi natijalar quyidagicha: So’rovda ishtirok etganlarning 90 foizdan oshig’i hukumat olib borayotgan iqtisodiy-siyosiy islohotlarni qo’llab-quvvatlaydi. Prezident Islom Karimovga ishonch mustahkam. Aholi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan mamnun, farovonlikni ta’minlash va xizmat ko’rsatish sohasidan qoniqadi.

“Qishda gaz yo’q, yozda keladi. Quvurlar o’tkazilgan, suv yo’q. Bu har doimgi holat. Men biror o’zgarishni his qilganim yo’q, odamlar esa ahvol yana yomonlashishi mumkin degan fikrda”, - deydi ijtimoiy vaziyat haqida fuqarolardan biri.

Mustaqil tahlilchilar “Ijtimoiy fikr” markazi e’lon qilgan so’rov natijalariga ishonmaydi.

“Markaz bu odamlarni qayerdan topgan, bu uning vijdoniga havola. Lekin bu narsa yolg’on. Hatto hukumatni o’zi ishonmaydi bu raqamlarga. Men aholini turli qatlamlari bilan gaplashib, uchrashib turaman. Aholini gazdan, suvdan, elektr energiyasidan qarzdorlik masalasi juda og’ir. Qarzdorlar soni yuz minglab odamlarni tashkil qiladi. Ular gaz, suv, chiroqqa bo’lgan baholarni ko’tarilganidan keskin norozi. Gazni uzib ketgan odamlarni qarg’ayotgan ayollarni ko’zim bilan ko’rganman. Ular narx-navo ko’tarilganidan qattiq norozi. Turmush darajalasi yanada tushib ketgan”, - deydi tahlilchi Jahongir Shosalimov.

Matbuot erkinligi gazetalar soni bilan o'lchanadi

Keng qarash shuki, 19 yil mobaynida O’zbekistonda ijtimoiy-siyosiy hayotdagi muammolarni tahlil qilishi mumkin bo’lgan erkin matbuot ham, ochiq fuqarolik jamiyati ham shakllanmadi.

“Shu paytgacha muxolifat uchun barcha qonun-qoidalariga rioya qilgan holda qurultoy o’tkazishni imkoni bo’lmadi. Uydagi, choyxonadagi uchrashuvlar o’tishi mumkin, lekin haqiqatda tashkillangan, uyushgan ravishdagi muxolif tashkilotlar mamlakatda yo’q. Endigina uyushdim, tashkillashdim deganda, hukumat dabdalasini chiqaradi yoki repressiya boshlaydi”, - deydi muxolifat faollaridan biri Otanazar Oripov.

Yurt mustaqilligi, milliy ozodlik qo’lga kiritilishi tarixiy voqea, deydi suhbatdoshlar. Zamon va tarix taqozosi bilan erishilgan bu erkinlik jamiyatning barcha qatlamlariga siyosiy-ijtimoiy hayotda ishtirok etish imkoniyatini berishi kerak edi.

Konstitutsiya bo'yicha ikki muddat belgilangan emasmi?

O’zbekistonda mustaqillikka erishilgan yillardan hozirgacha boshqaruv ham, qanday jamiyatda yashash ham faqat bitta siyosiy kuch ixtiyorida qolmoqda.

“Bitta odam dohiy bo’lgan taqdirda ham bir o’zi hech narsani hal qilolmaydi. To’rtta partiya bor, ularning birortasi ham muxolif emas. Jamiyat rivojlanishi kerak. Muxolifat bo’lmasa, u qanday rivojlanadi? Hamma bir tomonni ushlab, shu to’g’ri deb ketaversa, bu bilan ish bitmaydi-ku. Qo’poruvchilik, beqarorlik harakatlari boshlanishi ham muxolifat yo’qligidan. Qo’rqib o’tiraversak, bu fundamentalist, bu terrorchi ekan deb, o’tiraveramiz. Bu qo’rqishni yengish kerak, harakat qilish kerak”, - deydi faollardan biri Hayitboy Abdullayev.

Mustaqillikning 19 yilligi munosabati bilan matbuotda chiqayotgan maqolalarga ko’ra, demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish - ustuvor vazifa. O’zbekiston aholisi mamlakatda barqarorlik ta’minlanayotganini qadrlaydi, prezidentni barqarorlik kafolati deb biladi.

Tahlilchilar deydiki, O’zbekiston yopiq jamiyat bo’lib qolmoqda. Poraxo’rlik, korrupsiya darajasi juda yuqori. Jamiyatdagi ziddiyat va keskinliklar kuch bilan bostiriladi va boshqariladi.

“5-6 million ishsizlar armiyasi bor. Ularning ham hukumatdan xafsalasi pir bo’lgan, norozilar. Umuman, men vaziyat juda keskinligi haqida gapirgan bo’lardim. Eng xatarlisi esa odamlardagi norozilik kayfiyatining kuchayishi, bu faqat kuch orqali ushlab turilibdi. Albatta, jamiyatda tinchlik-xotirjamlik kerak, lekin poylab kutib turgan bilan hech narsa o’zgarmaydi”, - deydi tahlilchi Jahongir Shosalimov.

"Men bayramni ko’raman, o’taman deb qattiqroq aytsang, militsiya bemalol qamab qo’yishi mumkin”

Sharhlovchilar fikriga ko’ra, aholining mustaqillikka munosabati ham mavjud vaziyatga, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy ahvolga qarab shakllanadi.

“Bayram faqat hukumat vakillari uchun. Hukumatni o’zi bayramni umumxalq darajada o’tkazishdan manfaatdorga o’xshamaydi. Taklifnoma orqali qilib qo’yibdi, qanaqasiga bu mustaqillik bayrami bo’lsin. Bu xalqni bayramdan chetlatish. Men bayramni ko’raman, o’taman deb qattiqroq aytsang, militsiya bemalol qamab qo’yishi mumkin”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Mustaqillik - O’zbekistonda davlat miqyosidagi, umumxalq bayram - har yili 31 sentyabrda katta tantanalar bilan nishonlanadi.

Jamoatchilik orasidan bir guruh faollar turli darajadagi mukofot va unvonlar bilan taqdirlanadi. “O’zbekiston qahramoni” unvoniga loyiq ko’rilgan qahramonlar kimligi ham shu bayram arafasida e’lon qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG