Xorijdagi o'zbeklar orasida radikallashuv kuchaymoqdami?


Shvetsiya motamda

So'nggi paytlarda yuz bergan bir qator terror xurujlarida o'zbek millatiga mansub shaxslar yoki o'zbekistonliklar ayblandi. O`zbek jamoatchiligi xurujlarga nishon bo`layotgan mamlakatlar qayg`usiga sherik.

Shu barobarida o'zbekistonliklar orasida xavotirlar kuchayib bormoqda. Turli mamlakatlarda birin-ketin kuzatilgan qonli voqealarda o`zbeklar gumon qilinayotgani tasodif bilan oqlab bo`lmasligi, buning sabablarini chuqur o`rganish lozimligi aytilmoqda. Bu teraktlar o`zbek jamiyati uchun radikalizm tahdidi qanchalik kuchli ekanligi haqidagi qarashlar yuzasidan munozaralarni yanada kuchaytirgan.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Shvetsiya qiroliga hamdardlik yo`llagan. U bir necha kun oldin yana bir o`zbek, asli qirg'izistonlik Akbarjon Jalolov uyushtirgan deb ko`rilayotgan portlash ortidan ham Rossiya prezidentiga hamdardlik bildirgan edi. Avvalroq esa yana bir o`zbek Abduqodir Masharipov Istanbuldagi tungi klubga hujum qilib, dunyoni larzaga solgan edi. Afsuski, o`zbeklar ishtirokidagi teraktlar faqat shulardan iborat emas. So`nggi paytda bunday xurujlarning muntazamlik kasb etayotgani chuqur xavotir uyg`otmoqda.

Bugun o`ta radikal diniy qatlamga qo`shilayotgan o`zbeklarning ko`payayotgani jamoatchilik orasida keng bahslarga sabab bo'lmoqda. Turkiya, Rossiya va Shvetsiyadagi terror xurujlari ortidan jamoatchilik ham, ayrim huquq himoyachilari ham mamlakatda radikal islomchilar tahdidi bo`rttirilgan, diniy tazyiqlar asossiz degan qarashlar tahrirga muhtojligi haqida gapirishmoqda.

So`nggi xuruj sodir etilgan Shevtsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbekistonlik faollardan biri To`lqin Qorayevning aytishicha, vatanidagi diniy ta'qiblardan qochib, barcha erkinliklar bilan ta`minlangan G'arbga kelgan ayrim o'zbekistonliklarning radikallashayotgani haqiqatga yaqin.

“Shvetsiya shunisi bilan ajralib turadiki, deylik, o`zbekistonlik diniy qochqinlarning aksariyat qismini qabul qilgan. Qochqinlar orasida radikalizm shakillanishi uchun ham sharoit bor. Politsiya ularga mutlaqo qaralashmaydi, chunki mutlaq erkinlik. Xurujdan shvedlar shok holatda qolishdi, chunki ular qayerda bo`lsa ham, Shvetsiyada bo`lmaydi, degan qarashda edi. Afsuski, Mana bu ularning ham boshiga keldi. Achinarlisi, bunda o`zbek ayblanayapti. Bu nafaqt uning o`zi, butun jamoa uchun katta zarar. So`nggi teraktlar, aynan o`zbeklar tomonidan amalga oshirilayotgani o`zaro bog`liq deb hisoblayman. Chunki o`zbek jamoasi vakillari tomonidan ijro qilinmoqda, ammo tashkilotchilari boshqa, o`zbeklar shunchaki ularning qo`lidagi ijrochi bo`lib qolishmoqda. So'nggi paytda shunday fikrga keldimki, Islom Karimov rejimi qanchalik qattiqqo'l bo`lmasin, baribir shu kabi radikal islomchilarni ushlab turgan ekan. Agar Shvetsiyadagi erkinlik bizda bo`lganida hozirgacha O`zbekiston ag`dar-to`ntar qilinardi”, - deydi To`lqin Qorayev.

Shvetsiyada yashayotgan siyosiy muhojir, diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov xorijda terrorchiga aylanayotgan o`zbeklar diniy bosimlardan qochganlar emas, aksincha, turli yo`llar bilan xorijga kelgan mehnat muhojirlari ekaniga diqqat qaratadi.

“Ular hech kimga aralashmaydi, o`zbeklardan ham qochib yurishadi, hayratlanarlisi bu toifadagi o`zbek muhojirlari ham juda ko`p. Katta pul to`lash yo`li bilan ishlash uchun Shvetsiyaga kelib qolishgan. Shuning uchun ham bu kabi mehnat muhojirlarini aniqlash qiyin, mana kechagi bola ham shulardan, oilasi O`zbekistonda, pul jo`natib turgan ekan. Lekin nima sababdan bu ishga qo`l urdi, noaniq. Ya'ni, u Moskvada yurgan millionlab o`zbek muhojirlari kabi bir odam, siyosiy emas. Bu kabi toifadagilar biz kabi siyosiy qochqinligi borlar bilan munosabat qilishmaydi,ular orasida IGIL yoki O`zbekiston Islomiy Harakati tarafdorlari bo`lganlar ham ko`p", - deydi Abutov.

Rossiyadagi o`zbeklar huquqlarini himoyalab kelayotgan faollardan biri Bahrom Hamroyevga ko`ra, bugunga kelib o`zbek terrorchilari yetishib chiqayotganining sabablarini o`zbek jamiyatidan emas, shu jamiyatning ajarlmas qismi bo`lgan musulmonlar uzoq yillar tazyiqlar va qiynoqlar ostida yashab kelganidan izlash kerak.

“Bunday terrorchilar 25 yil davomida Karimov rejimi davrida shakllandi. Agar o`zbeklarning terrorchi ekanligi rost bo`ladigan bo`lsa, buni musulmonlar, o`zbek jamiyati emas, Karimov qatag`onlari tayyorladi. Qancha odamning otasi o`ldi Jasliqda, qiynoqlardan, qancha odam otib tashlandi Andijonda. Ichida alami qolganlar qilayotgandir buni, ular uchun kurashishning biror bir formasi, imkoniyati qoldirilmagan bo`lsa. Men terrorizmni qo`llab-quvvatlamayman, ularni quvvatlayotganlar Kreml, Oqsaroy. Ular terrorchilarni qulog`idan ushlab tortib chiqarayotganlar ”, - deydi Hamroyev.

Xorijdagi o`zbeklar chuqur xavotirda. Ayrim yurtdoshlar o`zbeklar nomining bu qadar bulg`anishidan sarosimada. Dunyo bo`ylab sodir etilayotgan terakt ijrochilari kimligini qo'rqinch bilan kuzatishga odatlanishmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

XS
SM
MD
LG