O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat


Xalq orasida jurnalistlarga ishonch va hurmat pasayib ketgan, deydi "Yoshlar" telekanali sobiq xodimi, jurnalist Malohat Eshonqulova "Amerika Ovozi" bilan telefon orqali muloqotda

Xalq orasida jurnalistlarga ishonch va hurmat pasayib ketgan, deydi "Yoshlar" telekanali sobiq xodimi, jurnalist Malohat Eshonqulova "Amerika Ovozi" bilan telefon orqali muloqotda

O’zbekiston televideniyesi, xususan “Yoshlar” telekanalida uzoq yillar ishlab, faol jurnalist sifatida nom qozongan Malohat Eshonqulova professional erkinlik va adolat talab qilib, tizimni korrupsiya, ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy o’g’rilik kabi illatlarda tanqid qilib, rahbariyatga qarshi bosh ko’targach, ishdan olindi.

Direktor Alisher Xo’jayev va “Yoshlar” rahbari Xayrulla Nuriddinovdan “dod” deb chiqqan Saodat Omonova ham shu kuyga tushdi.

“Amerika Ovozi” o’tgan yili ularning shikoyatlari yuzasidan “Davr” ijodiy jamoasi rahbari, bosh muharrir Sohibjon Alijonov va “Yoshlar” telekanali direktor o’rinbosari Zoir Qurbonov bilan gaplashganida, ular bu jurnalistlarning iddaolarini rad etib, erkin faoliyat uchun zarur sharoit yaratilgan deb javob bergan edi.

Hozir Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova fuqarolik sudidan ish joylariga tiklashni so’ramoqda. Ularning da’vosicha “Yoshlar” telekanali rahbariyati mehnat qonunlarini buzgan. Sud zaliga mustaqil kuzatuvchilar kiritilmayapti.

O’zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi-yu, jurnalistning o’zi o’zidan nima kutadi? Muxbir yoki xabarchiman degan odam o’zining jamiyatdagi rolini qanday tushunadi?

“Ikki eshik orasi” va “Munosabat” kabi ko’rsatuvlari bilan el og’ziga tushgan Malohat Eshonqulova shunday javob qiladi:

“O’zbekiston xalqi nima kutadi biz jurnalistlardan? Xolis, haqqoniy va tezkor axborot kutadi-da! Lekin biz shuni bera olayapmizmi? O’sha tinglovchi, tomoshabin va o’quvchilarning, fuqarolarning talabini qondira olayapmizmi? Jurnalistligingizga ham uyalib qolasiz-da ba’zan. Uyatli bo’lib qoldi. Masalan ko’chada yursangiz, “men televideniyeda ishlayman”, “men “Yoshlar” telekanalida ishlayman deb faxrlanib aytishga uyaladigan bo’lib qoldi-da odam. “Umuman ko’rmaymiz, nima berasizlar. Doim yolg’on-yashiqlardan iborat narsalarni berib, odamning me’dasiga tegasizlar. Rossiya kanallarini ko’rganimiz afzal. Qulog’ini burib yuboramiz televizorni”, - deb to’g’ridan-to’g’ri ta’na-dashnom beradi tomoshabinlar”.

O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat

O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat

Xalq orasida jurnalistlarga ishonch va hurmat pasayib ketganini, sizningcha, bu kasb egalarining o’zi tushunib yetadimi?

“Albatta, mana masalan “Yoshlar” telekanalidagi barcha jurnalistlar o’zlariga bo’lgan ishonch va hurmatni kundan-kunga pasayib borayotganini juda yaxshi tushunib turadi-da. Ular syomka yoki safar jarayonida dakkilarni eshitib, xafsalasi pir bo’lib kelgan paytlar bo’ladi. Ular axborotni xolis, haqqoniy va tezkor ravishda xalqqa yetkazishni istaydi. Lekin mana shu istakni amalga oshirish uchun ayni kunda, o’zim bilgan va ko’rgan mana shu O’zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi, xususan “Yoshlar” telekanalida, shunchalik senzuraga olishdiki, jurnalist o’zi istab, o’zi tanlab oddiy bir mavzuni ham efirga olib chiqish imkoniyatidan mahrum bo’ldi. Keyingi paytlarda ishlashning imkoni bo’lmay qoldi. Xuddi shu narsa sabr kosamizning to’lishiga olib keldi-da”.

Lekin O’zbekiston teleradiosi rahbarlari hamma narsa jurnalistning o’ziga bog’liqligini aytadi. Erkinlik bor, agar jurnalist biror murakkab masalani ko’tarib chiqmoqchi bo’lsa, marhamat, degan gaplarni eshitamiz.

Yana bir keng tarqalgan fikr shuki, O’zbekistonda o’tkir jurnalistlar kam, ya’ni muammoni har tomonlama yorita oladigan, professional saviyasi yuqori muxbirlar oz. Malohat Eshonqulova bu qarashlarni tamoman rad etadi. Rahbarlardan chiqadigan bu gaplar safsata, deydi u.

“Ular o’zlarining qattiqqo’llik bilan olib borayotgan siyosatlarini mana shu yolg’on-yashiq vajlar bilan xaspo’shtlashga harakat qiladi, mening nazarimda. Men komil ishonch bilan aytishim mumkin, O’zbekistonda xoh TV, xoh radio, xoh gazetada bo’lsin, Rossiyadagi jurnalistlar bilan, hatto xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar bilan bellasha oladigan, ulardan ustun keladigan, zarur bo’lsa jurnalist tekshiruvini ham qoyilmaqom qilib qo’yadigan o’nlab, yuzlab jurnalistlar topilishiga ishonaman. Erkin so’zni aytgan odam ta’qib, tazyiq va bosimga uchragandan keyin kim haqiqatni ayta oladi. Mana biz oddiy misol. Men hamkasblarimga achinib ketaman. O’zi faoliyat yuritayotgan tashkilotida sodir bo’layotgan minglab haqsizliklarga qarshi chiqolmagan, ularga qarshi gapira olmagan jurnalist qanday qilib boshqa bir sohadagi muammoni ko’tarib chiqishi mumkin? Biz mana shundan boshladik. Aynan o’zimiz ishlayotgan joydagi nuqson va muammolarni ko’tarib chiqishga haddimiz sig’di… Nimaga erishganimiz hamkasblarimizga oydek ravshan. Ishdan bo’shatilganimizdan keyin ham tazyiqlar davom etmoqda. Buning zamirida hozir o’sha telekanalda ishlayotgan hamkasblarimizni qo’rqitish, zimdan ularga ta’sir ko’rsatish yotadi. Ularning ham bizga o’xshab nohaqsizlarga qarshi bosh ko’tarishidan qo’rqqanidan ham “mana ko’rib qo’yinglar, bosh ko’targanlar, erkin so’z aytganlar, televideniyedagi kamchiliklar haqida dunyoga jar soladiganlarning ahvoli shu bo’ladi, taqdiri mana shunday ayanchli yakunlanadi deb hamkasblarimiz yuragiga qo’rqinch, vahima solmoqchi”.

O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat

O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat

Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova o’tgan bir yil ichida boshdan kechirgan voqealarni kuzatib turgan jurnalistlardan fikr so’rasangiz, ko’p hollarda afsus bilan javob berishadi.“Tinchgina ishlab yurishsa bo’lar edi, hamma chidab yuribdi-ku” deyishadi. “O’zbekistonda kamchilik qidirgan, rahbarlarni yomonlagan odam hech kimga yoqmaydi” degan javoblar ham olamiz. Nahotki, ular shuni tushunmadi deya hayron ham bo’lishadi.

“Nima bo’lishidan qat’iy nazar bu dunyoda hamma narsa o’z me’yorida bo’lishi kerak. Chegaradan o’tib ketmaslik kerak. Televideniyeda so’nggi 5-6 yil davomida ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy o’g’rilik, mahalliychilik, qonunbuzarliklar chegaradan o’tib ketdi. Vijdoni uyg’oq odam bunga chiday olmaydi”.

Jurnalistning aytishicha, u hamkasblari bilan gaplashganida yuqorida tilga olingan fikrlardan umuman boshqacha gaplar eshitadi.

“Qaniydi biz ham sizdek bo’lsak”,- deyishadi. “Qaniydi bizga ham shu jur’at bo’lsa… Qo’rqmasdan shularni ayta olsak. Siz garchi ishdan ketgan bo’lsangiz ham qaysidir ma’noda bizga foyda keltirdingiz. Qaysidir ma’noda vaziyat o’zgarishiga turtki berdingiz”.

Gap pulga borib taqaladi, deydi Malohat Eshonqulova.

“Bizda, bilasizmi, ikki oylab oylik maoshlarini ololmasdan 300-400 jurnalist kassaning oldida navbat kutib, to’polon qilib, kechalari 10 gacha kutib, maosh olgan holatlar bo’lgan. Hozir esa xursand bo’lib aytishadiki, oylik o’z vaqtida berilayapti”.

O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat

O'zbekistonda xalq jurnalistdan nima kutadi? Malohat Eshonqulova bilan suhbat

Malohat Eshonqulova va Saodat Omonovaning jurnalistik faoliyatini yuqori baholagan va ism-sharifi oshkor etilmasligini so’ragan hamkasblari ularning “bosh ko’tarishi” arzigulik bir o’zgarishga yetaklashiga ishonmaydi.

Sabr-toqat, ular nazarida, eng ma’qul yo’l. Hamma tirikchilik haqida o’ylaydi, gonorar uchun mehnat qiladi. Rahbar bilan o’chakishib, ishsiz, qalam haqisiz qolishni xohlashmaydi.

Malohat Eshonqulova deydiki, bugun O’zbekiston televideniyesi boshida turganlar, uni yuritayotganlar bu sohani bilmaydigan, uni qadrlamaydigan insonlar.

“2005 yildan keyin bu muhit shunchalik rasvo bo’ldiki, umuman jurnalist degan kasb, jurnalist degan shaxsni tahqirlovchi, o’ta shafqatsiz bir salbiy atmosfera, yomon muhit vujudga keldi. Buni bevosita rahbarlar bilan bog’lashga majbur bo’lasiz-da. Masalan Alisher Xodjayev (O’zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi rahbari) umuman TV odami emas”.

“Yoshlar” telekanali rahbariyati, Malohat Eshonqulova fikricha, o’zbek jurnalistikasini yemirsa yemiryaptiki, foyda keltirmayapti.

“Bugun Xayrulla Nuriddinov qo’li ostidagi jamiki jurnalistni o’zining iznidan yurishga majburlaydi. Ularning ham maddohlik ko’chasiga kirishini xohlaydi-da. Mana 5-6 yildan beri mana shu maqsadiga qaysidir ma’noda erishib ham bo’ldi. Endi “hamkasblarimiz tinchgina yursa bo’lar edi” degan hamkasblarimga aytmoqchimanki, baribir kimdir buni aytishi kerak edi. Xudoga, hammamiz musulmonmiz, alhamdulilloh, ishonamiz. Xudoning buyrug’i shunday bo’lganda. Bu vaziyatga kimlardir chidashi mumkin. Lekin men chidolmadim. Tishni tishga qo’yib chidashga harakat qildim, lekin ortig’iga bardosh bera olmadim. To’g’ri, men u qadar tahqirlanmaganman “Yoshlar” telekanalidagi faoliyatim davomida. Hamkasblarim ehtimol shunga ham ajablanayotgandir. Lekin atrofimdagi hamkasblarimning tahqirlanishini har kuni ko’rish azob… Qo’pol qilib aytganda, eshakdek ishlaydi deyishadi-ku. O’lib tirilib ishlasada, oyiga 160 ming maosh olsa. Direktorning qabulxonasida oynaga qarab sochini tarab o’tirgan kotiba 2 million so’mga yaqin maosh olganini ko’rganingizdan keyin yoki rahbar shundoq kelayotib kimdir ko’ziga yomon ko’rinib qolsa, “O, san kimsan, qayerdan kelgan qishloqisan? Nega salom bermaysan? Nega ikki bukilmaysan? Nega yo’l berib, chetga chiqmaysan” degan haqoratlarni men shaxsan eshitganman. Shunday holatlarni ko’rib turib, bilib turib, qanday chidash mumkin? Yo odam vijdonsiz bo’lishi kerak, yo ko’r bo’lishi kerak, yo kar bo’lishi kerak. Lekin bizda yurak bor ekan, ko’z va quloq bor ekan, tanamizda jon bor ekan, qanday chidash mumkin? Shunday iqtidorli qiz-yigitlarimiz bor, viloyatlardan kelgan. 20 yildan beri faoliyat ko’rsatadi. Jonbozlik berib ishlaydi, lekin peshonasiga oftob tegmaydi. Rahbariyatning atrofidagi odamlar esa ko’chadan olib kelinadi, qarabsizki, bitta bo’limda boshliq, yo bir amalda oshig’i olchi, ko’rsatuv qilsa qilmasa, otning kallasidek maosh olayotganini ko’rasiz. O’sha nohaqlikka chiday olmadim men”.

“Amerika Ovozi” “Yoshlar” telekanali direktori Xayrulla Nuriddinov bilan suhbatlashishni istaydi. Bu borada qilingan iltimoslar javobsiz qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG