“O’zbek o’z yurtida xarob bo’lgandan keyin, Qirg’izistonda nima bo’lsin”?


“Ezgulik” Inson Huquqlari Jamiyati rahbari Vasila Inoyatova fikricha O’zbekiston rahbariyati va bu xalq vakillari yaqin o’tmishdagi ko’rguliklardan to’g’ri saboq ola bilganida, balki bugun Qirg’izistondagi qirg’inga guvoh bo’lmagan bo’lardik.

Bu tarixiy, kechirib bo’lmas xatolar, deydi u. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Vasila Inoyatova bu gaplarini shunday asoslab berdi:

“20 yil oldin aynan shu O’sh voqealari bo’lgan. Analogik jihatdan ham bir xil. Ssenariylari ham bir xil. Vahshiylik ham bir xil. Zo’ravonlik ham bir xil. Hukumat rahbarlarining loqaydliklari ham bir xil. Harbiylar va militsiya xodimlarining qo’shilib ketgani ham bir xil. Biz 20 yil oldin muxolifat saflarida bo’lganimizda Moskvada, Kreml oldiga borib, palatkalar qurib, ochlik e’lon qilib, Kremldan talab qilganmizki, mana shu voqeaga siyosiy baho berilsin. Siyosiy baho berilsagina bu qaytarilmasligi mumkin deganmiz.

Lekin afsus mana shu narsaga erishilmadi. Afsus o’sha 1990-yillar boshidagi O’sh, O’zgan voqealari nazardan qolib ketdi. Mana bugun qo’liga qurol olganlar 20 yil oldin qo’liga qurol olgan qirg’izlarning bolalari. Bugun o’lganlar, bugun zo’rlanganlar o’sha paytda o’ldirilgan, zo’rlangan, kaltak yegan o’zbeklarning bolalari.

Ana hech kim kafolat bermaydiki, agar bugun ham mana shu narsa nazardan chetda qolib ketsa, ertaga yana qaytarilishi mumkin. Nazardan qoldirgan birinchi o’zbek lideri bo’ldi. Chunki bu voqealar 30 maydayoq boshlanayapti deya aytila boshlangan edi. Bundan har ikki tomon, qirg’iz va o’zbek rahbarlarining xabari bor edi. Hattoki boshlanib turgan paytda, 10-11 iyunda O’zbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti o’tayotgan edi.

O’sha paytda O’zbekiston prezidenti (Islom Karimov) bu Qirg’izistonning ichki ishi demasdan, kun tartibiga Qirg’iziston janubida bo’layotgan voqealarni qo’yish imkoniyati bor edi. O’sha damda butun dunyo e’tiborini mana shu voqealarga qaratish imkoniyati bor edi. Bunga haqqi bor edi.

Chegarani ochishga albatta majbur bo’ldi-da, shuncha odam kelib turgandan keyin. Keyinchalik, (qirg’indan keyin) butun dunyoga o’zini qahramon qilib ko’rsatish, bu o’zining aybli joyini yopish bilan barobar.

Uyat joyi shuki, agar Andijonda o’zbeklar otilmaganda, Namanganda o’zbeklar otilmaganda, Toshkentda studentlar shaharchasida o’zbeklar otilmaganida, minglab o’zbeklar bugun nohaq qamoqxonalarda o’tirmaganida, o’zbeklarni hech kim hech qayerda bu darajada kamsitmagan, bu darajada zo’rlamagan, bu darajada qirmagan bo’lardi. O’zbek o’z yurtida o’zi xarob, xor bo’lganidan keyin, Qirg’izistonda nima bo’lsin? Rossiyada nima bo’lsin? Qozog’istonda nima bo’lsin”?

Vasila Inoyatova, huquq faoli sifatida, xalqaro hamjamiyatdan e’tibor va yordam so’rashda davom etmoqda. Lekin uning Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar – inson qadriyatlari haqida tinimsiz bong uradigan yirik tuzumlardan xafsalasi pir bo’lgan. Shu qatorda Birlashgan Millatlar Tashkilotidan ham umidi qolmagan.

“O’zbekistonga mana shu Andijon voqealaridan keyin sanksiya e’lon qilib, unga 10 talab qo’yib, oradan to’rt yil o’tganidan keyin, birorta punkti bajarilmasdan yana bu sanksiyani, hatto kulguli bo’lsa ham, bekor qilishi va o’zlarini hech narsa bo’lmagandek tutishi, ularning shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqadi. Men buni boshqacha baholay olmayman.

Ular bunday harakati bilan birinchidan, o’zbek xalqini haqorat qilishdi… “Biz dialog qilmoqchimiz” deb. Men o’tgan yili Yevropa Ittifoqining 10-17 elchisi bilan gaplashib chiqqanimda, bildimki, Andijon voqeasi ular uchun kun tartibida emas. “Hozir biz O’zbekiston bilan yaqin bo’lishimiz kerak. Biz muloqot qilishimiz kerak” deyishdi. Lekin biror joyda (adolat va erkinlik haqida) biror talab qo’yilmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakolatxonasi esa maynavozchilik bilan shug’ullanadigan bir tashkilotga aylanib bo’lgan. U yerga hech kim yordam so’rab bormaydi ham. Hattoki mana shu tashkilot qo’mitalariga beriladigan hujjatlarimiz, 2000 yilda bergan hujjatlarimiz hali ko’rilmasdan yotibdi. Bu tomonlarning biriga neft kerak, biriga gaz kerak, biriga tilla kerak, biriga harbiy baza kerak…”.

"Ezgulik" rahbari AQSh elchisi Richard Norland bilan suhbatda (foto AQSh elchixonasi saytidan olindi)

"Ezgulik" rahbari AQSh elchisi Richard Norland bilan suhbatda (foto AQSh elchixonasi saytidan olindi)

“Ezgulik” rahbari Amerika elchixonasiga borib turadi, elchi Richard Norland bilan aloqada. Vashingtondan biror rasmiy O’zbekistonga borsa, ko’p hollarda huquq himoyachilari bilan uchrashib, ularni tinglaydi. Lekin Vasila Inoyatova nazarida buning o’zi yetarli emas. Ularning topib olgan gapi bir, deydi u.

Aytayapmiz, kuzatayapmiz”... Ko’zimiz ilhaq bo’lib turadiki, shularga aytgan narsamizni hukumatga aytdimikan deb. 10-15 yildan beri qamoqda nohaq o’tirgan huquq himoyachilarimiz, jurnalistlarimiz ezilib ketdi. Ularning oilalari ezilib ketdi. Qamoqda o’tirgan 10 mingdan oshiq dindorlar ezilib ketdi. Mana shu narsalarni aytarmikan deb ko’zimiz ilhaq bo’lib turadi, ular esa “aytayapmiz”, “kuzatayamiz”, “qarayapmiz” deyish bilan cheklanadi. Biror natija yo’q”.

Amerika rasmiylaridan bu kabi shikoyatlar haqida so’rasangiz, ular natija bor, deydi. Sanjar Umarov, “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasi yetakchisi, o’tgan yili qamoqdan ozod etilishida Vashingtonning roli muhim bo’lgani eslatiladi. Respublikada huquq ahvoli og’ir ekani haqida AQSh Davlat departamenti bir necha yillardan beri ogohlantirib keladi. Bet-bet hisobotlar yozilgan.

Yaqinda “Ezgulik” Amerika elchixonasi orqali grant ham olgan, erkinlik targ’iboti yo’lida.

Vasila Inoyatova bu borada nima deydi?

“Bank orqali o’tgan grantimizning 60 foizi hukumat idoralariga tarqatildi, ya’ni soliq tariqasida. Aslida grant haqidagi qonunda aytilganki, beriladigan grantdan soliq olinmasligi kerak. Lekin bank zo’ravonlik siyosatini yurgizib, 60 foizdan oshig’i hukumat idoralariga qoldi. Mablag’ni sakkiz oyda oldik. Hali soliqlarni to’lab yotibmiz. Hali kelasi 5 yil buning hisobotini beramiz, prokuraturaga, adliya vazirligi va soliq inspeksiyalariga”.

Vasila Inoyatovaning aytishicha uning tashkiloti doimiy tazyiq ostida. Idoraga o’g’ri tushgan, kompyuterlar olib chiqib ketilgan. Militsiyaga xabar berilgach tekshiruv boshlagan va hozirda aybni “Ezgulik”ning o’ziga qo’yishmoqda.

“Bir necha xodimlarimizni ichki ishlar bo’limlariga chaqirib, ularga bosim o’tkazib yotishibdi. Hozir tashkilotimiz ustida besh tumanda sud ketayapti. O’zimizning odamlarimizni o’zimizga qarshi qo’yishib, hisobotlarda militsiya tomonidan qiynoq qo’llanilgan deb yozgan materiallarimizga qarshi sudga berishgan. Bizni militsiyani haqorat qilganlikda ayblashayapti.

Davlatni ichidan yemirish uchun mana shu yo’nalishda faoliyat yuritishgan, 2008 yilgi dokladida hukumatni mana bunday qoralagan deb hozir bizdan 30 million jarima undirish uchun sud mahkamalari ketayapti. Qo’limizda faktlar turibdi, militsiyaning urgani, o’ldirgani haqida. Buni ochiq ayta olmasak, huquq tashkilotining nima keragi bor?

Mana shularni biz xalqaro hamjamiyatga ochiq aytayapmiz. Hattoki, biz yillik hisobotlarimiz uchun ataylab elchixonalarda, asosan AQSh, Britaniya yoki Germaniya elchixonalarida taqdimot marosimini uyushtiramizki, shular diplomatik korpus vakillarini chaqiradi va ular kelib eshitsin deb. 17-18 elchixonadan kelishadi, Amerika elchixonasidagi taqdimot marosimiga 25 elchixonadan kelishdi bir kun. Bizning dokladlarimizdan nusxa olib, o’zlarining dokladlarini tayyorlashadi. Lekin bu dokladlarning ham aks sadosi yo’q”.

G’arb diplomatlari deydiki, o’zgarishni jamiyat vakillarining o’zi istashi va buning uchun ularning o’zi harakat qilishi kerak. Demokratiya, oshkoralik, huquqni e’zozlash, bularni har bir xalqning o’zi o’rganishi lozim, deydi ular.

O’zbekistonda huquq himoyachilariga nisbatan tez-tez quloqqa chalinadigan tanqid shuki, ular butun xalq dardini aks ettirmaydi. Faollar esa “bu bizdan qutulish uchun amaldagilar tarqatadigan tuhmat” deydi.

Oddiy odamlar tirikchilik bilan ovora, namoyish qilishga vaqti ham, holi ham yo’q, deydi Vasila Inoyatova, jamoatchilik fikrini qanchalik bilishi haqida gapirar ekan.

“Har toifadagi odamlarning o’ziga yarasha norozilik qarashlari bor. Lekin qo’rquv juda kuchli. Chunki biror narsada tili chiqadigan bo’lsa, ertaga bir burda nonidan ayriladi, jonidan ayrilishi mumkin, uyidan ayrilishi mumkin… Avvalombor inson o’z elida, o’z yurtida aziz bo’lishi kerak. Uni aziz qiladigan uning tepasida turadigan rahbarlari bo’ladi. Rahbarki agar o’zinikini ursa, boshqalar nima qilsa qilaveradi”.

Vasila Inoyatova shu kunlarda Yevropada bo’lib, Bryusselda rasmiy doiralar va ommaviy axborot vositalariga so’zlab, Qirg’izistonda o’zbeklar himoyasiga diqqat qaratishni so’radi. Shuningdek, O’zbekistondagi ahvolni sharhlab berdi. Madad so’rashdan boshqa iloj yo’q, deydi u.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG