Qirg’iziston janubida “Darakchi” va “Tasvir” ning bozori chaqqon


Qirg’iziston janubida “Darakchi” va “Tasvir” ning bozori chaqqon

Qirg’iziston janubida “Darakchi” va “Tasvir” ning bozori chaqqon

Qirg’iziston janubida yashovchi o’zbeklar ona tilida radio va tele dasturlar kam ekanidan, o’zbek tilidagi gazeta-jurnallar ularga yetib bormayotganidan shikoyat qiladi.

Bu sharoitda O’zbekistonda chop etiladigan ko’ngilochar nashrlarga qiziqish kuchaygan.

Qirg’iziston janubida qo’shni O’zbekiston gazeta, jurnallarini uchratish mumkin - “Tasvir”, “Darakchi”, “Hordiq”, “Bekajon” kabilar.

Mahsulotni tadbirkorlar chegaradan norasmiy yo’llar bilan olib o’tishi aytiladi.

O’shlik qalamkash Ahmadjon Muhammadjonov aslida bu masalani hukumatlar birlashib hal qilishi kerak deb hisoblaydi.

“Lekin qilinmayapti. Bu ko’rinish biznesning qandaydir yo’nalishi, desak ham bo’ladi. Sababi chiqqan nashrni sotish kerak. U tovar. Qo’shni o’lkadagi o’sha nashrlarning egalari Qirg’izistonda bozor borligini bilib, bundan foydalanmoqda”, - deydi u.

Qirg’iziston rasmiylari O’zbekiston ommaviy axborot vositalari ta’siridan tashvish bildirib kelgan.

Ayni paytda mahalliy aholi siyosiy emas, madaniy ozuqa, ko’ngilochar maqolalar izlashini aytadi.

Lekin bu ehtiyoj qondirilmayapti, deydi tahlilchilar. Qolaversa, siyosatdan charchagan odamlar osuda, hayotiy, chuqur ma’noli adabiyotga intilayotgani ham sir emas.

“Insonda har doim ko’ngliga yoqadigan, ovuntiradigan narsalarga moyillik bo’ladi. Bu tabiiy. Hozir Qirg’izistonda siyosiy axborotni istagancha topish mumkin. Ma’naviy ozuqani esa aksincha. Xususan, o’zbek aholisiga atalgan matbuot hozir dolzarb masala", - deydi u.

"Kelayotgan ko’ngilochar nashrlarda judayam qiziqarli, ma’naviyat bilan bog’liq, siyosatga hech aloqasi bo’lmagan yangiliklar chop etiladi. Aynan shunga ehtiyoj bor. Aytaylik, oilaviy mojarolar haqida yoki qo’shnilar orasidagi munosabatlar to’g’risidagi maqolalar oddiy odamlarga qiziq”, - deydi Ahmadjon Muhammadjonov.

O’tgan yilgi iyun voqealaridan so’ng janubdagi o’zbekzabon ro’znoma va telakanallarning aksari yopilgan.

Odamlar yangiliklarni qirg’iz va rus tilidagi vositalardan olmoqda. Madaniy, adabiy, ko’ngilochar ma’lumotni, yuqorida aytilganidek, qo’shni o’lka matbuotida.

“Albatta, davlat tilini qo’llashimiz, rivojlantirishimiz kerak. Undan foydalanashimiz lozim. Ayni paytda oddiy aholining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ko’ngilochar nashrlarning paydo bo’lishi foydali bo’lar edi. Qirg’izistonda yashayotgan o’zbeklar Qirg’iziston fuqarolari. Ular ham o’lkamizning gullab-yashnashi uchun xizmat qilishadi. Bu maqsadlarga erishish uchun ularni har tomonlama kamol toptirish kerak. Nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki ma’naviy sharoitlar ham bo’lishi kerak”, - deydi qalamkash.

Ma’naviyat va axborot chegara bilmasligi kerak, deydi qator suhbatdoshlar. Ammo bu fikr hammaga ham yoqavermaydi.

XS
SM
MD
LG