O’zbek-qirg’iz chegarasidagi xandaqlar kontrabandaga to’siq emas


Paxta terimi mavsumi boshlanishi bilan O’zbekistonning qo’shni mamlakatlar, ayniqsa, Qirg’iziston bilan chegara nazorati kuchaytirilgan. So’nggi yillarda qo’llanilayotgan ushbu chora paxta hosilining noqonuniy yo’llar bilan chetga olib chiqilishiga yo’l qo’ymaslikni ko’zda tutadi.



Kuzatuvchilarga ko’ra, qat’iy choralarga qaramasdan ikki mamlakat
chegarasidan kontrabanda molini o’tkazish hollari hamon davom etmoqda.

O’sh shahri yaqinidagi qishloq orqali ko’pdan beri turli mollar chegaraning u yoki bu tarafiga pinhona o’tkaziladi. Bu amaliyot bilan o’nlab mahalliy aholi vakillari shug’ullanadi.

O’zbekiston tarafi chegarani ko’p joylarda tikanli simlar bilan o’ragan, xandaqlar qazigan, ammo odamlar bunday to’siqlardan ham o’tish choralarini topgan.

“Bu yerdagilar yuk o’tkazishadi, pasportlari bo’lmagan odamlarni o’tkazib qo’yadi. Bu hammasi ish yo’qligidan”.

“Karam, bodring, sabzi kabi poliz mahsulotlarini odamlar O’zbekistondan olib chiqishadi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

Aytish joiz, qo’shni O’zbekiston chegarani qo’riqlash maqsadida ko’rgan jiddiy choralar, aytaylik, o’qqa tutilish xavfi keyingi yillarda kontrabanda ko’lamini bir qadar ozaytirgan. Ammo so’nggi paytlarda bu yana kuchayayotgani ko’zga tashlanadi. Qirg’iz-o’zbek chegarasida aylanma yo’llar yana jonlangan.

“Bu yerda ko’proq o’zbekistonlik savdogarlarning yuklarini chegaradan olib o’tib berishadi. Mollar bir joyda to’planib, kech soatlarda u tomonga ketadi. Kunduzi bunday qilaman desangiz, chegarachilar katta pul so’rashadi. Ayrimlarning tirikchiligi shu”, - deydi chegara yaqinida yashovchi bir opa.

Bishkekdagi O’rta Osiyo erkin bozor instituti o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, Qirg’izistondan O’zbekistonga asosan Xitoy mollari o’tkaziladi, u tomondan meva-cheva, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari keltiriladi.

Mahalliy tahlilchilarning aytishicha, Janubiy Qirg’iziston qishloq xo’jaligining paxta-chigiti, mineral o’g’itlarga bo’lgan ehtiyojining ma’lum qismi ham aynan kontrabanda usuli bilan qondiriladi. Kuz oylarida odatda O’zbekistondan paxta xomashyosi olib o’tish harakatlari boshlanadi.

O’shlik iqtisodchi olim Alisher Yusupovning aytishicha, O’zbekistonning Farg’ona vodiysi viloyatlarida ko’p miqdorda meva-cheva, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladi. Bu mahsulotni o’z vaqtida sotish masalasi katta muammoga aylangan.
Dunyo tajribasiga yo’nalib, chegara o’rtasida bozorlar ochish kerak. O’sha bozorlardagi faoliyatdan ham davlat foyda ko’radi, ham aholiga yaxshi bo’ladi

“Shu bois ayrim savdogarlar u yerdan Qirg’izistonga poliz va boshqa mahsulotlarni noqonuniy yo’llar orqali olib keladi. Bu mollarga Qirg’izistonning janubiy viloyatlarida ehtiyoj katta. Ayni paytda, ayniqsa, O’sh viloyatida oziq-ovqatning narxlari juda baland. O’zbekistonga esa ko’pincha Xitoy mollari ketadi - kiyim-kechak, elektronika sanoati mahsulotlari. Aytaylik, mintaqada eng yirik Qora-Suv bozoriga ham ko’proq qo’shni o’lkadan xaridorlar keladi”, - deydi iqtisodchi olim.

Mahalliy tahlilchilarga ko’ra, kontrabanda amaliyotiga har ikki tomon chegara posbonlari ham aralashadi. Pora berish va olish odat tusiga kirgan. Ayni paytda ayrim o’zbek chegarachilari vaqti-vaqti bilan kontrabandachilarga qarshi qat’iy choralar ham qo’llaydi.

Mollarni musodara qilish, qo’lga olingan odamlarga yirik jarima solish, hatto qamoq jazosi berish hollari oz emas. Chegaradan noqonuniy ravishda mol olib o’tayotgan insonlarni o’qqa tutish hollari ham qayd qilinmoqda.

Mutaxassislar nazarida, chegara tartibini bir qadar yengillatish, boj to’lovlarini ozaytirish noqonuniy amaliyotni kamaytirgan bo’lar edi.

Iqtisodchi Alisher Yusupov fikricha, chegara bo’yida ikki o’lka tomonidan bozorlar tashkil etish maqsadga muvofiq. Bunday savdo maskanlariga har ikki mamlakat aholisi kelish imkoniyatiga ega bo’lsa, ma’lum darajada pastroq narxlarda mollar xarid qilgan bo’lardi.

“Kontrabanda amaliyotini yo’qotish juda qiyin. Dunyo tajribasiga yo’nalib, chegara o’rtasida bozorlar ochish kerak. O’sha bozorlardagi faoliyatdan ham davlat foyda ko’radi, ham aholiga yaxshi bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

Hozircha esa har qanday xavf-xatar pinhona mol olib o’tish bilan tirikchilik qilayotgan odamlarni to’xtata olmayotganday ko’rinadi.
XS
SM
MD
LG