O’zbekistondan haydalgan ekspert: Hukumat bilan baribir ishlash kerak


Paxta bo’yicha muammolarni ko’rib chiqish maqsadida O’zbekistonga borgan lekin qisqa muddat ichida mamlakatdan haydalgan mutaxassis Andrey Mrost fikricha, xalqaro tashkilotlar O’zbekiston bilan ishlashda davom etishi kerak.

O’zbekiston a’zo Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qiladigan Andrey Mrost deportatsiya qilinganidan taajjubda, buning sababi unga rasman tushuntirilmagan.

“Mamlakatda qonuniy ro’yxatga olingan tashkilot [“Ezgulik”] vakillari bilan tanishish, O’zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) konvensiyasini muhokama qilish jinoyat sifatida baholanishi men uchun kutilmagan holat bo’ldi. Bu mutlaqo ahmoqlik, absurd. Meni ushlagan huquq-tartibot xodimlari biror qo’pollik qilishgani yo’q, lekin ular nima sababdan meni deportatsiya qilishayotgani, qanday jinoyat sodir etganimni tushuntirib berishmadi”, - deydi u.

Andrey Mrost 19-mart kuni “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Toshkentdagi ofisida ushlangan, so’roq qilingan va Toshkentdan majburan chiqarib yuborilgan.

Mrost - majburiy mehnat bo’yicha xalqaro mutaxassis. Uning O’zbekistonga safaridan asosiy maqsad Jahon Banki moliyalashi kutilayotgan loyiha bo’yicha izlanib, bu proyektga mustaqil hamkorlarni jalb etish bo’lgan.

“O’zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o’rtasida o’tgan yil imzolangan kelishuvga ko’ra, XMT konvensiyasi monitoringini bu tashkilotning o’zi amalga oshiradi. XMT esa, ma'lumki, hukumat bilan, kasaba uyushmalari, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlaydi. Jahon Bankining XMT liniyasi bo’yicha amalga oshirayotgan loyihasiga hukumat vakillari, kasaba uyushmalar, shuningdek, ish beruvchilar uyushmasi jalb qilingan. Ammo bank bu mexanizmga mustaqil ekspertlarni jalb qilishni ham lozim ko’rdi. Biz aynan shu vazifa bilan shug’ullanmoqchi edik”, - deydi Mrost.

O’zbekiston XMT konvensiyasini qanday bajarayotganini monitoring qilishga mustaqil ekspertlar jalb qilinadimi, yo’qmi, noma’lum. Jahon Banki munosabat bildirmi?

“Jahon Bankining reaksiyasi menga noma’lum, ammo demokratik jamoatchilikning munosabati aniq. Xalqaro konvensiyani muhokama qilish O’zbekistonda jinoyat ekanligidan hamma hayratda. Qolaversa, O’zbekiston konvensiya haqida jamoatchilikka kengroq ma’lumot tarqatish majburiyatini ham o’z zimmasiga olgan. Bu tushunarsiz holat, avvaliga qandaydir provokatsiyaga o’xshab tuyuldi. Xullas, O’zbekiston davlat idoralari haqida negativ tasavvur shakllandi”, - deydi Mrost.

Jahon Banki o’z bayonotida qayd etishicha, Andrey Mrost bank xodimi emas va mehnat masalalari bo’yicha maslahatchi etib yollanmagan. Janob Mrost ishlaydigan kompaniya (“Just Solutions Network”) bilan hech qanday shartnomamiz yo’q, deyiladi bayonotda.

Suhbatdosh O’zbekistondagi vaziyat, tuzum bilan ham yaxshi tanish. Bundan avval mamlakatda bo’lgan, qishloq xo’jaligi, ekologik vaziyatga oid tadqiqotlarda ishtirok etgan.

Uning fikricha, xalqaro tashkilotlar baribir O’zbekiston bilan ishlashda davom etishi, bolalar mehnatidan voz kechilishi ortidan majburiy mehnatga ham chek qo’yilishi kerak.

“Albatta men bilan bog’liq vaziyat hukumatning bu boradagi maqsadlarini shubha ostiga qo’yadi. Chunki konvensiya ijrosi bo’yicha bayonotlar berish boshqa, bu masalada kelgan mutaxassisni ushlab mamlakatdan chiqarib yuborish boshqa. O’zbekiston kabi davlatlar bilan ishlashda davom etish kerak, chunki shundagina o’zgarish bo’ladi. Albatta, diktatura sharoitida o’zgarish qilish mumkin emasdek tuyuladi, ammo vaqt o’tishi bilan o’zgarish baribir bo’ladi”, - degan umidda Andrey Mrost.

O’zbekistonda maktab o’quvchilarining majburiy mehnatga tortilishi ancha payt xalqaro jamoatchilik noroziligiga sabab bo’lib keldi. Hukumat oxirgi yillarda paxta terimida bolalar mehnatidan voz kechgan, ammo kattalarni ommaviy tarzda terimga olib chiqadi.

O’zbekiston ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyasida majburiy mehnat taqiqlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG