Breaking News

Rossiyada muhojirlar o’limiga asosiy sabablar – kasallik, xo’rlik


Mehnat muhojirlarining o’limi bilan bog’liq holatlar so’nggi paytda kasallik, turli tahdidlar va ruhiy inqiroz hisobiga ham ko’paya boshlagan.

Rossiyada muhojirlar orasida o'lim hollari/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00
Yuklab oling

O’zbekistonda ham, Rossiyada ham eng huquqsiz qatlamga aylangan, biroq ko’pchilik o’zbek oilalari tirikchiligi uchun asos bo’lgan muhojirot muammosi yanada qaltislashgani ta’kidlanmoqda.

Xorazmdagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti mehnat muhojirlari o’limi yuzasidan monitoring o’tkazgan. Tashkilot 2013-yilda Rossiyadan Xorazm viloyatiga 16 kishining jasadi qaytganini aniqlagan. Mehnat muhojirlari o’limi sababi ko’proq turli kasalliklarda ko’rilsa-da, ayrim muhojirlar zo’ravonlik qurboni bo’lgani ehtimol qilinadi.

Huquq himoyachilariga ko’ra, bir tomondan, ishsizlik, boshqa tomondan, huquqsizlik o’zbekistonlik muhojirlarni chorasizlikka mahkum etmoqda.

Biroz avval Sankt-Peterburgda o’zbekistonlik muhojir o’zini beshinchi qavatdan tashlab halok bo’lgan edi. Bu suiqasdning deportatsiyasi masalasi ko’rilayotgan mahkama paytida sodir etilgani turli taxminlarga sabab bo’ldi. Rossiya matbuoti O’zbekiston fuqarosi deportatsiya tahdididan qo’rqib o’z joniga qasd qilganini yozdi.

Huquq himoyachilariga ko’ra, bu shaxs mehnat muhojirlari o’z joniga qasd qilayotgan yagona holat emas, buning sabablari esa ehtimoliy tahdidlar, bugun muhojirlar yuzlashayotgan chorasizlikka borib taqaladi.

“Bu holat yuzasidan, albatta, ehtiyot bo’lib gapirish kerak. Men hali surishtirib ko’raman, lekin ishonchim komilki, bu yerda tahdid borga o’xshayapti. Chunki odamlar kelib 2-3 yil O’zbekistonga bormasa ham uni qidiruvga berib yuborishmoqda. Muhojirga buni qo’shnisi yoki uyidagilar yetkazadi, seni surishtirishayapti deb. Bunaqalar juda ko’p, bu chorasizlik repressiv siyosatga nisbatan berilayotgan javobdek, chunki qamalsa, O’zbekistonga qaytarilishini yaxshi biladi. O’zbekistonga qaytmayman, deb o’z joniga qasd qilayotganlar ham ko’p. O’tgan yili o’lim bilan tugagan shunday hodisa ko’pchilikning yodida bo’lsa kerak. Namanganlik besh kishi aeroportda hibsga olingan edi. O’zbekiston maxsus xizmatlarining Rossiya hibsxonasida ko’rsatdan tazyiqdan so’ng ulardan biri o’z joniga qasd qildi. Xullas, bunday tahdidlarga uchragan muhojirlar qamoqxonada o’lgandan ko’ra o’zini o’ldirishni yoki jihod uchun Afg’onistonga ketish ma’qul deb o’ylaydi”, - deydi Moskvadagi huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

Huquq himoyachisiga ko’ra, O’zbekistondagi ishsizlik mashaqqati, ayrim muhojirlar uchun tazyiq va qiynoq ehtimoli tayinligi, Rossiyadagi xo’rlik va huquqsizlik mehnat muhojirlarini, ayniqsa, hayotiy tajribaga ega bo’lmagan yoshlarni inqiroz iskanjasiga ham tashlamoqda.

“Asosan yoshlar o’rtasida bunday holat ko’p. Ularning ko’p narsadan xabari yo’q, bu yerda o’zlari qiynalib yashashadi, qarzdor bo’lishadi yoki birovi yaxshiroq ish topsa, unga nisbatan jinoiy xayolda bo’lishadi. Xullas, bu hozir biz uchun eng jiddiy bo’lib turgan muammo”, - deydi Hamroyev.

Mehnat muhojirlari soni jihatidan o’zbekistonliklar Rossiyada ko’pchilikni tashkil etadi. Ular tomonidan O’zbekistonga yuborilayotgan yillik mablag’ besh milliard dollardan oshishi haqida hisob kitoblar mavjud. Biroq haqiqatda ular soni qancha ekani yuzasidan biror rasmiy hisobot mavjud emas. Norasmiy manbalarga ko’ra, Rossiyada besh million atrofidagi o’zbekistonlik mehnat muhojirlari bor. Bularning o’z oilasiga yuborayotgan mablag’i tirikchilik o’tkazishning asosiy vositasiga aylangan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG