O'shlik tilshunos: Davlat tili va ona tili – qushning ikki qanoti


Jalol-Obodda chiqadigan o'zbek tilidagi gazeta

Jalol-Obodda chiqadigan o'zbek tilidagi gazeta

Qirg’iziston janubida o’zbek tilida nashrdan chiqadigan “Jalol-Obod tongi” mahalliy atamalarni ifoda etishda qirg’iz imlosidan foydalana boshlagan. Tilga yangi harflar, ayrim hollarda o’zgacha talaffuz kiritilishi mutaxassislar doirasida munozaraga sabab bo’lmoqda.

«Amerika Ovozi» o’shlik tilshunos va qalamkash Ahmadjon Mahammadjonovni suhbatga chorlab, Qirg’izistonda o’zga tillar, xususan o’zbek tili sofligi va rivoji uchun nima qilish mumkin, deya savol berdi.

Ahmadjon Mahammadjonovning aytishicha, milliy til qoidalari va milliy imlo mezonlari tor doirada, ma’lum bir nashrdagina o’zgartiriladigan narsa emas.


Lingvist davlat tili komissiyasining Jalol-Obod viloyat bo’limi rahbari fikriga qo’shiladi, ya’ni bir tilga boshqa tilga xos harf yoki so’zlarning kiritilisi tilni buzib qo’yadi.

“Natijada kulgili, noxush jaranglovchi so’zlar paydo bo’ladi”, - deydi mutaxassis.

O’sh davlat universitetining o’zbek tili kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunov til sohasida bu kabi muammolarni hal etishda tojikistonlik o’zbeklar tajribasi diqqatga sazovorligini aytgan edi.

Bunday harakat bizda ham bo’lgan, deydi Ahmadjon Mahammadjonov.

“Masalan, bundan bir necha yil muqaddam o’shlik til muallimi marhum pedagog Saidahmat aka Holto’rayev rahbarligida qo’llanma ishlab chiqilib, Qirg’iziston atamalari, joylarining nomlarini yozish qoidalari tavsiya qilingan edi. Ammo qo’llanma mukammal bo’lmagani bois tortishuvlarga sabab bo’lgandi”, - deydi tilshunos.

“Qirg’izistonda o’zga tillar, xususan, o’zbek tili sofligini ta’minlash uchun nima qilish kerak, nima qilish mumkin deb o’ylaysiz” degan savolga Ahmadjon Mahammadjonov shunday javob beradi:

“Maktablarda til o’rganishga kattaroq e’tibor qaratish lozim. Milliy tillarning sofligini saqlab qolgan holda davlat tilini puxta o’zlashtirishga turtki berish kerak. Agar diyorimizda yashayotgan millatlar vakillari qirg’iz tilini mukammal egallasa, milliy tillar uchun biron muammoli masala bo’lmaydi. Chunki odamlar davlat tili va ayni paytda ona tili yoki boshqa tillar qoidalaridan yaxshiroq xabardor bo’lishadi”, - deya ta’kidlaydi suhbatdosh.

Ahmadjon Mahammadjonov tillar sofligi hamda rivojini ta’minlash, qo’llab-quvvatlashda qo’shni mamlakatlar mutaxassislari bilan hamkorlik tarafdori.

“Masalan, yaqinda Qirg’iziston Tojikistondagi qirg’iz maktablariga darsliklar bilan yordam berdi. Bu yaxshi narsa. Shuningdek, til sohasida metodik qo’lanmalar ham asqatadi. Aytaylik, O’zbekistonda 50 ta qirg’iz maktabi bor deyishadi. Bu maktablarda ona tili sofligini saqlab qolish ushun Q’zbekiston rahbariyati shart-sharoit yaratib berishi lozim. Ayni damda Qirg’iziston ham o’zidagi o’zbek maktablari uchun mas’ul, albatta”.

Ekspert fikricha, qo’shni mamlakatlar tilshunoslari bilan aloqalarni tiklash darkor. Nafaqat tilshunoslik, adabiyot va madaniyat, balki boshqa sohalarda ham tig’iz hamkorlik lozim.

“Bundan el ham, davlatlarimiz ham manfaatdor”, - deydi o’shlik qalamkash.
XS
SM
MD
LG