Afg'oniston: O'zbek tili va adabiyoti rivojlanmoqda lekin madad kerak


Qunduz, Afg'oniston

Qunduz, Afg'oniston

Afg’onistonda so’nggi 15 yil mobaynida o’zbek adabiyoti ancha rivojlandi. Bu jarayonda O’zbekiston ilm ahlining hissasi bor. Bir qancha asarlar arab alifbosiga o’girilib afg’on-o’zbeklarga yetkazib berildi. Ular uchun izohli lug’at yaratildi. Oliygohlar va o’rta ta’lim muassasalarida o’zbek tili va adabiyoti bo’limlari ochildi.

Juzjon universitetidan Najibullo Ismatiy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, O’zbekistondan kelayotgan adabiyot katta rol o’ynadi. Universitetlar va ayniqsa, muallim tayyorlovchi maskanlardagi darsliklar O’zbekistonda yozilgan asarlarga tayangan holda ishlab chiqiladi. Buning o’zi o’zbek tilini ilmiy ravishda o’rgatish va o’rganishda yordam beradi.

“Biz o’zbek tilini o’rganishda O’zbekistonda yaratilgan adabiyotga tayandik. O’zbekistondan kelayotgan adabiyot Afg’onistonda o’zbek tili rivojlanishiga, shu jarayonning tezlashishiga turtki bo’ldi. Chunki o’zbek tili Afg’onistondan yo’q darajasida, oila tili darjasida edi. Demokratiya davri deb nomlangan, Afg’onistonda g’arb yetakchiligida yangi hukumat vujudga keldi. Shundan keyin o’zbek adabiyoti ham ancha rivojlandi ”,- deydi Ismatiy.

Mutaxassis so’nggi 15 yilni o’zbeklar uchun “o’zlikni anglash davri” deb ataydi. Chunki o’zbeklarning tilga bo’lgan qiziqishi va intilishi sezilarni darajada o’sdi. Internetda, xususan ijtimoiy tarmoqlarda ham bunga guvoh bo’ldik. Odamlar ona tilida fikr bildirgisi keladi, deydi suhbatdosh.

Afg’onistonda o’zbek tili og’ir kunlarni boshdan kechirgan. O’zbek tilida ijod qilish va hatto o’zbek bo’lishning o’zi ham xavf sanalgan paytlar bo’ldi. Odamlar hayotini o’ylab o’zbekligini inkor etgan o’tmishda, deydi Najibullo Ismatiy.

“Afg’oniston bosh qonunida o’zbek tili uchinchi rasmiy til deb qabul qilindi. Shuning o’zi, o’zbek tilida yozish va o’qish muammo chiqarmasligi, endi hech kim o’zbeklarni haqorat qila olmaydi degan hisni o’yg’otdi. Shimoliy viloyatlarda muallim tarbiyalovchi o’rta ta’lim muassasalari hamda universitetlarda o’zbek tilida o’qish jarayoni boshlandi. Bu esa o’zbek tilini xalqqa qaytarib berishda ulkan rol o’ynadi”,- deydi Juzjon universitetidan Najibullo Ismatiy.

Afg’onistonda o’zbek adabiy tilini rivojlantirish kerak va bunda badiiy adabiyotga talab kuchli. Til, grammatika, tarix, jurnalistika sohalari uchun kitoblar chop etilishi zarur. O’zbekistonda chiqqankitobning Afg’oniston o’zbeklari tomonidan o’qilishi muammo, chunki alifbo boshqacha. Ikkinchi tomondan imloviy terminlar, baynalmilal so’zlar, jahon adabiyotidagi shaxslar va joylar nomi ruscha talaffuz bilan qabul qilingani ham Afg’onsitondagi o’zbeklar uchun qiyinchiliklar tug’diradi.

“O’zbekiston o’zbek tiliga rus tili ta’sir qilgan, Afg’onsiton o’zbek tiliga dari va pashtu tillari ta’sir qilib, ikki hududdagi tillar farqli bo’lishiga zamin yaratadi. Hamma joylardagi o’zbeklar tushuna oladigan adabiy til tashkil etilishi kerak, shunda O’zbekiston, Afg’oniston, Ukraina, Turkmaniston, Qozog’iston, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa joylardagi o’zbeklar ham tushunadi. Bu narsa o’zbeklarni birlashtirishga yordam beradi”,- deydi Najibullo Ismatiy.

Afg’onistonda o’zbek tili rivoji uchun o’zbekistonlik olimlarning asarlaridan bir nechtasi arab alifbosiga o’girilib, moslashtirilib, chop etilgan. Bu faqat odamlarning shaxsiy imkoniytiga cheklanib qolgan. O’zbek tilini rivojlantirish maqsadida madaniy tashkilotlar mavjud emas. Bo’lganida ham faoliyat juda sust.

“O’zbekistonlik olimlar, yozuvchilar, shoirlarning asarlarini lotin va kirill harfidan arab harfiga o’girib chop etishga tayyorlab qo’yganmiz, jumladan, Abdullo Qahhorning hikoyalar to’plami, “Yulduzli tunlar” romani, Chingiz Aytmatovning hikoyalari, Tog’aymurodning romani, Abdulhamid Cho’lponing she’rlari, Abdulrauf Fitratning she’rlari va boshqa bir necha asarlar nashrga tayyor, lekin chop qiladigan manba yo’q. Moliyaviy yordam beradigan kishilar yo’q”,- deydi Ismatiy.

Juzjon universitetidagi o’zbek tili bo’limi talabalari internet orqali o’zbekistonlik olimlarning asarlaridan foydalanadi. O’zbek adabiyotiga doir bebaho imliy manbalar bor, deydi ular.

“Afg’onsiton o’zbeklari uchun O’zbekiston kitoblari asosiy manba. Bizning o’lkamiz boshqa bo’lsa ham ma’naviy tomondan O’zbekistonga tayanamiz”,- Abdulmalik Erkin, talaba.

“Afg’onsitonda o’zbek yozuvchilari juda oz. O’zbekistonga borib o’qib kelgan ustozlarimiz bor. Biz ularning bilim xazinasidan foydalanamiz. Ular Nurullo Oltoy, Shafiqa Yorqin, Halim Yorqin, Olim Labib, Azizullo Orol, Toshqin Bahoiy va yana bir necha yozuvchilariniz, olimlarimiz, shoirlarimiz…”,- deydi Oysha degan o’zbek talaba.

XS
SM
MD
LG