Oʻzbek tili va imlosining bugungi ahvoli haqida nima deysiz?

  • Amerika Ovozi

Dunyoda kamida 30 million odam uchun oʻzbek tili asosiy aloqa vositasi

Dunyoda kamida 30 million odam uchun oʻzbek tili asosiy aloqa vositasi

Til, shubhasiz, madaniyat kaliti. Biror xalqni tushunish uchun uning tilini bilmoq zarur. Tilsiz madaniyat yoʻq, madaniyatsiz esa til. Har qanday jamiyatda asosiy aloqa vositasi tildir. San'at va urf-odatdan xulq-atvorgacha, insoniyat ongi va taqdirini uning tili aks ettiradi.

Bu falsafiy, shu bilan birga amaliy mulohazalarni bayon etayotganimizning oʻziga xos sabablari bor: Oʻzbekistonda oʻzbek tili davlat tili deb e'lon qilinganiga shu kunlarda 25 yil toʻladi. Respublika hali mustaqillikka erishmay turiboq koʻpchilik soʻzlashadigan tilni rasman tan olib, qonun orqali uni davlat tiliga aylantirgan.

Biroq, deydi koʻplab o'zbekistonliklar, aksariyat qonunlar faqat qogʻozda boʻlgani kabi bu hujjat bilan amalda koʻp narsa oʻzgarmadi. Yo oʻzgardimi?

Oradan chorak asr oʻtib ham hukumat ko'p hollarda rus tilida ishlaydi. Bu esa butun jamiyatda oʻziga xos aks sado beradi. Yo unday emasmi?

Oʻzbek tili lotin alifbosiga oʻtgan, bunga ham 20 yil bo'layapti. Lekin hamon kirill alifbosida yoziladi, xususan, hukumat darajasida va matbuotda. Jamiyat ikki imlo orasida sarson. Yo unday emasmi?

Ta'lim sifati tushib ketgan, shu tariqa til va adabiyotga e'tibor ham. Yo unday emasmi?

Zamon talablari ko'plab oʻzbeklarni yana bir muhim muammo bilan yuzlashtirmoqda. Millionlab oʻzbeklar vatandan uzoqda ekan, farzandlar oʻzbek tilini bilmay oʻsmoqda.

Oilada ona tilini saqlab qolishga qanchalik harakat qilinmasin, oʻzga jamiyatda bu boylikni asrash juda qiyin. Qizigʻi, hamma ham oʻzi va bolasi uchun sof oʻzbek tilida gapirish yo yozish u qadar muhim deb fikrlamaydi.

Siz qanday fikrdasiz?

Nyu-Yorkda asoslangan "Vatandosh" O'zbek-Amerika Federatsiyasi (Vatandosh Uzbek-American Federation) oktabrni oʻzbek tili oyligi deb e'lon qilib, axborot vositalari va keng jamoatchilikni bu masalaga jiddiy e'tibor qaratishga undamoqda.

Oʻzbek tili va imlosining bugungi kuni haqida tahliliy maqola yoki sharh yozmoqchi bo'lsangiz, marhamat, matnini bizga yuboring: uzbek-service@voanews.com (xoh kirill xoh lotinda).

Til bilan bogʻliq manzarani aks ettiruvchi foto va tasvirlar bo'lsa, ularni ham kutamiz. Tahririyatimiz koʻrib chiqib, ma'qul topsa, mana shu saytda chop etadi. Oʻz qarashlaringiz va mulohazalaringizni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda ham bildirasiz degan umiddamiz.

"Amerika Ovozi" AQSh poytaxtidan oʻzbek tilida tele, radio va internetda axborot uzatadi; xalqaro hayot, siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy masalalarni yoritadi. Saytimiz lotin alifbosida.

Biz nafaqat Oʻzbekistonda, balki qo'shni davlatlarda, xususan Qirgʻiziston, Tojikiston va Afg'onistonda ham oʻz muxlislarimizga egamiz.

Qayd etish joiz, "Amerika Ovozi" Markaziy Osiyoning boshqa biror tilida efirga chiqmaydi. Oʻzbek xizmatiga 1950-yillar oxirida asos solingan.

Oʻsha davrdayoq dunyo bir faktni yaxshi bilar edi: oʻzbek tili Markaziy Osiyo ahlining koʻpchiligi uchun ona tilidir va shu bois strategik vosita. Siz nima deb oʻylaysiz?

Fikrlaringizni kutamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG