Obamani o'ldirmoqchi bo'lganini tan olgan o'zbekistonlik 16 yilga qamaldi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston fuqarosi Obamani o'ldirmoqchi bo'lganini tan oldi

O'zbekiston fuqarosi Obamani o'ldirmoqchi bo'lganini tan oldi

Shu yilning fevral oyida O’zbekiston fuqarosi Ulug’bek Qodirov AQSh prezidenti Barak Obama hayotiga qasd qilmoqchi bo’lganini tan olgan edi.

Alabama shtati Birmingem federal sudi uni 15 yil va 8 oylik qamoq jazosiga mahkum etdi.


22 yoshli yigit 2011-yil iyul oyida hibsga olingan edi.

Uning sudga bildirishicha, Obama odamlar bilan uchrashayotgan damda uni otib o’ldirish ko’zlangan va bu reja ortida islomiy terroristik guruh turgan.

Qodirov qurolga egalik qilish va terrorchilarga moddiy yordam ko’rsatish singari ayblovlarni ham o’z bo’yniga olgan.

Bu bilan Qodirov o’zini umrbod qamoq jazosidan saqlab qoldi, degan edi uning advokati Lans Bell fevral oyida bu haqda so'ralganida.

Jazoni o’tab bo’lgach, u vataniga deportatsiya qilinadi.

Qodirov Alabama shtati Birmingem islomiy jamiyatining faol a’zosi bo’lgan.

Jamiyat prezidenti Ashfaq Tofiq voqeadan xabar topgach, “Men uning masjidga qatnashini bilardim, lekin uning na xulqi, na so’zlarida radikal qarashlar bor edi”, deya fikr bildirgan.

Ayblovlarga ko’ra, Qodirov o’zini Amir deb atagan bir shaxs bilan muloqot qilgan.

O’zbekiston Islomiy Harakati a’zosi bo’lganini ma’lum qilgan bu shaxs Qodirovga prezident Obama hayotiga qasd qilish kerakligini aytgan.

Prezident Obama Virjiniyada saylovchilar bilan uchrashmoqda, 4-may, 2012-yil

Prezident Obama Virjiniyada saylovchilar bilan uchrashmoqda, 4-may, 2012-yil

So’ngra Qodirov Birmingemda yashagan yana bir o’zbek bilan do’stlashib, u bilan masjidga qatnagan. Uning uyida birgalikda internet orqali jihod haqidagi videolarni tomosha qilgan.

2011-yilning iyul oyida u do’stidan miltiq sotib olishda yordam so’ragan. So’ngra 13-iyul kuni Birmingem yaqinida miltiq sotib olgan.

Prokuror Joys Vansning sudga bayon qilishicha, Qodirovning “reja tuzgani, boshqalarga o’z niyati haqida gapirgani va prezidentni o’ldirish uchun miltiq sotib olmoqchi bo’lganini” aniqlagan politsiya iyul oyida uni hibsga olgan.

Politsiya bergan ma’lumotlarga ko’ra, Qodirov AQShda qonuniy maqomga ega bo’lmagan.

Yigit 2009-yilning iyunida cheklangan muddatga talabalik vizasi bilan mamlakatga kirgan, lekin hech qayerda o’qimagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG