Shvetsiyada o’zbek muxolifati, muhojirlar namoyish qildi


Stokgolmda miting qilgan muxolifatchilar "xolis tergov o'tkazilsin, Obidxon Nazarovni o'ldirishni buyurganlar javobgarlikka tortilsin" deb Shvetsiya parlamentiga murojaat qilgan

Stokgolmda miting qilgan muxolifatchilar "xolis tergov o'tkazilsin, Obidxon Nazarovni o'ldirishni buyurganlar javobgarlikka tortilsin" deb Shvetsiya parlamentiga murojaat qilgan

Yevropaning bir necha davlati, jumladan, Shvetsiyada parlament binosi qarshisida o’zbek muxolifati va muhojirlari namoyish qilgan. Yuzlab odam taniqli imom, Obidxon qori Nazarov hayotiga qasd qilganlarni topishni talab qilmoqda.

Namoyishchilar nazarida bu O’zbekiston hukumatining ishi. Rasmiy Toshkentning keskin tanqidchisi deya tanilgan qori o’tgan hafta Shvetsiyaning Stromsund shahrida uyi yaqinida otib ketilgan edi. Shifoxonada og'ir ahvolda yotibdi.

Obidxon Nazarov 2006-yildan buyon Shvetsiyadan siyosiy boshpana olib yashab keladi.

Bugungi chiqishlarning asosiysi Stokgolmda o’tgan. Yig’inga juma namozidan so’ng qorining muxlislari va tarafdorlari kelib qo’shilgan.

“Qurbonlarning keyingisi kim?” - degan shiorlar ko’tarilgan. Ularning qo’lida 2007-yilda otib o’ldirilgan jurnalist Alisher Soipov, o’tgan yili Rossiyada otib ketilgan Fuad Shokiriy va Obidxon Nazarovning plakatlari”, - deydi namoyish ishtirokchilaridan biri, jurnalist Qudrat Bobojon.

Nazarovning shogirdi Ahadjon Azimov:

“Maqsadimiz Obidxon qori akamizning joniga suiqasd uyushtirgan shaxs va buning buyurtmachisini aniqlash, ularni jazoga tortish. Buning uchun tergov xalqaro miqyosda o’tishini, BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va AQSh ham jalb etilishini so’raymiz”, - deydi Azimov.

Uning aytishicha, shved parlamenti ko’pchilikning diqqatida bo’lgan markazlardan. Namoyish g’arbliklarni O’zbekistondagi vaziyatga e’tibor berishga undashni maqsad qiladi.

“Yevropa davlatlari O’zbekiston hukumati bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqishi zarur”, - deydi Azimov.

Ahadjon Azimov so’zlariga ko’ra, qotillikni rejalaganlar maqsadiga erisha olishmadi, og’ir yaralangan qori hayoti saqlab qolindi.

“Biz u kishining sog’ayib ketishi va yana safimizga qaytib faoliyatini tiklashi uchun duo qilib turibmiz”, - deydi u.

Faollar O’zbekiston maxsus xizmati tomonidan uyushtirilgani taxmin qilinayotgan barcha qotilliklar yuzasidan surishtiruv o’tkazishni talab qilgan. Jumladan, 2007-yilda O’shda no’malum kishilar qo’lidan o’lgan, “Amerika ovozi” muxbiri Alisher Soipov ishi yuzasidan ham.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG