Oliy Majlis vakillari AQShda, demokratik taraqqiyot - asosiy mavzu


Oliy Majlis a'zolari Vashingtonda ilm-fan va siyosat ahli oldida gapirdi, 26-aprel 2012

Oliy Majlis a'zolari Vashingtonda ilm-fan va siyosat ahli oldida gapirdi, 26-aprel 2012

O’zbekiston Oliy Majlisining to’qqiz a'zosi kecha Vashingtonda Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasida Amerika siyosiy doiralari vakillari, jurnalistlar va mutaxassislar bilan davra suhbatida bo’ldi. Maqsad, deydi delegatsiya rahbari senator Sodiq Safoyev, O’zbekiston qonunchiligi va parlament faoliyatida ro’y berayotgan o’zgarishlar haqida gapirib berish, fikr almashish va AQSh demokratik tajribasidan o’rganish. Bu tashrif Kongress qoshidagi Ochiq dunyo yetakchilik dasturi va AQSh Demokratiya Instituti hamkorligida uyushtirilgan.



Oliy Majlis bugun qanday kuch va ta’sirga ega? Senat va qonunchilik palatasi jamiyatda qanday rol o’ynamoqda? Demokratik taraqqiyot qay darajada? Davlatning turli bo’g’inlari orasida muvozanat ta’minlanganmi? Qonun ustuvorligi, inson haq-huquqlari hurmat qilinishi, tuzum oshkora ishlashi, ommaviy axborot vositalari erkin faoliyat yuritib, respublika taraqqiyoti yo’lida xizmat qilishi uchun sharoit mavjudmi? Oliy Majlis a’zolari Vashingtonda mana shunday savollarga tutildi.

Umumiy javob shuki, respublika erkin, demokratik va dunyoviy jamiyatga aylanishi uchun zarur bo’lgan qonunlar qabul qilingan va qilinishda davom etmoqda. Qonunlar amaliyotini ta’minlash esa har doim ham oson emas, deya tan oladi O’zbekiston senator va deputatlari.

1996-2001 yillarda AQShda elchilik qilgan, undan keyin tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan, hozir Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasini boshqarayotgan Sodiq Safoyev deydiki, parlament va demokratik institutlari mustahkam davlat farovon jamiyat bo’ladi. O’zbekiston rahbariyati va jamoatchiligi buni tushunadi, deydi u, Vashington siyosat ahliga prezident Islom Karimov 2010-yilda e’lon qilgan demokratik dasturni tushuntirib berar ekan.

Oliy Majlis vakillari, Vashington, 26-aprel 2012

Oliy Majlis vakillari, Vashington, 26-aprel 2012

Qonunlar qanday amalga oshirilayotganini kuzatish vazifasi yuklangan davlat instituti rahbari Farrux Muxamedovning aytishicha, konstitutsion islohotlarning yaqqol samarasi bu davlatning uch organi orasida kuchlar muvozanatini ta’minlash, siyosiy mas’uliyatni oshirish va partiyalar taraqqiy etishi va jamiyatda muhimroq rol o’ynashi uchun qonuniy sharoit yaratilganidir. Yana bir katta qadam, deydi u, bosh vazir va ijroiya organi ishini qattiqroq nazorat ostiga olib, qonunlar ijrosi yuzasidan ularni javobgarlikka tutish.

Svetlana Ortiqova, Senatda Adliya va qonunchilik bo’yicha qo’mita raisasi, deydiki, O’zbekistonda inson huquqlari ta’minoti, ichki ishlar va prokuratura faoliyatini yaxshilash yo’lida katta qadamlar tashlanmoqda.

O’zbekistonda inson huquqlari ayanchli ahvolda, fuqarolarni siyosiy va diniy sabablar bilan qamash keng tarqalgan va qiynoqlar muntazam qo’llanadi deya bong urib kelayotgan xalqaro tashkilotlardan biri Human Rights Watch vakili Valeri Kirkpatrik senator va deputatlarni bu borada savolga tutganida, Svetlana Ortiqova respublikada siyosiy yoki diniy mahbus degan tushuncha yo’q deb javob berdi.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasi, Vashington, 26-aprel 2012

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasi, Vashington, 26-aprel 2012

Tuzum oshkora ishlashi uchun qonuniy sharoit yaratilgan. Sudda jinoyatchi deb topilgan odam adolat oldida javob beradi, deydi u.

“Har bir davlat o’z fuqarolarini har qanday xavfdan himoya qilish vazifasini o’z bo’yniga oladi, tahdid tashqi yoki ichki bo’lishidan qat’iy nazar. Oliy majlis qabul qilgan kodeksda jinoyat va huquqbuzarlik nima ekani aniq ta’riflab berilgan. O’zbekiston jinoyat kodeksida diniy yoki siyosiy jinoyat degan narsa yo’q… Aniq ayblar qo’yilib, jinoyatchi deb topilib, qamoq jazosiga mahkum etilgan insonlar mahbuslar va ular turmalarda o’tiradi... 2001-yilda prezident Islom Karimov fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tutish tizimini isloh qilish borasida farmon bergan. Og’ir turdagi jinoyatlarni yengil kategoriyaga o’tkazish jarayoni boshlangan. Qamoq jazosiga muqobil jazo turlari ustida bosh qotirayapmiz”.

Masalan iqtisodiy jinoyatlar sodir etgan odam ko’rilgan zararni qoplab bersa, unga yengilroq jazo beriladi, deydi Svetlana Ortiqova.

Qiynoqlar masalasiga kelsak, deydi senator, bu muammo mavjud bo’lmagan jamiyat yo’q. BMT bekorga Qiynoqlarga qarshi konvensiya qabul qilmagan, chunki bu umumbashariy masala, deydi u.

O'zbekiston sudlarida

O'zbekiston sudlarida

O’zbekiston bu konvensiyani ratifikatsiya qilgan va qonun qiynoqlar izchil tekshirilib, adolat ta’minlanishini talab qiladi, deydi Svetlana Ortiqova.

"Huquq-tartibot organlari xodimlarining malakasi oshirilmoqda, qiynoqlarga qarshi milliy dastur ishlab chiqilgan, fuqarolarning huquqiy ongi va bilimini oshirish uchun choralar ko’riladi. Fuqaro o’z huquqlarini va qonunni yaxshi bilishi kerak. Sud, prokuratura, militsiya… Ular fuqaro uchun xizmat qiladi. Fuqaro huquqi buzilsa, qayerga borishni bilishi kerak”, - deydi senator.

Oliy Majlis vakillari Vashingtonda nafaqat Kongress a’zolari bilan fikr almashdi, balki AQSh Xavfsizlik Kengashi va Davlat departamentida ham bo’lib, ikki davlat orasidagi bugungi hamkorlik yuzasidan ham muloqot qilgan. Senator Safoyevning qayd etishicha, aloqalar o’zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda rivojlanaveradi. Amerika arboblari nazarida tomonlar bir-birini yaxshiroq tushunishi uchun bunday safar va fikr almashinuvlarning ahamiyati katta.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG