O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov olamdan o'tdi

  • Amerika Ovozi

O'zbek shoiri Abdulla Oripov 75 yoshida olamdan o'tdi. Shoir Texas shtatida qizining oldida bo'lgan. Buyrak kasalligi sabab jon bergani aytiladi. Ayni damda uning jasadini vatanga olib borish harakat ketmoqda. "Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi bu jarayonda yordamlashmoqda.

Abdulla Oripov 1941-yilda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida dehqon oilasida tug'ilgan.

1963-yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini bitirgan.

Professional faoliyati davomida turli nashriyotlarda muharrir, Yozuvchilar uyushmasida kotib, Butunittifoq Mualliflik huquqini himoya qilish idorasining O‘zbekistondagi rahbari vazifalarida ishlagan.

Mustaqillik yillarida prezident devomida va boshqa yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Davlat madhiyasining muallifi.

Abdulla Oripovning birinchi she’rlar to‘plami — "Mitti yulduz" kitobi 1965-yilda chop etilgan. "Ko‘zlarim yo‘lingda" (1967), "Onajon" (1969), "Ruhim" (1971), "O‘zbekiston", "Qasida" (1972), "Xotirot" (1974), "Yurtim shamoli" (1974), "Hayrat" (1979), "Hakim va ajal" (1980), "Najot qal’asi" (1981), "Yillar armoni" (1983) she’riy to‘plamlari ham chiqqan.

Abdulla Oripov Dantening "lohiy komediya" asarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Rus va boshqa tillardagi adabiyotlarni ham tarjima qilgan. Uning asarlari xorijiy tillarda ham o'z muxlislarini topgan.

Shoirdan uning bebaho, o'lmas ijodi qoldi.

O'zbekiston, vatanim manim

Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,

Qiyosingni topmadim aslo.

Shoirlar bor, o‘z yurtin butun —

Olam aro atagan tanho.

Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,

Qanotida kumush diyori,

Bir o‘lka bor dunyoda, biroq

Bitilmagan dostondir bori:

Faqat ojiz qalamim manim,

O‘zbekiston, Vatanim manim.

Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O‘tirmasman ertaklar so‘zlab,
Musallo deb yo‘nmasman qalam.
Ko‘klamingdan olib sururni,
Dovrug’ soldi ustoz Olimjon,
G‘afur G‘ulom tuygan g‘ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.
Maqtamasman moziyni, biroq
O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U, Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Yerda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Ko‘z oldimdan kechar asrlar,
Ko‘z—ko‘z etib nuqs—u chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar.
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh — yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so‘zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk.
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin
O‘zi yemay o‘g’liga tutgan.
Sen o‘zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim, jon—tanim manim:
O‘zbekiston. Vatanim manim.

Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi Zardushti.
Har uchragan nokas—u nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz g‘azabga to‘lib
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo‘lib
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo‘lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo‘ldi qora tunlaring.
Qonga to‘lgan kafanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Lekin oftob poymol o‘lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam — Haq bor, beg‘araz,
Mazlumlarning buyuk g‘amxo‘ri.

Qilich serpab tole tongida
O‘zligingni tanib qolding sen.
O‘g’lonlarning qatra qonida
O‘zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug’ gulshanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Tinch turarmi bu ko‘hna olam,
Tinch turarmi dog‘uli zamon?
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dansigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog‘da.
Lekin, yurtim, kezolmas g‘anim.
O‘zbekiston atalgan bog‘da.
Sensan nomus va sha’nim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
— Tashqarida izillar yomg‘ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: — Paxtam, qoldi—ku axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg‘onada balki balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho‘pon bo‘lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to‘lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo‘lib,
Sahrolarda ochajaksan kon.
Tuprog‘i zar, ma’danim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo‘ysang ham qadam,
O‘zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o‘lkam.
Bir o‘g’lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko‘roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho‘x—shanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘st—u yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug’ bashar oilasida
Mangu yorug’ peshonang sening.
Mangu yorug’ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG