Vatandagi manzara: Adabiy saytlar talabga javob bermaydi; Muqimiyning yangi she'rlari topildi

  • Gazetxon Do'st

Muqimiy, 1850-1903

Muqimiy, 1850-1903

“Xalq so’zi” 21 aprel kuni O’zbekiston prezidenti Islom Karimov imzo qo’ygan ayrim qonun hujjatlarga o’zgarish va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi qonunni e’lon qildi. Gap bu yerda asosan fuqarolik sudlari faoliyati xususida ketmoqda.

O’zgarishlardan biriga ko’ra, sud majlisida tartibni buzgan yoki sudga nisbatan hurmatsizlik ko’rsatgan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shuningdek, xo’jalik sudlarida Huquqiy ta’sir choralarini ko’rib chiqish va Ta’sir choralarini qo’llash tartiblari belgilangan.

Qonunda belgilanishicha, xo’jalik sudlari ta’sir choralari sifatida faoliyatni tugatish, cheklash, to’xtatib turish, taqiqlash yoki qayta ixtisoslashtirish kabi choralarni qo’llashi mumkin.

Shuningdek, Xo’jalik sudi huquqiy ta’sir choralarini qo’llash to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqishda, bank hisob raqami bo’yicha operatsiyalarni to’xtatib turish, tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan ruxsatnomalarni vaqtincha to’xtatib turish yoki bekor qilish va shu kabi boshqa choralarni ham qo’llashi mumkinligi belgilanadi.

“Jamiyat” gazetasi internetda o’zbek adabiyoti haqida chiqayotgan materiallarga e’tibor qaratib, o’z ijodini global tarmoqda tanishtirayotgani shoir va yozuvchilar haqida yozadi. Ularning soni juda kam ekani tilga olinadi. Qolaversa, deyiladi maqolada, bu saytlar tez-tez yangilanmaydi.

O’zbek xalq shoiri Abdulla Oripovning www.aoripov.uz, atoqli yozuvchi Tohir Malikning www.tohirmalik.uz, shoir Anvar Obidjonning www.anvarobidjon.uz, adib Ulug’bek Hamdamning www.ulugbekhamdam.uz, shuningdek jurnalist va yozuvchi Nusrat Rahmatning www.nusratrahmat.ru blogi qoniqarli saytlar sifatida qayd etiladi.

O’zbek adabiyoti haqida umumiy ma’lumotlar beruvchi saytlar faoliyati talab darajasida emas. Bu borada asosiy internet manbalaridan biri O’zbekiston Milliy Universiteti va Yozuvchilar Uyushmasi sayti www.literature.uz o’z faoliyatini to’xtatgan. O’zbek ijodkorlari asarlarini ingliz tilida taqdim etuvchi sayt esa mamlakatda faqat bitta – www.navoigarden.com.

“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bu haftadagi sonida Muqimiyning yangi she’rlari topilgani haqida xabar beradi. Manbaga ko’ra, Muqimiyning hozirgacha hech qayerda e’lon qilinmagan yangi uchta she’ri Sharqshunoslik Institutida saqlanayotgan qo’lyozmalarni o’rganish jarayonida topilgan. Muqimiyning bir g’azal va ikki muxammasdan iborat bu to’plami gazetada havola qilingan.

XS
SM
MD
LG