"Novosti Uzbekistana" Muhammad Solih va O'zbekiston Xalq Harakatini nishonga oldi

  • Gazetxon Do'st

"Novosti Uzbekistana" Muhammad Solih va O'zbekiston Xalq Harakatini nishonga oldi

"Novosti Uzbekistana" Muhammad Solih va O'zbekiston Xalq Harakatini nishonga oldi

“Novosti Uzbekistana” gazetasi bu hafta muxolifatdagi O’zbekiston Xalq Harakati yetakchilaridan biri Muhammad Solih hamda “Andijon – Adolat va tiklanish” tashkiloti vakillarini nishonga oldi.

Muallif Muhammad Solih va “Andijon – Adolat va tiklanish” vakillari o’rtasida ziddiyatlar qidiradi.

“Potrashitel kazni “bortsov za spravedlivost” deb nomlangan maqolada Muhammad Solih andijonliklar g’aznasini o’marayotgan, ularni aldov bilan o’z yo’liga og’dirayotgan rahbar sifatida tasvirlanadi.

O’zbekiston Xalq Harakati haqida avvalroq chiqqan maqolalar kabi bunisi ham asosan eksrtremizm va terrorchilik ayblovlaridan iborat.

Unda shu yil qamoqxonada vafot etgan va Toshkentdagi portlashlarni asosiy guvohlaridan biri sanalgan Zayniddin Asqarovning fikrlari keltiriladi.

Muhammad Solih ishtirokida Toshkentda portlashlar rejalashtirilgan deyilib, bu xulosa Asqarovning ko’rsatmalari bilan dalillanadi.

Bir necha yil avval Zayniddin Asqarov ishtirokida qamoqxonada matbuot anjumani o’tkazilgan va u avvalgi ko’rsatmalaridan voz kechgan edi. Jumladan Asqarovning portlashlarga Muhammad Solihning aloqasi yo’q degan gaplari xalqaro matbuotda yoritilgan edi.

“Andijon – Adolat va tiklanish” tashkilotining Abdubosit Ibragimov, Shamsiddin Atamanov, Baxtiyor Muxtorov kabi a’zolari haqida fikr yuritilar ekan, ular topgan mablag’ni Muhammad Solih qo’liga topshirayotgani, "lider" esa bu pulni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatayotgani iddao qilinadi.

Muhammad Solihning bir necha yillar avval Afg’onistonga bo’lgani, O’zbekiston Islomiy Harakatining marhum lideri Tohir Yo’ldosh bilan munosabatlari haqida ham so’z yuritiladi.

Mazkur maqola Muhammad Solih va “Andijon- Adolat va tiklanish” tashkiloti vakillari o’rtasidagi munosabatni ziddiyatlashtirish, ular o’rtasida moliyaviy keskinliklar yuzaga kelayotgani haqidagi tasavvurni shakllantirish maqsadida yozilgandek tuyuladi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi, “Andijon –Adolat va tiklanish” va “Tayanch” kabi muxolif tashkilotlarni birlashtirgan O’zbekiston Xalq Harakati o’z qurultoyini shu yilning may oyida Germaniyada o’tkazgan edi.

Shundan beri respublika matbuotida O’zbekiston Xalq Harakati vakillarini ekstremizm va terrorchilikda ayblovchi maqolalar chiqa boshladi.

Ularda muxolifat vakillari O’zbekistonda beqarorlik keltirib chiqarishni maqsad qilgan buzg’unchi kuchlar va diniy ekstremistlar sifatida talqin qilinadi.

Rasmiy nashlardan biri bo'lmish “Adolat” gazetasi juma kungi sonida O’zbekiston Ichki Ishlar vazirligida “Yot g’oya, mafkuralar, mutaassib diniy oqimlarning asl maqsadlari” mavzusida o’tgan yig’ilish haqida axborot beradi.

Tadbirda “Hizb-ut-tahrir”, “vahobiylar”, “akromiylar”, “nurchilar” kabi diniy oqimlar O’zbekistonda o’z g’oyalarini tarqatishga urinayotgani, ularning maqsadi diniy qadriyatlarni tiklash emas, balki shu g’oyadan foydalangan holda, mintaqa tinchini buzish, diniy va millatlararo nizo qo’zg’ash orqali hokimyatni egallash ekani ta’kidlangan.

Gazetaning yozishicha, keyingi paytda diniy ekstremistik harakatlar o’z faoliyati va taktikasini o’zgartirmoqda, xususan o’z saflariga ko’proq ayollarni jalb eta boshlagan.

“Bunda asosiy e’tibor diniy ekstremistik qilmishlari uchun jazo muddatini o’tayotgan kimsalarning yaqinlariga qaratilmoqda”, deyiladi “Yot g’oyalar bizni tanlagan yo’limizdan qaytarolmaydi” sarlavhali maqolada.

XS
SM
MD
LG