Amerikada og'ir kasallikdan sog'ayib ketgan o'zbekistonlik hikoyasi

  • Amerika Ovozi

Sardor Zokirov

Sardor Zokirov

Qo’shma Shtatlar tibbiyot sohasida dunyoda yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Yaqinda og’ir kasallikdan chiqqan o’zbekistonliklardan biri ham bunga amin bo’ldi. Ammo ba’zida mehr kuchi bo’lmasa, tibbiy mo’jizaning o’zi yetmaydi.

Sardor Zokirov asli andijonlik. Nyu-Yorkda nufuzli Kolumbiya universitetida magistrlik darajasini olib, Vashingtonda endigina ishlay boshlagan edi. Ammo miyasidagi tug’ma arteriovenoz hosilasi sabab aprel oyi boshlarida insultga uchrab, miyasiga qon quyildi.

Sardor Jorjtaun universiteti qoshidagi neyroxirurgiya bo’limida ikki kun komada, so’ng yana bir oycha og’ir ahvolda yotdi. Shifokorlarning dastlabki tashxisida sog’ayishiga umid yo’q edi. Sardor uchun o’lim bilan kurash boshlandi.



Farzandining ahvoli haqida yomon xabar olgan, ammo o’z ko’zi bilan uni hali ko’rmagan ota-ona uchun bu hayotlaridagi eng og’ir kunlar bo’ldi. Amerikaga bunday sabab bilan borish eng yomon tushlariga ham kirmagan edi.

O’lim bilan olishayotgan o’g’lini ko’rish uchun umid uchqunlari so’nib borayotgan onaizor Ibodatxon ayaning ko’zida yosh qurib bo’lgan edi. Otasi esa ko’z yoshlarini yaxshi kunlargacha qoldirdi. Tunu-kun ibodat qildi.

Sakkiz soatlik operatsiyadan ikki kun oldin o’g’lining sadosini ilk bor eshitgan Baxtiyor aka o’zini tutib turolmadi. Ammo u quvonch yoshlari edi. Baxtiyor aka ilk bor o’zini haqiqatan baxtiyor his qildi.

Ikkinchi operatsiya besh soat davom etdi. Kasallikka sabab bo’lgan miyadagi tug’ma hosila muvaffaqiyatli ravishda olib tashlandi.

Sardor Amerikadagi o’zbek yoshlari tashkilotining asoschilaridan biri sifatida og’ir kasal vatandoshlariga yordam berish maqsadida uyushtirilgan xayriya tadbirlarini o’tkazishda faol bo’lgan edi. Ammo bir kun kelib, o’ziga shunday yordam kerak bo’lishini bilmagan edi.

Jamoa uzoq kuttirib qo’ymadi. Internet orqali Sardorning ahvolidan xabar topgan vatandoshlar, uni tanigan va tanimagan yigit-qizlar jahonning turli burchaklaridan yordamini taklif etdi. Kimdir xayriya qilgan bo’lsa, kimdir internet orqali hol-ahvol so’rab turdi. Uzoqdagilar xat yozdi, yaqin atrofdagilar esa kasalxonaga borib, bemorning yonida surunkali o’tirgan ota-onasining kayfiyatini ko’tarishga harakat qildi.

Sardor bir yarim oy neyroxirurgiya bo’limida yotgandan so’ng uni reabilitatsiya markaziga yo’llashdi. Mutaxassis va hamshiralar har dam undan xabar olishar, turli muolajalar qilishar, yurish, gapirish, fikrlash, o’ziga qarash, kiyinish bo’yicha mashqlar o’tkazishar edi.

Markaz bosh shifokori Syuzan Andersonning aytishicha, bunday sharoitda tibbiy muolajadan tashqari bemorga bo’lgan g’amxo’rlik ham katta rol o’ynaydi. Ota-onasining mehri uning sog’ayishiga sabab bo’lgan omillardan, deydi u.

“Reabilitatsiya markaziga ilk keltirilganida Sardor hushida edi, ammo faqat o’z ismini ayta olar edi, xolos. Gaplashishga qiynalar, hatto yaqinlarini g’ira-shira tanirdi. Yolg’iz o’ng qo’li ishlar. Hamshiralarimiz muntazam ravishda unga qaradilar. Nutqi bilan mutaxassislar shug’ullandi. Bugunga kelib, badan qayta ishga tushdi, nutqi rivojlandi, mustaqil ravishda ovqatlanmoqda”, - deydi shifokor.

Bemorning kayfiyati, o’z ahvoliga bo’lgan munosabatiga ham ko’p narsa bog’liq, deydi bu soha mutaxassislari. Ishonch va iymonda gap ko’p, deydi ulug’lar. Sardor bir kun ham tushkunlikda bo'lmaganini aytadi.

To’rt oy burun o’lim bilan kurashish uchun maydonga tushgan Sardor undan g’olib bo’lib chiqdi. Aqli-hushi joyida. Uni ko’rgani borgan vatandoshlardan birini uch yil avval ilk marta uchratganiga qaramay, ismini darhol esladi.

Sardor bir necha kun burun reabilitatsiya markazidan chiqdi. Hozir uyda muolaja olmoqda. Tez sog’ayishi uchun, deydi doktor Anderson, uni shu paytgacha qo’llab-quvvatlagan do’stlari bundan keyin ham gamxo’rlik ko’rsatishda davom etishlari zarur. Shundan so’ng, deydi dadasi Baxtiyor aka, yaxshi kelin olish umididamiz.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG