Breaking News

Vasiliy Markov: O’zbekistonda ruslar kamsitilmayapti, da’volar asossiz


Rossiya matbuotida O’zbekistondagi rus aholi taqdiri yuzasidan xavotirga to’la maqolalar chop etilmoqda. Ammo respublikadagi ruslar bundan taajjubda.
Vasiliy Markov: O'zbekistonda ruslar kamsitilayotgani haqidagi da'volar asossiz/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:30 0:00
Yuklab oling

Bir necha nashrlar O’zbekistonda bir millionga yaqin ruslar ikkinchi toifaga aylanib borayotgani haqida yozadi. Asl vaziyat bundan yiroq, deydi “Amerika Ovozi” bilan so’zlashgan jamoa vakillari.

Rossiya gazetalarida bosilgan maqolalarda Kremlga zudlik bilan vaziyatga aralashish tavsiya qilinadi.

Masalan, “Svobodnaya Pressa” nashri O’zbekistonda ruslar jamiyatdan siqib chiqarilayotgani, ular ikkinchi-uchinchi toifaga aylantirilgani, hukumat bu millatni mamlakatdan siqib chiqarish siyosatini zimdan qo’llab kelayotgani haqida yozadi.

“Rosbalt” va “Russkiy Obozrevatel” kabi nashrlarda ham shu kabi maqolalarni o’qish mumkin. Rus matbuotining kutilmaganda O’zbekistondagi ruslar taqdiridan xavotirga tushganidan ayrimlar taajjubda.

“To’g’risini aytganda, mamlakatdagi ruslar yoki rustillilar bilan bog’liq vaziyat yuzasidan shikoyat qilish noshukurlik”, - deydi o’zbekistonlik mustaqil jurnalist Vasiliy Markov.

“Ehtimol hukumat miqyosidagi lavozimlardan ruszabonlarni ketkazishgan bo’lsa bordir. Biroq jamiyatda o’zbeklarni ruslarga yoki boshqa toifaga nisbatan toqatsizligi, millatchiligi haqida gapirish o’rinsiz. Bu narsa mustaqillikning dastlabki yillarida bir ko’ringan edi, keyinchalik yo’qolib ketdi. Albatta, bunda mamlakat prezidentining o’rni ham ahamiyatli, millatlararo nizo alangalanishiga yo’l qo’ymadi”.

Rossiya gazetalari O’zbekistonda rus tili yo’qolib borayotgani, rus aholi biron sabablarsiz ishdan bo’shatilayotgani haqida ham yozadi.

“Shaxsan men biror kishi shu sababdan ishdan bo’shatilganini eshitmaganman. Aksincha, rus tili mamlakatda ikkinchi rasmiy til maqomida qolmoqda. Ko’plab korxonalarda rus tilida ish yuritiladi. Rossiya matbuotida shunday chiqishlar paydo bo’lib turadi, vaziyatdan mutlaqo xabarsiz yoki boshqa maqsadni ko’zlagan jurnalistlar tomonidan atayin yozilishi mumkin”, - deydi Vasiliy Markov.
O’zbeklarni ruslarga yoki boshqa toifaga nisbatan toqatsizligi, millatchiligi haqida gapirish o’rinsiz.
Bu chiqishlarda Moskvadan zudlik bilan vaziyatga aralashish so’raladi. Kreml barcha vositalardan, jumladan iqtisodiy choralardan ham foydalangan holda Toshkentga bosim o’tkazsin, mamlakatdagi ruslar huquqini himoya qilsin deyiladi.

Aslida millatchilik Rossiyaning o’zida kuchli, millatchilil qurbonlari esa ko’proq muhojir o’zbeklardir. Biroq Moskvadan farqli O’zbekiston hukumatida o’z fuqarolarini himoya qilish mas’uliyati yo’q, qolaversa, mamlakatning o’zida fuqarolik huquqlari keskin cheklangan.

O’zbekistonlik ruslardan biri Moskva o’z manfaatlari yo’lida turkman gazi uchun ruslar bilan bog’liq vaziyatga ko’z yumganini qayd etadi.

Rossiya matbuotidagi mazkur chiqishlar Islom Karimovning Rossiyaga kutilayotgan safari bilan bog’lanmoqda. 15-aprel kuni Islom Karimov va Vladimir Putin Moskvada muzokara o’tkazadi.

Bu muzokaralarning rasmiy Toshkentning G’arbga og’ish davriga to’g’ri kelayotgani esa Kremldagi ayrim doiralarni bir qadar asabiylashtirgani ta’kidlanadi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG