Breaking News

O’zbekiston ta’lim sistemasida ahvol achinarli, ustoz-muallimlar Rossiyada


O’zbekiston ta’lim sistemasida ahvol achinarli, ustoz-muallimlar Rossiyada
O’zbekiston ta’lim sistemasida ahvol achinarli, ustoz-muallimlar Rossiyada

O’zbekistonda ta’lim berish saviyasini yaxshilash maktabdan boshlanishi zarur. Maktab va o’qituvchi maqomi tiklanmas ekan, bu sohada ahvol o’zgarmaydi.

Hukumatning o’quvchilardan arzon ish kuchi sifatida foydalanayotgani muammoligicha qolmoqda. Maktablarda sovg’a-salom, pul yig’imlari kabi illatlarning yo’qolmayotgani o’qitish darajasini yanada sayozlashtirgan.

Sentyabrdan umumta’lim maktablarida o’qish boshlanadi, o’quv yiliga tayyorgarlik ketmoqda. Xabarlarga ko’ra, mehnat muhojirligiga ketgan o’qituvchilar hali qaytmagan. Erkak o’qituvchilarning maktablarni tark etishi davom etmoqda. Ota-onalar uchun esa maktab xarajatlari davri boshlandi.

Bozor, kommunal to'lovlar yoki o'quv qurollari. Birini tanlang.

O’zbekistondagi har bir oilada o’rta hisobda hech bo’lmaganda ikki nafar o’quvchi bor deyish mumkin. O’rtacha ish haqqi 300 ming so’m atrofida bo’lgan bir paytda, maktab xarajatlari - o’rtamiyona oilani ham ancha urintirib qo’yadigan sinov.

“Maktabda uchta bolam o’qiydi, qolgani kollejda. Kiyim-kechagini o’zi har qanday oila byudjetini yeb, nochor ahvolga keltirib qo’yadi. Kitoblarini hukumat ko’tarayapti, lekin qolgani - yeb-ichishi, kiyim-kechagi, daftar-ruchkasi har qanday oilani avholini tang qilib qo’yadi”, - deydi jurnalist Ravshan Egamqulov.

Xarajatlar faqat o’quv yiliga tayyorgarlik bilan bitmaydi, ular o’sib boraveradi.

“Metallolom deydi, qog’oz deydi, yoki birorta yozuvchi shoir rayono bilan kelishib o’zini kitobini maktab orqali majburan sottiradi. Bir kun maska ko’tarib kelsa, ikkinchi kun boshqa bir qog’oz olib keladi, olishimiz kerak deb. Har kuni kelavergandan keyin bu ota-ona uchun juda og’ir”, - deydi Ravshan Egamqulov.

Nega xususiy universitetlar yo'q?

O’zbekistonda ta’lim olish bepul. Pullik shartnoma asosida o’qish hozircha qisman oliy o’quv yurtlarida yo’lga qo’yilgan. Xususiy maktablar, o’quv yurtlari hozircha amalga kiritilmagan. Ta’lim bepulligi, o’qituvchilar maoshining kamligi tizimda korrupsiya keng rivojlanishiga turtki bergan.

Ta’lim sohasini o’rgangan tahlilchilarga ko’ra, oliy o’quv yurtlari uchun bu yilgi test sinovlarida bir oz o’zgarishlar kuzatilgan.

“Bu yil kirish imtihonlari uchun ballar ancha pasaygan. Masalan, Huquqshunoslik institutiga kirishda kontraktni oxirgi bali 152 dan yuqori bo’lgan. O’tgan yil 300 baldan ham oshib ketgan edi. Bu sal bo’lsa ham adolat ta’minlanganidan darak beradi. Bu yil o’z bilimiga ishongan bolalar ham o’qishga kirdi deyish mumkin”, - deydi Ekspertlar ishchi guruhi tahlilchisi Sanjar Saidov.

Bu o’zgarishlar maktab yoki o’rtamaxsus o’quv yurtlariga qanchalik tegishli bo’lishi noma’lum. Maktablarda ta’lim saviyasining sayozlashayotgani ortidagi sabablar haqida turlicha mulohazalar bor. Asosiysi va an’anaviysi - maktab, kollej va litsey o’quvchilarining paxta terimiga jalb qilinishidir.

Paxtadan tushadigan valyuta birinchi, savodxonlik ikkinchi o'rinda

Ota-onalarga ko’ra, paxta terimi tufayli ta’tilning salkam 3 oyga cho’zilishi predmetlarni o’zlashtirishga ta’sir etmay qolmaydi.

“Paxtaga chiqarmasak, chaqiradi, urushadi. Maktabda o’qiyapti, chiqishga majbur. Mehnat qilgan yomon emas, lekin baribir bolalarni dars qilishgani ma’qul. Oylab darslar bo’lmaydi, keyin qish kunlarida qoldirgan darslarni o’rniga qo’shimchalar qo’yiladi. Shunday ekan, bu bolalardan hech narsa kutib bo’lmaydi, ta’lim sharoitlari yaxshi emas. Maktabga shunchaki nomiga borib kelishadi”, - deydi ota-onalardan biri.

O’zbekistonda bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlanganiga qaramasdan, deyarli har yili paxta yig’im-terimi o’quvchilar ishtirokida amalga oshiriladi. Paxta hosili ancha yaxshi bo’lishi ta’kidlanayotgan bu yilgi mavsumning ham o’quvchilar qo’li bilan terilishi ehtimolga yaqin.

“Maktab bolalarni paxtaga jalb qilmaymiz deydigan bo’lsa, zudlik bilan fermerlarni texnika bilan ta’minlashi kerak. Shundagina maktab o’quvchilari terimga jalb qilinmasligi mumkin. Aks holda men ularni jalb qilmasligiga ishonmayman. Mana hozir chet ellarda paxtani boykot qilishyapti, lekin hukumat rahbarlari hech narsa deyayotgani yo’q. Toshkent shahrida ehtimol bolalarni jalb qilmasligi mumkin, lekin qishloqlarda bolalar paxtaga chiqmasligiga ishonmayman”, - deydi fermerlardan biri.

Ustoz-muallimlar Rossiyadan yangi yil arafasida qaytmoqchi

Maktablarning o’quv yiliga tayyorgarligi haqida xabar berayotgan faollarga ko’ra, mehnat muhojirligiga ketgan o’qituvchilar paxta mavsumi tugagandan keyingina vatanga qaytishni rejalashmoqda.

“O’qituvchilar bilan birgalikda, 6-7-8 sinf o’quvchilari ham [xorijga] ketganligini qo’shimcha qilish kerak. Ular ham ota-onalari bilan birgalikda boshqa yurtlarda mehnat qilishyapti. O’qituvchilar bilan kelishib qo’yishgan: o’zi yo’q bo’lsa ham jurnalda bor bo’lib turadi. Hozir shu odamlarni topinglar deyishayotgan emish. Lekin o’qituvchilar, odamlar paxta mavsumi tugagandan keyin, dekabrlarda, yangi yil arafasida kelishmoqchi. Chunki o’qish dekabrlardan boshlanadi”, - deydi “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

Mutaxassislarga ko’ra, mamlakatda ta’lim berish saviyasi sayozlashib bormoqda. Bir sohani egallayotgan yoshlarning ko’pchiligi talabga javob bermaydi. Shunday vaziyatda maktabga, o’qituvchilarga nisbatan munosabatni o’zgartirish, boshlang’ich ta’lim maskani bo’lgan maktab mavqeini mustahkamlash zarurligi ta’kidlanadi.

“Jamiyat maktablar, o’quv yurtlari orqali rivojlanadi, hatto zavod-fabrikalar bo’lishi ham jamiyatni u qadar rivojlantira olmaydi. Rivojlanishga erishaman degan jamiyatda maktablarni hammasidan ustun qo’yish kerak. Ya’ni hozir o’rtacha oylik 300 ming bo’ladigan bo’lsa, o’qituvchilar uchun maosh kamida bir million qilib belgilanishi kerak. Shunga yarasha mas’uliyat ham kuchaytirilishi kerak”, - deydi ilmiy tadqiqotchi Abdusattor Jumanazov.

Muammo faqat erkak o’qituvchilar kamligida emas...

Ta’lim sohasini o’rganayotgan faollarga ko’ra, maktab muammolaridan yana biri erkak o’qituvchilarning sohani tark etayotganidir.

“Ayniqsa qishloq maktablaridagi birinchi muammo – mutaxassislarning ish izlab tashqariga chiqib ketayotgani. Oylik maosh kam bo’lgani uchun erkak o’qituvchilar maktablarni tark etib ketishayotganidir”, - deydi Sanjar Saidov.

Jurnalist Ravshan Egamqulov fikricha, erkak o’qituvchilarning maktabdan ketayotgani ta’lim saviyasiga o’z ta’sirini ko’rsatadi.

“Oilada erkakni o’rni boshqa, ayolniki boshqa. Maktab ham oila. Ayol o’qituvchilar baqirib chaqirishgani bilan, bolalar ko’p hollarda ularni gapiga quloq osmaydi. Erkak muallim rahbarligida bitirgan bola baribir boshqacha. Mening to’rtinchi qizimni sinf rahbari erkak kishi, men shundan ham xulosa qilaman”, - deydi u.

Muammo faqat erkak o’qituvchilar kamligida emas, balki o’qituvchining jamiyatdagi obro’si qadrsizlanishi bilan ham bog’liq.

“Qishloqlarda, shaharlarda ham mast-alas odamlarga duch kelaman. Achinarlisi, ularning ichida o’qituvchilar ham borligidir. Shunday ko’rinishning o’ziyoq ta’lim tizimini zaiflashtirib qo’yadi. O’quvchilar oldida mast bo’lib, yiqilib yotgan o’qituvchini tasavvur qilib ko’ring. U keyin qanday qilib avlodni tarbiyalay oladi”, - deydi Abdusattor Jumanazarov.

Yoshlarning dunyoqarashi, bilimga munosabati maktab davridan shakllanadi. O’zbekistonda avvaldan aholining barcha qatlamini qamrab oluvchi ta’lim tizimi shakllangan.

So’nggi yillarda ta’lim saviyasining rivojlanish emas, sayozlashuv sari ketayotgani ko’pchilikda faqat taassuf uyg’otadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG