O'zbek sportchisi AQSh universitetida rekord o'rnatdi


O'zbekistonlik yosh suzuvchi Maftuna To'xtasinova AQShda o'qish bilan birga, professional sport bilan ham shug'ullanmoqda.

O'zbekistonlik yosh suzuvchi Maftuna To'xtasinova AQShda o'qish bilan birga, professional sport bilan ham shug'ullanmoqda.

O’tgan yili o’zbekistonlik yosh sportchi Maftuna To’xtasinova suzish bo’yicha London olimpiadasida qatnashish huquqini qo’lga kiritish uchun AQShda tayyorgarlik ko’rayotgani haqida xabar bergan edik. Olimpiadada ishtirok etish Maftunaga nasib qilmadi. Ammo sportchi hozir ham AQShda shug’ullanishni davom ettirmoqda. U bu yerda tahsil olish bilan birga, shu yili Ispaniyada bo’ladigan suzish bo’yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik ko’rmoqda.


Maftunaning aytishicha, u o’tgan yili London olimpiadasida qatnashish uchun lozim bo’lgan minimum talablarni bajargan, ammo noma’lum sabablarga ko’ra, musobaqada qatnashish nasib qilmagan. “Negaligini o’zim ham, ochi’gi, bilmayman”, - deydi u.

Maftuna hozir AQShning Nyu-York shahar universitetida o’qiyapti. Bu mamlakatda imkoniyatlar yaxshiroq bo’lgani uchun shu yerda ham o’qib, ham sport bilan shug’ullanishga qaror qildim, deydi u.

Maftuna To'xtasinova Garvard universitetida o'tgan musobaqada qo'lga kiritgan medallar

Maftuna To'xtasinova Garvard universitetida o'tgan musobaqada qo'lga kiritgan medallar

“To’g’risi, kichkinaligimda bu narsani faqat orzu qilishim mumkin edi. Shu suzishim sababli, natijalarimni kuchaytirish, yanada rivojlantirish uchun bu yerga keldim. Mashg’ulotlarda qatnashib, suzish bo’yicha natijalarimni yaxshilashga harakat qilyapman”, - deydi Maftuna.

O’zbekistonlik yosh sportchi suzishning erkin, chalqancha va kompleks usullari bilan shug’ullanadi. U O’zbekistonda ko’plab ichki musobaqa va chempionatlar g’olibi bo’lgan. Shuningdek, bir qator xalqaro musobaqalar va jahon chempionatlarining muvaffaqiyatli ishtirokchisi. Maftunaning sport musobaqalaridagi muvaffaqiyatlari AQShda ham davom etmoqda.

Yaqinda u Garvard universiteti mezbonligida o’tgan Nyu-Ingland chempionatida 100 va 200 metrga chalqancha usulda suzish bo’yicha nafaqat oltin medalni qo’lga kiritdi, balki o’zi o’qiyotgan universitetning rekordini yangiladi.

Garvard universitetida o'tgan musobaqada Maftuna (chapdan birinchi) suzishga hozirlanmoqda.

Garvard universitetida o'tgan musobaqada Maftuna (chapdan birinchi) suzishga hozirlanmoqda.

“100 va 200-metrga chalqancha suzish bo’yicha universitetimning rekordini yangiladim. Mendan ilgari bu rekordni universitetning uchinchi bosqichida o'qiydigan bir suzuvchi o’rnatgan ekan. Garvard universitetida nafaqat universitetlardan, balki har xil shtatlardan juda ko’p suzuvchilar kelishdi. Ular juda ham kuchli bo’lgani uchun raqobat og’ir bo’ldi. Lekin chalqancha suzish mening asosiy usulim bo’lgani sababli unda yaxshi ishtirok etishni vazifam deb bildim va harakat qilib, shuning uddasidan chiqdim”, - deydi sportchi.

Bundan tashqari, Maftuna AQShda o’tgan “Aqua Last Chance Meet” musobaqasida ikkita oltin medal, Yosh olimpiadachilar ko’rigida esa bitta bronza medalni qo’lga kiritdi. Endigi asosiy maqsadim shu yili Ispaniyaning Barselona shahrida bo’ladigan suzish bo’yicha jahon chempionatida qatnashish, deydi u.

“Iyul oyigacha, imkoniyatim boricha, ko’p musobaqalarda qatnashaman. Negaki hozir eng asosiy maqsdim Barselonada bo’lib o’tadigan jahon chempionatiga normativ topshirish. Barselona uchun ajratilgan normativlar bor. 200 metr chalqancha suzish bo’yicha talab 2 minutu 15 sekund. 100 metr chalqancha suzish bo’yicha 1 minutu 2 sekund bo’lishi kerak. Yana 200 metrga kompleks usulda suzishni ham ko’z ostimga olib qo’yganman. Lekin chalqancha suzish asosiy uslubim bo’lgani uchun shunga doim katta e’tibor beraman”, - deydi u.

Maftuna yaqinda 19 yoshga to’ldi. Yosh sportchining rejalari ulkan. Agar yo’llanmani qo’lga kiritsa, Barselonadagi jahon chempionati u uchun birinchi jiddiy imtihon bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG