O’zbekiston-Tojikiston savdo aloqalari tarang, ammo chegarada aholi oldi-sotdini eplayapmiz, deydi


Kuzatuvchilar ta’biricha, Tojikiston va O’zbekiston munosabatlari tobora ziddiyatli tus olib bormoqda. Keyingi 2-3 yilda savdo-sotiq kamaygan. Chegarada ham oldi-sotdi oldingidek emas.

Chegarada, “Plotina” bojxona postida mahalliy savdogarlar bilan suhbat davomida hech qanday to’siq ularga g’ov bo’lolmasligiga amin bo’lish mumkin.

“O’zbekiston chegarasidan o’tishimiz oson. Nonimizni yegani uchun bizga hecham azob berishmaydi. Xuddi shunday. O’zbekistonda xorij mollari qimmat, shuni uchun bu yerdan odamlar olib borib, yashirib sotishmoqda” - deydi ular.

“Hamma tovar Tojikistondan o’tib borayapti. Iloji boricha O’ratepadan (Tojikiton shimolidagi shahar) poroshok, sovun, materiallar o’tkazib beryapmiz. Yo’lda lekin rosa qiyinchiligi ko’p”.

Ismini aytishni istamagan bir tojik siyosatshunosining aytishicha, hozir Rossiya matbuoti va turli internet saytlarda Tojikiston-Ozbekiston aloqalariga uchinchi kuchlar ta’sir o’tkazmoqda qabilidagi chiqishlarni uchratish mumkin.

“Lekin men bunday fikrlarga qo’shilolmayman. Markaziy Osiyo davlatlarining butun tarixida tashqi va ichki siyosatning asosiy yo’nalishini mutlaq hukmdorlar belgilab kelgan. Orada munosabatlar taranglashuvi nazarimda, ko’proq O’zbekiston prezidentining xohish-irodasiga bog’liqdek ko’rinadi”, - deydi siyosatshunos.

Tojikistonlik boshqa bir siyosiy sharhlovchi, jurnalist Ne’matullo Mirsaidov ham shu fikrda. Unga ko’ra, ikki respublika o’rtasida nosog’lom vaziyat “ikki shaxs -- Islom Karimov va Emomali Rahmon munosabatlari hosilidir”.

“Agar ular umumiy til topishsa, Tojikiston va O’zbekiston uchun juda katta istiqbollar yo’li ochiladi. O’zbekiston, umuman, barcha Markaziy Osiyo davlatlari o’zaro do’stona aloqalarini rivojlantirishidan Rossiya ko’proq manfaatdor. Chunki Rossiya ta’siri bu yerda mustahkamroq bo’ladi. Bir respublika orqali boshqasiga ta’sir o’tkaish mumkin. Qarshi qo’yish, bu - ta’sir o’tkazmaslik degani emas”.

Tojikistonda mehmon bo’lib turgan toshkentlik Shodiya ismli ziyoli ayolning fikricha, aslida ikki qardosh respublika o’rtasida qabul qilingan qonunlarga rioya qilish aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

“Oldingi hayot bo’lishi tarafdoriman. Agar qonun bo’yicha ishlansa hamma joyda menimcha, hech qanday qiyinchiliklar, to’siqlar bo’lmaydi. Yuqorida o’tirganlar bu narsani hal qilib berishi kerak. Katta idorada o’tirganlarning qo’lida bu narsa hammasi”.

Ayrim tahlilchilarning ziddiyatlarni G’rab yoki Rossiya uyushtirayotgani haqidagi chiqishlari borasida fikr yuritarkan, tojik eksperti Mirsaidov bu yerda faqat ikki kuchni ko’radi.

“Agar G’arbdagi kuchlar zid qo’yishayotgan bo’lsa, bu juda qiziqarli. O’zbekiston o’zining munosabatini goh G’arb, goh Rossiya bilan o’zgartirib turibdi. Shuning uchun agar qandaydir tashqi kuchlar bo’lsa, bu faqat Qo’shma Shtatlar, ehtimol, Rossiya bo’lishi mumkin.”

Ikki davlat munosabati tufayli chegara oldi savdosida qiyinchilik va sarf-xarajat ortgan bo’lsa-da, xalq hammasini hazil-mutoyiba va kulgi bilan bilan yengib bormoqda.

“Bizdan iltimos qilishadi (o’zbekistonliklar demoqchi), biz oborib beramiz ularga. Bir dona ro’molga ham buni deklarasiyasi qani, rastamojkasi qani deb turishi ham bor. Endi o’ziga yarasha yo’llari bor, ana shu yo’llar bilan olib o’tib yetkazib beryapmiz o’zbekistonliklarga”.

Lekin ba’zi kuzatuvchilar xalq orasidagi bu kulgilar ostida norozilik tobora ortib borayotganiga ishora qilishadi.

XS
SM
MD
LG