Mirziyoyev Tojikistonga Rog'un qurilishini to'xtatishni tavsiya qildi


Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev

Prezidentlar Islom Karimov va Imomali Rahmonning Toshkentdagi muloqoti ikki o'rtada ziddiyatga sababchi Rog'un to'g'oni masalasiga oydinlik kiritmagan ko'rinadi. O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida siyosiy bayonotlar kurashi davom etishi kutilmoqda.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning Rog'un qurilishini to'xtatish tavsiya etilgan maktubiga hozircha Tojikiston javob berganicha yo'q. Ammo javob xavotirlar o'rinsiz deyishdan iborat bo'lishiga shubha yo'q. Sharhlovchilar nazarida Toshkent Rog'unning ekologik yoki iqtisodiy emas, siyosiy bosimga aylanishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Mirziyoyevning Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzodaga xati O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida e'lon qilingan.

Bu Mirziyoyevning Tojikiston hukumatiga birinchi maktubi emas, Rog'un ziddiyati bo'yicha bosh vazirlar avval ham bayonotlar almashgan. Bu safargi maktubga Tojikiston Italiya kompaniyasi bilan to'g'on qurish bo'yicha shartnoma imzolashi sabab bo'lgan.

Xatda qurilish ishlari butun mintaqa uchun ekologik, texnogen, ijtimoiy va iqtisodiy xavf tug'dirishi eslatiladi. Mirziyoyev Tojikistonni ulkan inshootlar g'oyasidan voz kechib, energetik taqchillikni kichik to'g'onlar bilan hal etishga chaqiradi.

Rasmiy Dushanbe bir oylar avval Italiyaning gidro-inshootlar qurishga ixtisoslashgan "Salini Impregilo" kompaniyasi bilan shartnomaga erishilganini e'lon qildi. Unga muvofiq, Tojikiston to'g'on uchun 4 milliard dollarga yaqin mablag' ajratadi. Rog'unning dastlabki agregatlari esa 2018-yilda ishga tushishi kutilmoqda.

Rog'un yuzasidan O'zbekiston va Tojikistonda jamoatchilik, matbuotdagi munosabatlar rasmiy pozitsiyalarni to'ldiradi. O'zbek matbuoti to'g'on qiyofasida mintaqa uchun global tahdid tug'ilayotgani haqida yozsa, tojik matbuoti bu tahdid emasligi, energetik taqchillikka barham beruvchi umid ekani haqida yozadi.

Bosh vazirlar yozishmasi tiklanayotgani O'zbekiston va Tojikiston munosabatlarida iliqlikdan darak sifatida ham baholanadi. Bu hol Toshkentda Shanxay tashkiloti sammitidan so'ng kuzatilmoqda.

Iyun oxirida Prezident Karimov sammitga kelgan Prezident Rahmon bilan muloqot o'tkazgan, Tojikistonga borish taklifini olgan edi.

Ikkisi to'g'onni muhokama qilgani haqida ma'lumot yo'q, ammo Karimov Rahmonni mintaqa muammolari yechimida siyosiy bloklarga qo'shilmaslik haqida ogohlantirdi.

Bir paytlar Rog'un va Qambarota gesini Rossiya moliyalasin degan reja O'zbekistonning keskin qarshiligiga uchragan edi.

Toshkent nazarida jahonda eng yirik to'g'on bo'lishi aytilayotgan Rog'un mamlakat qishloq xo'jaligini suvsiz qoldirishi mumkin. Tojikiston esa loyiha O'zbekistonga oqayotgan suv hajmiga ta'sir qilmaydi, deydi.

Sharhlovchilar so'zlariga ko'ra, bugun suvdan foydalanish allaqachon siyosiy masalaga aylangan. Rog'un Toshkent uchun Rossiya harbiy bazasiga ega Tojikistonni siyosiy bloklardan tiyib turuvchi bosim vositasi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek yozuvchisi Safar Bekjon:

“Aslini olganda masala Rossiyaning Tojikistondagi armiyasi, harbiy bazasiga, shuningdek Moskva Tojikistonni o'zining bir viloyatidek ko'rayotganiga bog'liq. Bu Toshkentni qo'rqitadi, aynan shuning uchun O'zbekiston Rog'unni bahona qilib, Tojikiston bilan bog'liq barcha yo'llarni kesib tashladi, qamal qilib oldi. Aslida men Rog'un aytilayotgan darajada zarar keltirishi mumkin deb o'ylamayman. Ehtimol, O'zbekiston paxta ekinini kamaytirishga majbur bo'lar. O'zi shundoq ham paxtani ekishni teng yarmiga qisqartirish maqsadga muvofiq bo'lardi”.

Mintaqada so'nggi siyosiy jarayonlar, xususan, Tojikistonda kechgan qurolli to'qnashuvlarda Moskvadan shubhalanish ikki davlat liderlarini Kremldan ehtiyotkorlikka undagani aytiladi. Karimov qo'shni davlat prezidentlari bilan ikki tomonlama muloqot usulini tiklashi shu siyosiy jarayonlarga ham ham bog'liq, deydi mutaxassislar.

“Tojikistonda fuqarolik urushi paytidan boshlab u yerda Rossiyaning nazorati davom etib kelayapti. Harbiy sohada, qurol yarog'da, tomonlarni moliyalash - hammasini bevosita kuzatib keladi. Bugun vaziyat ancha keskinlashgan, Rahmon bilan diniy kuchlar o'rtasida munosabat tarang. Rossiyaning Rahmonga nisbatan yashirin siyosati bor. U buni biladi, shuning uchun ham masofa saqlash uchun boshqa tomonlar bilan munosabatlarni yaxshilashga majbur. Bu borada Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyevning vaziyati og'ir, tirgak bo'lolmaydi. Karimov uchun esa juda qulay fursat”, - deydi Bekjon.

Mirziyoyevning 19-iyul kuni e'lon qilingan maktubiga hozircha Tojikiston biror munosabat bildirgani yo'q. Ammo javob xati O'zbekiston xavotirlari o'rinsiz degan ma'noda bo'lishi haqiqatga yaqin.

Yaqindagi xabarlarga ko'ra, Tojikiston Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shilish imkonini o'rganib ko'rmoqda, bu esa Rahmonga siyosiy bloklar doirasida qo'shimcha ta'sir vositalarini berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG