Shvetsiya: Terrorda ayblanayotgan o'zbekistonlik boshpana ololmagan

  • Amerika Ovozi

Stokgolm, 7-aprel, 2017

7-aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda to'rt kishini o'ldirganlikda ayblangan 39 yoshli shaxs o'zbekistonlik muhojir bo'lib, siyosiy boshpana ololmay g'azablangan, deydi politsiya. Rasmiylarning aytishicha, u deportatsiya qilinishi kerak bo'lgan, shuningdek, "Islomiy davlat" terror tashkilotidan ilhomlangan.

Shvetsiya motamda. Voqea gavjum savdo markazida ro'y bergan. Hujumchi yuk mashinasida odamlarni yoppasiga bosgan. U qochishga muvaffaq bo'lgan, biroq bir necha soat ichida ushlangan.

"Qo'limizdagi odam ekstremist tashkilotlardan ruhlangan, xususan "Islomiy davlat"dan", - deydi Jonas Hizing, politsiya boshlig'i.

Halok bo'lganlarning ikkisi shved, biri ingliz, yana biri belgiyalik. Fransiya, Germaniya va Britaniyada yaqin o'tmishda kuzatilgan xurujlarda ham "Islomiy davlat" ta'siri ostida harakat qilgan muhojirlar ayblangan.

Ism-sharifi aytilmayotgan gumondor 2014-yilda Shvetsiyada doimiy yashashni so'rab, hukumatga murojaat qilgan. Lekin unga bunday huquqni rad etishgan. Mamlakatni to'rt hafta ichida tark etish talab qilingan. Organlar uni qidirgan, lekin topa olmagan. Xavfsizlik xizmati unga tahdid sifatida qaramagan.

Yana bir necha shaxs hibsda. Tergov davom etmoqda. Lekin politsiya nazarida, o'zbekistonlik muhojir jinoyatni sodir etgani haqida isbot-dalil yetarli.

Voqeada 15 kishi jarohatlangan. O'lganlar uchun milliy motam marosimlari o'tdi. Shved hukumati xalqni bardam va bag'rikeng bo'lishga, masalaga toqat bilan yondashishga undamoqda. Shvetsiya yuzlab ming mujohirga yangi vatan. Ular orasida yuzlab o'zbekistonliklar bor.

​Muhojirlar va vatandoshlar bir-birini qo'llamoqda. Biroq mamlakatda immigratsiya va qochqinlarga nisbatan siyosat qizg'in muhokamada. Shvetsiya azaldan ularga ochiq yurt bo'lib kelgan. Bugun bu fakt savol ostida.

Bosh vazir Stefan Lofven deydiki, Shvetsiya kuchli demokratiya va uni hech kim barbod qila olmaydi. 10 million aholiga ega osuda mamlakat dunyoda eng taraqqiy etgan, oshkoralik va davlatga nisbatan ishonch kuchli, fuqaro o'ta faol, ilg'or jamiyatlardan biri.

O'tgan ikki yil mobaynida 200 mingga yaqin suriyalik va boshqa mamlakatlardan kelgan qochqinlar boshpana so'ragan. Hukumat ularning har birini alohida o'rganib, izchil qaror qilishini qayd etmoqda.

O'zbekiston hukumati uning fuqarosi Shvetsiyadagi terror hujumida ayblanayotgani yuzasidan munosabat bildirmagan. Odatda Toshkent bu mavzularda lom-mim demaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG