O'zbekistonda xorijliklar aviachiptani valyutaga sotib oladi

  • Amerika Ovozi

O'zbekistonda xorijliklar aviachiptani valyutaga sotib oladi

O'zbekistonda xorijliklar aviachiptani valyutaga sotib oladi

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko'ra, 5-avgustdan boshlab xorijliklar havo qatnovi uchun chiptalarni valyutada sotib olishiga to'g'ri keladi. Shu kungacha xalqaro va mahalliy yo'nalishlar bo'yicha aviachiptalar milliy pul birligi - so'mda sotilardi. Bundan keyin faqat valyutada.

O'zbekiston fuqarolariga ham bu qarorning qisman aloqasi bor. Agar parvozning boshlang'ich punkti O'zbekistondan tashqarida bo'lsa, fuqarolar ham biletni valyutada sotib olishi kerak bo'ladi.

Qarorni bajarmagan aviakompaniya va sayyohlik agentliklari chipta narxining 100 foizi miqdorida davlatga jarima to'laydi, deyiladi Vazirlar Mahkamasi qarorida.

Shuningdek, 1-avgustdan boshlab O'zbekistonda yangi ko'rinishdagi pasportlar chiqarila boshlagan. Biometrik pasportlar Toshkentning to'rt tumani aholisiga eksperimental ravishda berilmoqda. Jarayon 2015-yil oxirigacha davom etishi aytilmoqda, ya'ni amaldagi pasportlar shu davr ichida haqiqiy hisoblanadi.

Pasport tizimini takomillashtirishga doir prezident farmonida aytilishicha, "biometrik ma’lumotlarga ega pasportlar xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasi xavfsizligini ta’minlash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning qalbakilashtirishga qarshi himoya darajasini oshirish, davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlar sifati va samaradorligini yanada yaxshilash, ushbu transport turi xizmatlaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun imkon qadar qulayliklar yaratish maqsadida joriy etilmoqda".

Biometrik pasportlarning amaldagi hujjatdan farqi shundaki, ularda fuqaro haqida shaxsiy biografik ma’lumotlar, raqamli fotosurat hamda barmoqlar izlari tushirilgan biometrik parametrlarni o'z ichiga olgan elektron axborot qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG