"Islom Karimov bilan Turkiya orasi balki tuzalmas"


Turkiya Bosh vaziri Rejep Tayyib Erdog'anning Toshkentga tashrifi, 19-dekabr, 2003

Turkiya Bosh vaziri Rejep Tayyib Erdog'anning Toshkentga tashrifi, 19-dekabr, 2003

20 yil oldin O’zbekiston mustaqillikka erishib, yangi davlatchilikka asos solinganida Turkiya uni birinchilardan bo’lib tan olgan va hamkorlik qo’lini cho’zgan.

Prezident Islom Karimov aynan turk taraqqiyot modeli O’zbekiston uchun ma’qul, deya bu mamlakatning o’sha davrdagi rahbarlari bilan qator shartnoma va bitimlar imzolagan. O’zbekiston turk ziyolilari va tashkilotlari, ayniqsa ishbilarmonlariga darvozani keng ochgan.

Turkiya ham butun Markaziy Osiyoga diqqatini oshirib, madaniy jihatdan yaqin bu jamiyatlarga yordam berishga bel bog’lagan edi.

Oradan ikki o’n yillik o’tib, deydi Istanbul Tijorat Universiteti professori Nodir Davlat (Nadir Devlet), nafaqat O’zbekiston balki qo’shni davlatlar bilan hamkorlik ham maqtovga arzigulik emas.

Nodir Davlat yaqinda ingliz tilida chop etilgan ilmiy maqolasida qayd etishicha, O’zbekistonda ayni damda to’qimachilik va kiyim-kechak sohasida ishlaydigan 75 turk firmasi bor. Turkiya Savdo uyushmasiga ko’ra, 1992-2010 yillar orasida 1,8 milliard dollarga teng qurilish loyihalari amalga oshirilgan. 2010-yilda turk ishbilarmonlari O’zbekistonga 1 milliard dollar atrofida sarmoya olib kirgan.

Toshkentdagi "Turkuaz" savdo markazi yopilib ketdi

Toshkentdagi "Turkuaz" savdo markazi yopilib ketdi

O’tgan ikki yil ichida “turk islomchilariga” qarshi kampaniya avj olib, qariyb 50 biznes, xususan Turkuaz, Güneş Café va Kaynak yopildi. Unga ishlaganlar mutaassiblikda, “Nurchilar” degan noqonuniy guruhga a’zolikda ayblanib, qamaldi. Iddao qanchalik asosli degan savolga javob berish qiyin, deydi Nodir Davlat. Lekin O’zbekiston qatorida Rossiya ham shunday choralar ko’rdi.

O’zbekiston rahbariyatining Turkiya bilan yana bir muammosi mustaqillikning ilk yillariga borib taqaladi. Islom Karimovga qarshi chiqqan o’zbek siyosatchilar o’shanda Turkiyadan panoh topgan. Undan beri ko’p narsa o’zgardi.

Nodir Davlat nazarida O’zbekiston va Turkiya hamkorlik ulkan manfaat keltirishini biladi.

Nodir Davlat, Istanbul Tijorat Universiteti professori

Nodir Davlat, Istanbul Tijorat Universiteti professori

“O’zbekiston – muhim davlat. O’rta Osiyoning yuragi. Umuman olganda, 30 million o’zbek bor bu mintaqada. O’zbeklarsiz O’rta Osiyoga nisbatan siyosat olib borolmaysiz. Bugungi vaziyat ma’lum, ammo ertaga vaziyat o’zgarishi mumkin”.

Olim deydiki, Turkiya kelajakka hozirlanishi, bu xalq bilan sidqidildan bog’lanib, do’stona aloqalarni tiklashga harakat qilishi kerak.

Turkiya siyosiy doiralarida, hukumat darajasida, O’zbekiston qanchalik muhim davlat sifatida ko’riladi va u bilan aloqalar qanchalik muhokamada?

“Afsuski, uncha ko’p e’tibor berilmaydi”, - deydi Nodir Davlat.

“Prezidentimiz Abdulla Gulga bu borada aytgan edim. Javob bermadi”.

O'tgan ikki yil ichida "Nurchilar" harakatiga a'zolikda ayblanib, yuzlab shaxslar sudlandi

O'tgan ikki yil ichida "Nurchilar" harakatiga a'zolikda ayblanib, yuzlab shaxslar sudlandi

O’zbekistondan Turkiyaga sayyoh sifatida qisqa muddatga vizasiz borish mumkin. Ko’plab o’zbekistonliklar bu imkoniyatdan foydalanib, mayda biznes bilan shug’ullanadi.

Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Turkiyada hujjatsiz tirikchilik qilib yurgan minglab o’zbekistonliklar bor, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar. Nodir Davlat deydiki, turk matbuotida bu masalalar uncha yoritilmaydi.

Turkiya-O’zbekiston aloqalari sovuqlashganidan asosan oddiy xalq zarar ko’rmoqda, deydi olim. Turk bizneslari yopilgach, minglab odam ishidan ayrildi.

“Birinchidan, O’zbekiston tashqi dunyoga bir eshikni yopdi. Chunki u Turkiya osha Yevropa va jahonning boshqa tomonlariga osonroq chiqa oladi”.

Turkiyaning qo’shni davlatlar bilan aloqalari qanday?

“Qozog’iston bilan yaxshi. Qirg’iziston bilan yaxshi. Tojikiston bilan munosabatlar bor. Turkmaniston bilan esa o’rtacha”.

Sabab, deydi Nodir Davlat, Turkmanistonda ham Qurbonguli Berdimuhammedov Turkiya ilm dargohlari va bizneslarining ta’siridan tashvishda.

Mana shu xavotir ostida bugun Turkiya universitet va kollejlarida o’zbek va turkman talabalar juda kamayib ketgan. Borlari ham o’qish uchun o’z cho’ntagidan to’lashga yoki homiy izlashga majbur.

Turkiy xalqlar birlashishi, madaniy-iqtisodiy ittifoq tuzib, birgalikda taraqqiy etishi kerak degan chaqiriqlar chetda qolib ketdi, deydi Nodir Davlat.

Bu haqda bong urayotganlardan biri, masalan, Qirg’izistonning yangi prezidenti Almazbek Atambayev. Lekin undash boshqa, amaliy harakat boshqa.

Turk do'konlarida

Turk do'konlarida

“Faqat gap bilan cheklandik, chunki konkret natija bo’lishi uchun iqtisodiy birdamlik zarur. Buning uchun esa sharoit yo’q. Ikki tomonlama aloqalarga qarasak, Turkiyaning Qozog’iston bilan munosabati bor. Qirg’iziston bilan uncha keng emas. Turkmaniston bilan gaz savdosi bor. Ozarbayjon bilan hamkorlik yaxshi. O’zbekiston bilan tijorat yiliga 1 milliard, bu ko’p emas”,- deydi Nodir Davlat.

Hukumatlar bir-biri bilan samimiy muzokaraga kirishishi, azaliy muammolarga yechim topishi kerak, deydi olim.

“Ellarimiz bir-biridan yiroq. Transport masalasi yechilmagan. Ikkinchidan, O’zbekistonga kapital olib kirish va uni idora etish imkoniyatlari cheklangan. Turk ishbilarmonlari, moliyachilari va banklari O’zbekistonga olib kirgan sarmoyasiga kafolat ololmaydi. Shunday ekan, tizimga ishonch yo’q”.

O’zaro ishonchni tiklash uchun nima qilish kerak?

“Islom Karimov bilan Turkiya orasi balki tuzalmas… Munosabatlar normal holga kelmas. Ammo Karimovdan so’ng Turkiya va O’zbekiston ziyolilari hozir uzilib qolgan munosabatlarni tiklashi kerak. O’zbeklar demografik, madaniy va tarixiy jihatdan qaraganda, O’rta Osiyoning eng boy, eng oldingi elati. Shu bois Turkiya va O’zbekiston aloqani yaxshilasa, o’zlariga foyda bo’ladi”.

Istanbul

Istanbul

Turkiya - demokratik jamiyat, deydi Nodir Davlat. Siyosiy mentalitet boshqacha. Muxolifat, siyosiy bahs-tortishuv, fikr va mafkuralar xilma-xil, axborot vositalari jamoatchilik fikrini aks ettiradi. Bugun bu davlat - global maydonda faol, g’arb va sharq orasidagi strategik ko’prik.

“O’zbekistonda durust bir oppozitsiya yo’q. Boshqacha fikrlash degan narsa yo’q. Matbuot davlat nazorati ostida. Shu sabab O’zbekiston ziyolilari o’z fikrini ayta olmaydi. O’zbek hamkasblarim bor. Aloqalar yaxshi bo’lgan davrlarda gaplashar edik, sovuganidan beri bir-birimizga salom ham bera olmaymiz. Chunki, qo’rqamiz. O’zbekistonda so’z erkinligi yo’q. Xalqning fikrini bila olmaymiz. Biz liderning fikrini bilamiz”,- deydi professor.

Turkiya Markaziy Osiyodagi vaziyatga ko’z yuma olmaydi, u yerdagi rolini oshirishi kerak. O’zbekiston va qo’shni davlatlar ham mavjud imkoniyatlarni chetga surmasligi lozim, deydi Nodir Davlat.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG