Yopiq jamiyatda ulg’aygan avlod vatanparvarlik g’oyalariga befarq


O’zbekiston rasmiy doiralarida, matbuotda yoshlar tarbiyasi, dunyoqarashi, ularni yot madaniy va diniy ekstremistik oqimlar ta’siridan saqlash muammosi muhokamaga chiqqan.

O’zbekiston parlamentida o’tgan muhokama natijasida yoshlarni yot madaniy-g’oyaviy oqimlardan himoyalashga qaratilgan choralar ham qabul qilindi.

Davlatning vatanparvarlikni rivojlantirish g’oyalariga aksariyat yoshlar befarq. Tahlillarga ko'ra hukumat ko’rayotgan choralar ko’proq yoshlarni cheklashga, nazoratni kuchaytirishga asoslangan.

Bugungi yoshlar g’oyaviy jihatdan bir qadar sayozlashgani ta’kidlansada, buning asosiy sababi so’z erkinligi bo’g’ilgani, yopiq jamiyat yoshlarga jonli g’oya bera olmayotganida ko’riladi.

"Ommaviy madaniyat" o'zi nima?

Parlamentda yoshlar tarbiyasi yuzasidan o’tgan muhokama matbuot sahifalarida davom etmoqda. Davlat bildirayotgan asosiy tashvish - zamonaviy axborot texnologiyasi, turli aloqa vositalari rivojlanayotgan bir davrda yoshlarda ommaviy madaniyatga taqlid kuchayganidir.

“Ommaviy madaniyat tushunchasi so’nggi paytda paydo bo’ldi, lekin aslida madaniyat ommaviy bo’lmasin deb hech kim ayta olmaydi. Hozir mamlakatda bu haqda yozilayotgan maqolalar ham bir yoqlamalikdan xoli emas. Avvalo, ommaviy madaniyat nima, milliy madaniyat nima, qachon biz milliy madaniyatga ixlos qilishimiz kerak. Chetdan kelayotgan madaniyatdan nimalarni qabul qilishimiz kerakligi haqida aniq, isbotli bir chiqishlar kuzatilmaydi”, - deydi sharhlovchi G’olib To’laganov.

Yoshlarni turli yot g’oyaviy oqimlar ta’siriga tushib qolishdan saqlash uchun qonunchilikka ham o’zgartirishlar kiritildi. Yangi qonunga ko’ra, voyaga yetmagan yoshlar kechki soat 23:00 dan keyin internet kafe, klublar va boshqa jamoat joylariga kattalar kuzatuvisiz kirishi mumkin emas. Bu borada javobgarlik ham belgilangan.

“Bunday tashabbuslarni qabul qilish boshqa tomondan so’z erkinligi, yoshlarni huquqiy erkinliklariga ham tahdid solayapti. Keyingi paytda nafaqat yoshlar, balki jamiyat ustidan to’liq nazorat o’rnatilishi an’anaviylik kasb etayotganini kuzatishimiz mumkin”, - deydi “Veritas” yoshlar tashkiloti rahbari Suhrob Ismoilov.

Internetdan kelayotgan "tahdid"

Matbuotda ommaviy madaniyat tushunchasi aniq izohlanmagan bo’lsada, har holda madaniyatning g’arbcha ko’rinishi nazarda tutiladi. G’arb va Sharq turmush tarzi, madaniyati borasidagi bahslar azaldan mavjud.

“Nega biz o’z milliy qadriyatlarimizga, tarixiy qahramonlarimizga havas bilan qaramaymiz. Chetda urf bo’lgan ommaviy ko’rinishlarga taqlid qilamiz. Telefonlarga chet el musiqalarini qo’yib, o’zimizni milliylikdan ustunroq ekanligimizni ko’rsatishga urinamiz. Bu hali yoshlarimiz anglamagan muammo bo’lib turibdi”, - deydi sharhlovchi G’olib To’laganov.

Hukumat yoshlarning diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qoilishida ham axborot texnologiyalari, jumladan internet o’rnidan xavotirda.

Tahlilchilar nazarida mamlakatda dunyoviy demokratik davlat asoslari ham, milliy va an’anaviy diniy qadriyatlarga suyangan jamiyat ham mavjud emas. Demokratik islohotlar uchun harakat qilish ham, jamiyatda diniy qadriyatlar o’rnini belgilashga urinish ham ta’qib va tazyiqlar ostida. Jamiyat turg’unlikka tushgan bir paytda, vatanparvarlikni rivojlantirish kampaniyasi aksariyat yoshlarni befarq qoldirmoqda.

“Xuddi mavjud siyosat kabi jamiyat ham hozir turg’unlikda. Favqulodda hodisa bo’lmasa, yaqin yillarda bu holat o’zgarmaydi. Shuning uchun yoshlar ham atrof-muhitdan ta’sirlanib, o’z pozitsiyalarini belgilashda turg’unlikda turishibdi. Ko’pchilik o’z fikrini ichida saqlaydi, qishloq joylaridagi yoshlarimiz esa tashqi migratsiya, [mamlakatdan] chiqib ketishni maqsad qilib qo’yishgan”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Muammolarni emas, ular haqida gapirganlarni "to'g'rilashyapti"

Sharhlovchilarga ko’ra, konservativ asoslarga ega o’zbek jamiyatida o’zgarishlar kechmoqda. Jarayonda yoshlar milliy qadriyatlardan uzoqlashayotgan bo’lishi ham mumkin.

“Muammoning eng katta jihati - bizda sariq matbuot rivojlanib ketdi. Ko’pchilik avvaliga qotib qolgan rasmiy gazetalardan ko’ra bu yaxshi deb o’ylagan edi. Lekin bugun vatan haqida o’ylaydigan ziyolilarning sariq matbuotdan yuragi bezillab qoldi. Afsuski, yoshlarimiz uni mukkadan ketib qabul qilayapyti”, - deydi G’olib To’laganov.

So’nggi paytda o’zbek jamiyatida milliylikni diniy qadriyatlar orqali himoya qilish lozim degan qarash shakllanmoqda.

“Bugungi kunda yoshlarni nazarida to’liq ko’ngilni qoniqtira oladigan tarzdagi ma’naviy ozuqani faqat din berayapti. Xohlagan sohani oling, hamma joyda kamchilik bor, bu kamchiliklar esa to’g’rilanayotgnai yo’q. Aksincha bu haqda gapirgan odamlarni o’zini “to’g’rilashayapti”, - deydi nodavlat tashkilot vakillaridan biri.

Dindan najot izlayotganlar

So’nggi paytda jamiyatda diniy qadriyatlar o’rni barqarorlashishi kerak degan fikrdagi yoshlar safi kengaymoqda. Zamonaviy, dunyoviy va diniy bilimlardan yaxshi xabardor bu yoshlar mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy hayotga aralashmaslikni ma’qul ko’rishadi.

“Lekin hukumat baribir ularga tahdid sifatida qaramoqda. Oxirgi paytda diniy-ekstremistik tashkilotlar tushunchasi yangicha talqin etila boshlandi. O’zbekiston islom jihodiga a’zolikda ayblay boshlashdi. Ayblanayotganlarni aksariyati yoshlar”, - deydi Suhrob Ismoilov.

O’zbekiston aholisining 60 foizdan oshig’ini yoshlar tashkil etadi. Davlat yoshlar siyosatini muhim deb baholaydi. 2009 yil “Yoshlar yili” shiori ostida o’tgan bo’lsa, 2010 yil “Barkamol avlod yili” sifatida belgilandi.

So’nggi ikki yil mobaynida qabul qilingan dasturlar yoshlar uchun barcha sharoitni yaratish, barkamol, vatanparvar avlodni yetishtirishni maqsad qiladi. Bu borada mafkuraviy targ’ibot ishlarini yuritish belgilangan.

Ammo sharhlovchilar fikricha, muammolarga ko’z yumib, faqat maqtovlardan iborat bo’lib qolayotgan targ’ibot yoshlarni balandparvoz g’oyalardan bezdirmoqda.

“Kamolot” yoki boshqa yoshlar harakati dasturlarini ko’rsangiz, maqsad faqat ko’ngilocharlikdan iborat. Yoshlarni ma’naviy bir harakatga, ijtimoiy ishlarga jalb etish kuzatilmaydi. Yoshlar uchun shundoq ham ko’ngilochar joylar yetarli, ularga ko’ngildagi bo’shliqni to’ldiradigan mukammal ma’naviy ozuqa kerak”, - deydi nodavlat tashkilot vakili.

Yoshlar kimga havas qilsin?

Mulohazalarga ko’ra, bugungi kun yoshlarida intilish, maqsad, o’zlikni anglash kabi tushunchalar darajasi sayozlashib bormoqda. Bu sayozlashuv sababi ko’proq jamiyat darajasi bilan o’lchanadi.

“Ba’zan davr qahramoni kim degan mavzuda suhbatlashib qolamiz. Yoshlar qahramon sifatida bir-ikkita qo’shig’i bilan tanilgan qo’shiqchini, bir-ikkita rol o’ynab sariq matbuotda chiqqan bachkana aktyorni tushunishadi. Rasmiy matbuot esa o’z qolipida o’tirib qolgan. Biz bugun yoshlar ko’ngliga yo’l topmas ekanmiz, vaqtdan yutqazamiz”, - deydi G’olib To’laganov.

Faollarning aytishicha, aksariyat yoshlar jamiyatdan tashqarida. Ishsizlik va qashshoqlik, korrupsiya hayotning bir qismiga aylangani ularni tirikchilik ilinjida mamlakat tashqarisiga haydamoqda. Mamlakatdan tashqarida yurgan millionlab yoshlar taqdiriga hukumat ham, jamiyat ham, muxolifat ham befarq.

“Qishloq joylarida bitta sinfda 25 o’quvchi bo’lsa, ulardan 20 tasi o’zini mehnat muhojirligiga hozirlaydi. Juda kam yoshlar hukumatni hozirgi siyosatiga ishonadi. Ular o’qishni bitirgan zahoti ishga taklif qilinamiz, biz davlatga kerakmiz deb o’ylashi mumkin. Lekin mutaxassislikka ega bo’lib, katta hayotga qadam qo’ygach tezda hafsalasi pir bo’ladi. Faol siyosiy pozitsiyasini tezda so’ndirishga majbur bo’ladi”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Yaqin 10 yilda yoshlar mamlakatda aholining asosiy qatlami sifatida yuzaga chiqadi. Yopiq jamiyatda voyaga yetayotgan avlodda mamlakat va millat kelajagi uchun javobgarlik hissi qanchalik shakllana olishi savol ostida.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG