2017-yil O'zbekiston uchun qanday kechadi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Kirib kelgan 2017-yil prezident Shavkat Mirziyoyev va u va'da qilayotgan islohotlar uchun dastlabki sinov yili bo'ladi. Kuzatuvchilar yangi yildan boshlab Mirziyoyev shaxsiyatining hozirgacha jamoatchilikka unchalik ma'lum bo'lmagan qirralari ochilishini ham kutishmoqda. Mamlakatda avtoritar boshqaruvning saqlab qolinishi Shavkat Mirziyoyevda ham siyosiy fobiya rivojlanishiga turtki berishi mumkin, degan xavotir ham mavjud. Yangi yilning O'zbekiston uchun qutlug' va barakali kelishiga umid bildirgan prezidentning o'zi 2017-yildagi dasturlarni amalga oshirishda rahbariyatni astoyidil mehnat qilishga chaqirdi.

Mirziyoyev boshqaruvda yana bir yangilik kiritdi, mustaqillik tarixida ilk bor mamlakat prezidenti O'zbekiston xalqini yangi yil bilan bevosita shaxsan tabrikladi.

Karimov davrida O'zbekiston prezidentining yangi yil tabrifi faqat televideniye orqali o'qib eshittirilar edi. O'tgan yil O'zbekiston uchun yutuqlar bilan birga sinovlar davri bo'lganini ta'kidlagan Mirziyoyev “xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida rejalangan ishlar bajarilishi uchun rahbarlarni astoydil mehnat qilishga chaqirdi.

2017-yil Shavkat Mirziyoyev uchun prezidentlikning dastlabki to'liq yili bo'ladi, yangi yilning qanday o'tishi bevosita prezidentga, Mirziyoyev shaxsiyatining hozirgacha jamoatchilikka yaxshi ma'lum bo'lmagan tomonlari ochilishiga ham bog'liq ko'riladi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug'bek Haydarovga ko'ra, Mirziyoyev shaxsiyatining qirralari hali ko'pchilik uchun mavhum.

“Prezidentni kuzatib borayapman, hozircha bu kuzatishlarimni o'zimda saqlayapman, yanglishyapman degan gumonlarim ham bor. Ehtimol, Xudo berib hozirgi xulosalarim yolg'on chiqib qolar. Ammo uning qilayotgan o'zgarishlari xayrliga o'xshamaydi. U jamoatchilik bilan maslahatlashayotgani yo'q, hammasi yopiq holda qilinayapti. Masalan, u Jizzax viloyatiga hokimlik qilgan paytida xuddi shunday ishlagan. Hozir bu tajriba respublika miqyosida qo'llanilayotganga o'xshaydi”, - deydi u.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov kuzatishlariga ko'ra, O'zbekistonning yangi prezidenti o'zgarishlarga moyil, ammo bu moyillik asosan hokimiyatni mustahkamlash maqsadi bilan cheklanmoqda, xolos.

“Mirziyoyevning shaxsiyati Karimovnikidan farqli - alamzada, yopiq emas. U tashabbuslarni, g'oyalarni qo'llashga ochiq odam. O'z nufuzini, hokimiyatini mustahkamlash uchun muloqotga boradi. Mirziyoyev pragmatik, ehtiyotkor siyosatchi, boshqalarning fikrini inobatga oladi”, - deydi tahlilchi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek jurnalistlaridan yani biri Kamoliddin Yoldosh fikricha, mamlakatda avtoritar boshqaruv saqlanib qolar ekan, bu, ertami kechmi, xuddi Karimov misolidagi kabi Mirziyoyevda ham siyosiy fobiya paydo qilishi mumkin.

“Agar biz Karimovning hokimiyatga kelgan ilk yillarini eslaydigan bo'lsak, u ham oddiy, aholi bilan muloqotga ochiq edi, odamlarda umid uyg'otgan edi. Ammo siyosatchini uning fobiyasi chalg'itadi. Karimovdagi fobiya diniy ekstremizm edi va uning dushmanlari bundan juda yaxshi foydalanishdi. O'zbekiston siyosati shu fobiya iskanjasida rivojlandi. Shavkat Mirziyoyevda qanday qo'rquv yuzaga chiqadi, buni yaqin kelajak ko'rsatadi. Siyosatchida ma'lum qo'rquv yuzaga chiqsa, jamiyatni shu fobiyaga ko'ra taqsimlash, bo'lish boshlanadi. Ammo hozircha Shavkat Mirziyoyevda biror bir fobiya bor deb aytishga asos yo'q”, - deydi Kamoliddin Yo'ldosh.

Suhbatdoshlar nazarida Mirziyoyev mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotida keksin o'zgarishlar qilishga moyil emas, ammo boshqa tomondan uzoq turg'unlikda yashagan mamlakatga yangi yetakchi kelganini jamoatchilikka ko'rasatish, islohotlar borayotganini anglatuvchi tashabbuslar, amaliyotlar zarurligini tushunadi.

2017-yil O'zbekistonda “xalq bilan muloqot, inson manfaatlari” shiori ostida o'tadi. O'zbekistonliklarning haq-huquqlari, erkinliklari qanchalik ta'minlanishi esa prezidentlikning dastlabki to'liq yilini boshlayotgan Shavkat Mirziyoyevning o'ziga bog'liq ekani e'tirof qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG