O’zbekiston Afg’onistondagi tarixiy obidalarni ta’mirlamoqchi


Hirotdagi Navoiy maqbarasi

Hirotdagi Navoiy maqbarasi

O'zbekistonda faoliyat yurituvchi Xalqaro Bobur Jamg’armasi raisi Zokirjon Mashrab Hirot viloyatiga safar qilib, bu haqda bayon qilar ekan, Afg’oniston ziyolilari bu tashabbusni qo’llab-quvvatlamoqda.

Xalqaro Bobur Jamg’armasi a’zolari shu paytgacha sakkiz marotaba Hirot viloyatiga safar qilgan, bir necha obidalarni ta’mirlagan.

Jamg'arma raisining aytishicha, O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov ularga dunyo bo’ylab ajdodlar barpo etgan inshootlarni topib, qayta ta’mirlashni buyurgan.

Zokirjon Mashrab Bi-Bi-Si Afg’on o’zbek xizmati bilan suhbatda, tarixiy obidalar yo’qolib ketish arafasida deya xavotir bildirgan. Befarqlik, loqaydlik haqida shikoyat qilar ekan, o’zbekistonlik olim Afg’onistonda O’zbekiston hukumati tomonidan bir necha payt avval qayta qurilgan tarixiy obidalar buzilib ketganini aytgan.

“Beruniy hazratlarining maqbarasini ochishga nima da’vat qildi? Nima zaruriyat bor? Xarob bo’lib yotibdi. Yoki Boborahim Mashrab qamish va paxsadan qilingan bitta hujrada yotibdi. Buning shunday holatga tashlab qo’yilishi haqida kimdan so’rash ketak. Mavlono Lutfiyning maqbarasi umuman yo’qolib ketgan. Uni qidirib topishimizga uch kun ketdi. Topgandan keyin u yerda yodgorlik qo’yib ketdik. O’zbekistonda sag’ana toshini yasatdik, maqbarasini tayyorladik. O’n yildan keyin qaytib kelib ta’mirladik. Shundagi o’tiriladigan o’tirgich ham o’g’irlab ketilgan. O’rab qo’yilgan qo’rg’onning eshigi ham olib ketilgan. Marmar toshlar yoki olib ketilgan yoki sindirib ketilgan. Buni o’nglash oson narsa, lekin shunga nima zaruriyat bor edi? Demak, o’sha yerdagi xalq shunga tayyor emas. Uni tarbiyalash kerak, birgalikda tushunchalar olib borish kerak”,- deydi Xalqaro Bobur Jamg’armasi raisi Zokirjon Mashrab.

Juzjon universitetida o’zbek tili va adabiyoti bo’limidan Sayyid Nurullo Aminyor nazarida Afg’onistonda turkiy xalqlar obidalari haqiqatdan ham vayrona. Hukumat ham bunga befarq. Ularni asrash uchun mablag’ ajratilmaydi.

“O’zbekiston hukumati tarixiy obidalarni ta’mirlashga yordam bermoqchi, shu yo’lda ancha ishladilar. Lekin o’sha payt Hirot viloyati boshliqlarimi yoki markaziy hukumatmi ularga imkoniyat yaratib bermadilar. Keyin ular ma’yus bo’lib, shu ishdan voz kechdilar. Mir Alisher Navoiy simpoziumi jarayonida O’zbekiston ziyolilari Hirotdagi obidalar, jumladan, hazrati Navoiy maqbarasini ham ko’rib chiqdilar. Bilmadik endi hukumat qanday munosabat bildiradi, buni zamon isbotlaydi”,- deydi Nurullo Aminyor.

Afg’onistonning ko’plab hududlarida turkiy xalqlarga tegishli qadimiy obidalar mavjud. Hirot - obidalar markazi. Kobul, G’azni, Taxor, Mozori Sharif, Saripul, Faryob va Juzjonda ko’hna maskanlar bor. Hammasi yo’qolib ketish arafasida.

“Birinchidan, temuriylar poytaxti Hirotda Navoiy, Sulton Husayn Bayqaro, Shohruh Mirzo va avlodlarining maqbaralari bor. Saripulda Navoiy yordami asosida “Juzijonon ko’prigi” deb ataluvchi ko’prik mavjud. Bularga nisbatan, ayniqsa, Hirotdagi to’rtta minora bor - orasidan yo’l chiqarilgan, yiqilib tushish ehtimoli bor, hukumat shunga ham befarq”,- deydi Sayyid Nurillo Aminyor.

O’tmishda turkiy xalqlarga qarshi keng ko’lamli kurash olib borilgan. Ziddiyatlar natijasida tarixiy joylar nomi pashtunlashtirilgan. Noyob kitoblar xalq qo’lidan qayta chop etish bahonasi bilan yig’ib olingan, keyinchalik yoqib yuborilgan.

“Hatto qabr toshlarini sindirib Amudaryoga tashlashgan”,- deydi Aminyor.

Suhbatdoshimiz fikricha, Afg’oniston hukumati turkiy obidalarga nisbatan befarq ekan, O’zbekiston hukumati ularni ta’mirlab, xalqqa ulkan yordam bergan bo’ladi.

XS
SM
MD
LG