O’zbekistonda qish fasli bu yil ancha erta keldi. Mamlakat yozdan darrov qishga o’tdi. Havo sovimagan bo’lsa-da, odamlarning ruhi, kayfiyati yaxlagan – respublika 27 yillik rahbaridan ayrildi. Islom Karimovning vafot etgani rasman e’lon qilinmagan bo’lsa-da, ayrim mustaqil OAV lariga ko’ra, Samarqandda dafn marosimiga tayyorgarlik avjida.

"Ozodlik" radiosi va "Farg'ona" axborot agentligi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning hozir Samarqandda ekanini, Islom Karimov bilan vidolashish uchun juma kuni xorijiy rahbarlarning ko'hna shaharga tashrif buyurishini, dafn marosimi esa shanba kuni o'tkazilishini xabar qildi.

Mish-mishlar va xorijiy matbuotdagi xabarlarni O'zbekistonga qarshi axborot xuruji deb, internetdan foydalanayotgan odamlarni hushyor bo'lishga, prezidentning salomatligi uchun duo qilishga chaqirish maqsadida ko'ngillilar tomonidan «Facebook»da tashkil etilgan va juma kunga qadar Karimovning o'limi haqidagi xabarlarga ishonmaslikka da'vat etib kelgan "Здоровья Каримову" - “Karimovga sog’liq” sahifasi yurituvchilari ham davlat rahbarining olamdan ko’z yumganini e’tirof etishdi.

Oddiy odamlarni qo'rquv, xavotir va ilojsizlik qamragan. Ba'zilarning bunga oxirigacha ishongisi yo'q – hatto tuni bilan mijja qoqmay, televideniye va internetni kuzatib turganlar ham bor, ijtimoiy sahifalarda prezidentning vafot etganiga ishonmaganlar va ishonganlar o'rtasida ziddiyatlar kuzatilmoqda.

Ammo hozircha bularning hammasi norasmiy ma'lumotlar – mamlakat mish-mishlar og'ushida yashashda davom etmoqda. Davlat matbuoti juma kuni Vazirlar Mahkamasining qisqacha xabarini e'lon qildi – prezidentning sog'lig'i keskin yomonlashgani aytildi. Bu xabar mish-mishlar va oddiy odamlar orasidagi tortishuvlarni yanada kuchaytirdi. Ba'zilar buni prezidentning hayot ekaniga tasdiq sifatida ko'rsa, boshqalar xalqni Karimovning vafotini e'lon qilishga tayyorlash deb bildi. Hukumat vaziyatga oydinlik kiritmay, xalqdan asl ahvolni yashirayotgani jamiyatni bo'lib qo'ygandek.

Ko'ngil g'ash. Mustaqillik sayli ham, O'zbekiston futbol terma jamoasining Jahon chempionati saralash bahsida Toshkentda Suriyani mag'lub etgani ham ko'pchilikka tatimayapti. Har bir inson oila a'zosidan birini yo'qotgandek his qilyapti. Bu tabiiy hol.

O'zbekistonni 27 yil boshqargan rahbar davrida yangi avlod yetishib chiqdi – 1989-yilda hayotga kelganlar maktab va oliy o'quv yurtini tamomlab, oilali, farzandli bo'ldi, bu odamlar uchun Karimov otadek edi. Endi esa ular otasidan ayrilganini anglab yetdilar.

Karimov boshqalar uchun ham otadek bo'lgan, chunki so'nggi chorak asr davomida o'zbek xalqi boshqa rahbarni bilmadi, yana kimnidir prezident deb atash mumkinligini hatto xayoliga ham keltirmadi. Muddatidan erta saylovlar o'tkazilib yangi rahbar saylansa, bir muddat uni prezident deb atashga ko'nikishga to'g'ri keladi.

Islom Karimov shahxsi va uning chorak asrlik faoliyatiga baho berishdan uzoqmiz hozir, va hatto bunga hali erta deb o'ylaymiz. Vaqt – eng yaxshi hakam. Buni anglash uchun tarixga nazar solish kifoya. Qaysidir rahbarlar o'z xalqi xotirasida bir umr esda qolib, iliq so'zlar bilan yodga olinadi (Jorj Vashington, Mustafo Kamol Otaturk), kimlardir esa hayotligida o'z ismlarini zarhal harflar bilan bitib, ular asos solgan tizim yillar davomida xalqi miyasiga daho, millat otasi ekanini singdirishga uringan bo'lsa-da (Saparmurod Niyozov), minglab odamlar ularning ketidan samimiy yosh to'kkan bo'lsa-da (Iosif Stalin), ulardan keyin yuz bergan siyosiy o'zgarishlar, yangi rahbarlar, yangicha siyosat xalqning ular haqidagi xotirasini shamolday uchirib ketdi.

Tarix va vaqt Islom Karimovga qanday baho berishi, uning qaysi tarixiy shaxslar qatoridan joy olishi hozircha noma'lum. Ammo buguncha o'zini otasiz qolgan deb his qilayotgan xalq qayg'uda va sarosimada. Ertaga yangi ota oilaga kirganida ko'p narsa o'zgarishi mumkin.

"O'zbekistonni qanday kelajak kutyapti"?

Ko'plarning xayolidagi asosiy va eng muhim savol shu. Mamlakat katta siyosiy o'zgarishlar bo'sag'asida turibdi, xalqni Mustaqillikning 25 yillik yo'lidan olib o'tgan rahbarning davri tugab, yangi davr boshlanmoqda. Oldingi davrning qanday bo'lganini bilish uchun yangi davrda yashab ko'rish kerak.

XS
SM
MD
LG