Breaking News

O'zbekistonda kim yangi rahbar bo'ladi va qanday siyosat yuritadi?


Prezidentlikka asosiy da'vogar - Bosh vazir va vaqtincha prezident Shavkat Mirziyoyev
Prezidentlikka asosiy da'vogar - Bosh vazir va vaqtincha prezident Shavkat Mirziyoyev

O’zbekistonni 27 yil boshqargan Islom Karimovning o’limidan so’ng hokimiyat tepasiga kim keladi, yangi rahbar qanday siyosat yuritadi, mamlakatni qanday o’zgarishlar kutmoqda? Bu savollar hozir nafaqat ko’plab o’zbekistonliklar, balki xorijdagi tahlilchilar va siyosatchilarni ham qiynamoqda. Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida ana shu mavzuga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi.

Unda qatnashgan to’rt tahlilchining xulosasi deyarli o’xshash: Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning yangi prezident bo’lish imkoniyati yuqori va davlat siyosatida katta o’zgarishlarni kutmaslik kerak.

O'zbekistonda kim yangi rahbar bo'ladi va qanday siyosat yuritadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:43 0:00

Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo dasturi ilmiy xodimi Sebastyan Peyruz shulardan biri.

“Yangi prezident ichki doiradan chiqishi aniq. Harholda bu Shavkat Mirziyoyev bo’ladi. U 2003-yildan beri bosh vazir lavozimini bajarmoqda, siyosiy qudratga ega, Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov bilan munosabati yaxshi. Mirziyoyevni Rossiyada ham qo’llab-quvvatlashadi. Kreml O’zbekistonga ta’sirini yo’qotishni istamaydi”, - deydi u.

“Ozodlik” radiosining bosh muxbiri Bryus Panniyerning aytishicha, Mirziyoyevning rahbar bo’lishini uning dafn kunlaridagi rolidan ham bilsa bo’lar edi. Bosh vazir dafn marosimini tashkil etish komissiyasiga bosh bo’ldi, Sovet paytida esa bunday komissiya raisi partiyaning navbatdagi bosh kotibi bo’lar edi.

Mirziyoyev Karimov bilan vidolashish uchun Samarqandga borgan xorijiy rahbarlar bilan birinchi qatorda bo’ldi, Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga hamrohlik qildi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni aeroportda kutib oldi va u bilan muloqot qildi. Xotira tadbirida hukumat nomidan asosiy ma’ruzani ham Mirziyoyev qildi. Konstitutsiya bo’yicha vaqtincha prezident lavozimini bajarish vakolatiga ega Senat raisi Nig'matilla Yo’ldoshev esa hech qayerda ko’rinmadi.

Oliy Majlisning har ikki palatasi yig’ilishida masala oydinlashdi. Yo’ldoshev vaqtincha prezident bo’lishni istamadi.

“O’zbekiston elitasida yillar davomida mustaqil siyosat yuritishga imkon bo’lmadi. Mana hozir ilk bor Karimov emas, balki hukumat nima qila olishini ko’rsak bo’ladi”, - deydi Panniyer.

Karimov vafotidan so’ng elitada mustaqil siyosat yuritish imkoni paydo bo’ldi, ammo yangi siyosat eskisidan qanchalik farq qilishi mumkin?

“Ozodlik” tahlilchisining aytishicha, yangi rahbariyat o’zini barqaror qilib ko’rsatishga, amaldagi siyosatga sodiq ekanini namoyish etishga harakat qiladi, chunki bu ko’pchilikning manfaatiga javob beradi.

Jorj Meyson universiteti siyosatshunosi Erik Makglinchi ham shunday fikrda.

“O’zbek siyosy elitasi ayni vaqtda iqtisodiy elita hamdir, chunki davlat hisobiga boyiydi. Shu sababdan mana shu boylik bilan ularni ta’minlab turgan tizimni ushlab turishdan manfaatdorlar”, - deydi u.

Shunga qaramay, deydi Sebastyan Peyruz, kichik o’zgarishlar va islohotlarga guvoh bo’lamiz.

“Chunki iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi qiyinchiliklarni hamda aholining bu qiyinchliklardan noroziligini e’tiborga olganda xalq ma’lum o’zgarishlarni kutishi tabiiy hol va yangi rahbar ba’zi islohotlarni e’lon qilishi mumkin, ammo islohotlar shunchaki kosmetik, yuzaki bo’ladi”, - deydi ekspert.

“Ozodlik” radiosi O’zbek xizmatining rahbari Alisher Sidiqov nazarida, eskicha siyosat uzoq davom etmaydi, bir necha oydan so’ng yangi rahbar oyoqqa turib olgach, Turkmanistonda bo’lgani kabi mustaqil siyosat yurita boshlaydi, Karimovga sodiq bo’lgan odamlarni ishdan olib, o’z yaqinlarini atrofiga jamlaydi.

Ammo, deydi Sidiqov, Karimov davridagi inson huquqlari buzilishi, korrupsiya davom etaveradi.

Kelajakda Rossiya bilan munosabatlar qanday bo’ladi?

Erik Makglinchining aytishicha, O’zbekistonning Rossiya bilan aloqalari doim ham silliq bo’lmagan.

"Ammo O’zbekistonda hokimiyat uchun kurashayotgan tomonlar Rossiya xayrixohligidan foyda ko’rishi mumkin. Rossiya o’z ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda, biroq O’zbekistonni nazorat qila olmaydi", - deydi tahlilchi.

“Rossiya O’zbekistonni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kabi harbiy tashkilotlarga, Yevrosiyo Ittifoqiga olib kirishga harakat qiladi, ammo bu oson bo’lmaydi”, - deydi Alisher Sidiqov.

“Karimov Rossiyani hamisha masofada ushlab kelgan va Rossiya ta’sirini kuchaytirishda asosiy to’siq bo’lgan. Ammo Mirziyoyev va Inoyatov bu masalaga boshqacha qarashi mumkin. 72 yoshli Inoyatov SSSR Davlat xavfsizlik qo’mitasi sistemasida ishlagan, O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati aloqalari yaxshi yo’lga qo’yilgan”, - deydi Bryus Panniyer.

Tahlilchilar Karimov merosi va unga munosabat haqida ham fikr bildirdi. Ular nazarida, O’zbekistonning birinchi prezidenti bir necha oy yoki eng ko’pi bilan besh yilda unutiladi.

“Bunga ajablanmagan bo’lardim. Qo’shni Turkmanistonda aynan shunday bo’ldi. Avtokratik tuzumlar uchun bu normal holat. Eski rahbar o’lishi bilan uning merosi tez yo’qoladi. Davlat idoralarida Karimov portretlarining olinishiga hali guvoh bo’lamiz”, - deydi Erik Makglinchi.

Alisher Sidiqov Karimov o’limidan so’ng O’zbekistonda shaxsga sig’inish boshlanganini aytadi.

“Karimov hayotligida bunga yo’l qo’ymagan edi: ko’chalarga o’z nomini bermas, o’ziga haykallar qo’ydirmagan edi. O’limidan so’ng esa unga atab qo’shiqlar kuylashmoqda, she’r va musiqalar bitishmoqda, haykallar o’rnatish rejasi bor. Ammo bu uzoqqa cho’ziladi deb o’ylamayman”, - deydi jurnalist.

Bryus Panniyerning aytishicha, Karimovning oilasiga siyosatda rol o’ynashga, yangi rahbarni tanlashga imkon berilmaydi. Ularga O’zbekistonda qolishga ruxsat berishsa ham katta gap, deydi u.

Yangi hukumatga tahdidlarga kelganda esa tadbirda fikr bildirgan tahlilchilar na siyosiy muxolifat va na islomiy ekstremistlarning hokimiyatga da’vosini jiddiy qabul qiladi. Hukumatga qarshi harakatlar qattiq bostiriladi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG