"Beqarorlik ham, barqarorlik ham Karimov bilan bog'liq"


Yaqinda Samarqandda o’tgan anjumanda, ayrim manbalarga ko'ra, prezident Islom Karimov lavozimdan ketishga shoshmayotgani haqida gapirgan.


O’zbekistonda Oliy Majlisga saylovlar shu yilning 21-dekabriga belgilangan. Prezident saylovlari esa kelasi yil bahorda bo‘lib o‘tishi kerak, ammo sanasi hali ma’lum emas.

Yaqinda Samarqandda o’tgan xalqaro anjumanda, ayrim manbalarga ko'ra, prezident Islom Karimov oliy lavozimdan ketishga shoshmayotgani borasida gapirgan. Lekin prezident haqiqatdan ham bu haqda og’iz ochdimi, yo’qmi, tasdig’ini topmagan. Lekin ushbu xabar ayniqsa chet eldagi muxolif doiralar orasida katta shov-shuvga sabab bo’lmoqda.

Samarqanddagi konferensiyani yoritgan va muxbiri uni yaqindan kuzatgan “Frans Press” agentligi (Agense France-Presse) “Meni hokimiyatda uzoq o`tirganim uchun tanqid qilishadi, tanqid qilaverishsin. Lekin men ishimni davom ettirishni xohlayman. Buning nimasi yomon?” deya Islom Karimov nutqidan iqtibos keltiradi .

Prezidentning matbuotda e`lon qilingan nutqida esa bu iqtiboslar yo`q, televideniyeda efirga uzatilgan ma'ruzada ham yuqoridagi gaplar yo'q.

Karimov o'z chiqishida mamlakat rivojlanishida barqarorlikning o`rni qanchalik muhimligiga alohida to`xtalgan.

“Men shuni alohida ta’kidlamoqchiman, barqarorlik bo`lmagan joyda rivojlanish bo`lishi mumkin emas, barqarorlik bo`lmasa fan rivojlanmaydi. Shundagina maktablar bo`ladi, ta`lim bo`ladi, ta’limga qiziqish paydo bo`ladi. Eng muhimi esa odamlar atrofda tinchlik, barqarolik bo`lgan sharoitdagina rivojlanishni istashadi” .

O`zbekiston tinch yashayotganida Islom Karimovning boshqaruv uslubi o'ziga xos ahamiyatga ega, deydi ekspertlar, ammo uning uzoq yillik hukmronligi ham beqarorlik keltirib chiqaradigan omil.

Bu yili 76 yoshga kirgan Karimov salkam 25 yildan buyon boshqaruvda. Undan keyin nima bo'ladi?

Mintaqaning yirik davlatlari O`zbekiston va Qozog`istonda hokimiyat almashishining qonuniy yo`llari yo`qotilgani, keksayotgan liderlar siyosiy vorislik masalasini mavhum qoldirayotgani mintaqada silkinishlarga yetaklashi mumkin degan xavotirlar kuchli.

“Qozog`iston va O`zbekistondagi vaziyat bir-biriga juda o`xshash. Karimov ham, Nazarboyev ham hozirgacha boshqaruvni mustahkam ushlab turgan sovet mafkurasining so`nggi vakillaridan. Har ikki davlatda hokimiyatning qanday almashishi mavhum, qonuniy vositalar ishlamaydi. Buning o`rniga har doimgidek, turli mish-mishlar, ssenariylar, gap-so`zlar. Odamlar nimaga to`qnash kelish mumkinligini bilishi kerak. Har ikki davlatdagi keksa liderlarning kutilmaganda birin-ketin almashishi esa mintaqani katta xavf qarshisida qo`yadi”, - deydi qozog`istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev.

Karimov o`z faoliyatini davom ettirish niyatida ekan, nisbiy barqarorlik yana bir necha yilga uzayar, lekin bu Karimovdan keyingi mavhumlikka oydinlik kiritmaydi, barqarorlikni ham kafolatlamaydi.

“O`zbekistondagi vaziyat ancha og`ir. Diniy radikalizm xavfi kuchli. Aholi orasida norozilik ruhi ham yuqori. Bularning hammasini Islom Karimov temir qo`l bilan bostirib keldi, ammo shunga qaramasdan aholidagi ijtimoiy noroziliklar sizib chiqdi. Andijon voqealariga guvoh bo`ldik. Hozirgacha bo`lgan tuli gap-so`zlarga qaramasdan shunisi aniqki, keksa liderlar boshqaruvda ekan, hech kim hokimiyatga da’vogarligini ochiq ayta olmaydi. Karimov va Nazarboyev siyosatdan mutlaqo ketgandan so`nggina hokimiyat uchun keskin kurash boshlanishi mumkin”, - deydi Satpayev.

Ko’plab kuzatuvchilar Karimov hokimiyatdan o`z ixtiyori bilan ketmaydi degan fikrda.

“Karimov taxtda qolar ekan, O`zbekistonda hech narsa o`zgarmaydi. Diktatorlar umri oxirida juda yomon ahvolga tushishadi. Ular hammasini tushunishi, bilishi mumkin, lekin qilgan ishlari uchun xalq oldida, tarix oldida javobgarlik ularni chekinishga qo`ymaydi. Shuning uchun ham ular odatda umrining oxirigacha o`z ishini davom ettiradi”, - deydi huquq himoyachisi Tolib Yoqubov.

Islom Karimov navbatdagi prezidentlik saylovida qatnashadigan bo`lsa, bu qanday huquqiy asoslarga ko`ra surilishi noma`lum.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG