O'zbekistonda yana bir amnistiya, uch ming odam qamoqdan chiqdi


"Jasliq" qamoqxonasida

"Jasliq" qamoqxonasida

O’zbekistonda yaqinda Senat tomonidan qabul qilingan va qariyb 70 ming kishiga aloqadar amnistiyaga muvofiq 3 mingdan oshiq odam jazoni o’tash muassasalaridan ozod qilinmoqda. Lekin ular orasida siyosiy mahbuslar yo’q.

O’zbekistonda amnistiyaga kirmagan eng og’ir "jinoyat" inson huquqlarini himoya qilish, mustaqil jurnalistika va muxolif siyosiy harakat bilan shug’ullanish bo’lib qolmoqda.

Amnistiya haqidagi hisobot Bosh prokuraturaning 30-may kuni o’tgan yig’ilishiga ko’ra e’lon qilingan.

O’zbekistonda jazo o’tayotgan odamlar soni mavhum qolayotgan paytda prokuratura hisobotidagi raqamlar shubha uyg‘otadi, deydi O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

"Negaki, bu yerda juda katta son keltirilayapti. Hukumat o’z axborot vositalari orqali kimlar amnistiyaga tushgani haqidagi ro’yxatni e’lon qilishi mumkin edi. Ammo bu narsa qilinmaydi, faqat quruq son keltiriladi. Menga hozir amnistiyaga tushgan mahbuslarning yaqinlari murojaat qilishayapti. Ularni amnistiyata tushgani aniq, lekin ozodlikka chiqarilmagan, ya’ni amnistiya tasdiqlanmagan. Jazoni o’tash boshqarmasida esa buning sabablarini izohlashmayapti. Aniq aytishgan shu bir-ikki haftada chiqib qolishi haqida, ammo chiqmagan. Bunaqalar juda ko’p. Bular prokuraturaning hozirgi raqamlariga kirganmi, yo’qmi bu ham noma’lum. Qamoqxonada 120 mingga yaqin mahbus bo’lsa, ozodlikka chiqarilgan 3 ming kishi faqat 2 foiznigina tashkil etadi".

O’zbekistonda har yili e’lon qilinadigan amnistiya 20 yildan buyon qamoq jazosini o’tayotgan muxolifat a’zolarini ham, o’n yildan oshiq qamoqda qolayotgan mustaqil jurnalistlarni ham chetlab o’tadi.

Amnistiya bu faollar uchun jazo muddati qisqarishiga umud beruvchi xabar emas, aksincha jazo muddati uzaytirilishidan darak beruvchi tahdidga aylangan.

“Men Murod Jo’rayev bilan qamoqxonada ko’rishgan edim. Bu yanvar oyida bo’lgani uchun men ham uni amnistiyaga tayyorlashaypti deb o’ylagan edim. Ammo xabaringiz bor, Jo’rayevga nisbatan yana 3 yildan oshiq muddat qo’shib berishdi. Buning sababi esa uning siyosiy mahbus ekanligida ”, - deydi Ikromov.

Amnistiya 60 yoshdan oshganlarga nisbatan qo’llanishi kerak. Qamoqda qolayotgan siyosiy mahbuslarning ko’pchiligi allaqachon 60 dan oshgan.

Mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov shu oy qamoqxonada 64 yoshini qarshiladi. Shu munosabat bilan Abdurahmanovning oilasi O’zbekiston prezidentiga ochiq xat bilan chiqdi.

Xatda Abdurahmonovning sog’lig’i o’ta yomonlashgani bois Islom Karimovdan muruvvat ko’rsatish, jurnalistni muddatidan avval ozodlikka chiqarish so’raladi.

Giyohvand moddalar savdosida ayblanib 10 yillik qamoqqa tashlangan Abdurahmonov Qoraqolpog’istondagi vaziyatni yoritib kelayotgan noyob mustaqil jurnalistlardan biri edi.

Surat Ikromov deydiki, siyosiy mahbuslarning ozod etilishi qonunchilikka emas prezident marhamatiga yoki xalqaro aralashuvlarga bog’liq masala.

“Sistema shundayki, bu narsa eng yuqorida hal qilinadi. Hech kimga buning sabablari oshkor qilinmaydi, nega chiqarishdi yoki nega chiqarishmadi. Albatta hukumatga juda katta bosimlar bo’lsa, siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqariladi, bunaqa holatlar bo’lgan. Nafaqat Solijon Abdurahmonov, balki qamoqdagi boshqa faollarning ishi bilan ham mahalliy inson huquqlari tashkilotlari shug’ullangan, ammo hozirgacha ularning birortasini ozodlikka chiqarish yoki amnistiyaga tushirishga muvaffaq bo’linmagan. Shuning uchun ham bu faqat yuqoridagi hukmga bog’liq, bizning davlat shunday davlatki, og’zaki bir buyruqning o’zi yetarli”, - deydi Ikromov.

Bosh prokuratura hisoboti chiqishidan biroz oldin “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati a’zosi Abdurasul Xudoynazarov muddatidan oldin ozodlikka chiqdi. Xudoynazarovning ozod etilishi insonparvarlik tamoyillariga bo’gliq ko’riladi.

“Ezgulik” jamiyatiga ko’ra, Xudoynazarov qamoqxonada sil kasalligini yuqtirgan. 2008-yilda u qamoqxonada o’z joniga qasd qilishga urungan edi.

Huquq himoyachilari mamlakat qamoqxonlaridagi diniy tutqunlar, siyosiy sabablar bilan qamalgan insonlarga taqdiriga e’tibor qaratib keladi. Ammo O’zbekiston hukumati siyosiy va diniy mahbuslar degan tushuncha yo’q deb ularning haqiqatdan ham mavjudligini rad etib keladi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG