Dindorlar amnistiyaga tushgani jiddiy o'zgarishmi? Xulosa qilishga shoshmang


2003-yilda Jasliq qamoqxonasida olingan surat

2003-yilda Jasliq qamoqxonasida olingan surat

O’zbekistonda diniy motivlar bilan qamalgan mahbuslardan bir nechasi amnistiya orqali ozod etilgan. O’zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhiga ko’ra, namozxonlar bu tarzda oxirgi marta 2006-yilda chiqarilgan. Hukumatning bu marhamati yaqinlashayotgan prezident saylovlari va qamoqxonalardagi vaziyat bilan bog’liq deya sharhlanmoqda.

O’zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov deydiki, hozircha qancha dindor amnistiyaga tushganini aniq aytish qiyin, biroq soni katta ekani taxmin qilinadi.

“Masalan, bitta koloniyadan diniy ayblovlar bilan qamalgan 20 mahbus chiqarilgan. Bu faqat bitta koloniyadan chiqarilgani, bunaqa holatlar esa ko’p”, - deydi bu borada izlanib kelayotgan faol.

O’tgan 9 yil mobaynida dindorlarning jazo muddati qisqargani emas, uzaytirilganiga ko’p marta guvoh bo’lganmiz, deya qayd etadi Ikromov.

11-fevral kuni 2010-yilda ekstremistik guruhlarga aloqaladorlikda ayblanib qamalgan taniqli jurnalist Xayrulla Hamidov amnistiyaga ko’ra ozod etildi. Diniy ma’ruzlari bilan nom qozongan Hamidovning matbuotga bildirishicha, u singari avf etilganlarning aksariyati diniy qarashlari uchun qamalgan fuqarolardir.

Jurnalist va boshqalar O'zbekiston hukumati, shaxsan Prezident Islom Karimovdan ularni avf etgani uchun minnatdor ekanini aytadi.

Surat Ikromov nazarida:

“Birinchidan, bu saylovlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Ikkinchidan, qamoqxonalarda diniy ayblovlar bilan qamalayotganlar soni juda ko’payib ketgan. Joy masalasida, byudjet masalasida aniq aytishim mumkin, bu juda katta mablag’ talab etadi. Shuning uchun ular koloniyalarni ozgina bo’shatish kerak degan xulosaga kelishayotgandir”.

Ayrim mulohazalarga ko’ra, jamiyatda norozilik kuchayib bormoqda, ayniqsa namozxon fuqarolar orasida, hukumat vaziyat bilan hisoblashishga majbur.

“Saylov bo’lish-bo’lmasligidan qat’i nazar, taranglik bor. O’zbekiston hukumati xalq bilan ochiq muloqotga kirishishi kerak, qamoqxonalarda komissiyalar tuzishi kerak nohaq qamalganlar uchun. Butun dunyo O’zbekistonda jinoiy ishlar to’qib chiqarilayotganini yaxshi biladi. Agar hukumat o’z xalqiga ozgina do’stlik nazari bilan boqsa, aminmanki, jamiyatdagi taranglashib borayotgan keskinlik darhol yumshaydi”, - deydi huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

Xayrulla Hamidov va boshqa dindorlarning ozodlikka chiqayotgani O’zbekistonda e’tiqod erkinligiga nisbatan munosabat o’zgarganidan darak beradi deyish qiyin.

Diniy motivlar bo’yicha sud-tergov ishlari avvalgi ko’lamda davom etmoqda.

Ayni paytda Xorazmda 30 ga yaqin furaqo “Jihodchilar” guruhini tashkil etishda ayblanmoqda.

Toshkent sud apellyatsiya hay’ati esa o’tgan yili Norvegiyadan qaytgach sudlangan olti fuqarodan uch nafarining ishini shikoyat tartibida ko’rib chiqib, hukmni o’z kuchida qoldirgan. Ular 12-13 yil qamoqda o’tirishga loyiq deb topilgan.

Norvegiyadan O’zbekistonga qaytgach, hibsga olingan bu fuqarolar O’zbekiston jinoyat kodeksining 159 (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 224-1 (“Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish”), 244-2 (“Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish”), 246 (“Kontrabanda”) moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan edi.

Asadulla Rixsiyev va Ahmadjon Xoliqov 13 yil, Jahongir Tojiyev, Shuhrat Ilhomov, Zafar Karimov va Davron Rahmonov 12 yilga ozodlikdan mahrum etilsin deya hukm chiqarilgan.

12-fevralda ko’rilgan ish Rixsiyev, Ilhomov va Rahmonovning shikoyati edi. Tojiyev, Xoliqov va Karimovning kassatsiya shikoyati keyinroq ko‘rib chiqiladi.

Bu shaxslarning hammasi bir necha oy oldin O’zbekiston davlat televideniyesida aybiga iqrorligini aytib, sharmanda qilingan, vatani va xalqiga xiyonatda qoralanib, nafaqat ekstremist guruhlar bilan aloqa qilgani balki gomoseksual faoliyat yuritganini ham tan olgan edi.

Bu ishlar bilan yaxshi tanish huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, ushbu “iqrornoma” keskin qiynoqlar mahsuli, sahnalashtirilgan holat.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG