O'zbekiston matbuotida qochqinlar, qirg'in mavzusi tilga olina boshlagan


"O'zbekiston ham baribir qochqinlarning hammasini sig'dira olmaydi".

"O'zbekiston ham baribir qochqinlarning hammasini sig'dira olmaydi".

Qizil Xoch Qo`mitasi, BMT yordami Andijonning Marhamat, Jalaquduq, Xonobod tumanlarida qochinlar lagerlariga yetkazilgan.

Xalqaro tashkilotlar xodimlari Namangan viloyatidagi lagerlarda vaziyat bilan tanishgani, insonparvarlik yordamlari jo`natilgani haqida ma`lumotlar bor.

AQSh mulozimlari Qirg’iziston hamda O’zbekistondagi vaziyatni kuzatib bormoqda. Mintaqaga borgan AQSh Davlat kotibi yordamchisi Robert Bleyk rasmiylar bilan uchrashuvda O`sh va Jaloloboddagi zo`ravonlik, shuningdek, O`zbekistonda qochqinlarga yordam ko`rsatish masalasini muhokama qilgan.

Robert Blyek Toshkentdagi rasmiy uchrashuvlaridan so`ng juma kuni Andijonga borishi kutilmoqda.

AQShning O`zbekistondagi elchixonasi Qirg`iziston janubidagi shafqatsizliklardan chuqur afsusda ekanini aytmoqda. Qo’shma Shtatlar qochqinlarga insonparvarlik yordami ko`rsatish uchun 32 million dollardan oshiq marlag` ajratdi.

O`zbekiston matbuotida ham O`sh va Jaloloboddagi xunrezliklar, qochqinlar bilan bog`liq vaziyat muhokamaga chiqayotgani kuzatiladi.

O`zbekistonda qochqinlarga yordam ko`rsatish uchun hisob raqami ochilgan. Mamlakatdagi turli nodavlat tashkilotlar qochqinlarga yordam ko`rsatish bobida faoliyat boshlagan. Respublika bo`ylab oziq-ovqat va boshqa turli yordamlar yig`ish ishlari davom etmoqda.

Taniqli adabiyotshunos va jurnalist Yoqubjon Xo`jamberdiyev O`sh qirg`inlari boshlangandan buyon Andijonda qochqinlarga ko`mak ko`rsatish bo`yicha jonbozlik qilib keladi.

“Qirg`izistondan kelayotgan qochqinlar O`zbekistonda juda yaxshi kutib olindi. Hamma sharoitlar yaratildi, xalqaro tashkilotlarning ko`magi kelguncha ham O`zbekiston tomonidan barcha zarur yordamlar yetkazib turildi”, - deydi Yoqubjon Xo`jamberdiyev.

Unga ko`ra, Qirg`izistondan O`zbekistonga o`tolmay chegara hududida qolib ketgan qochqinlarning ahvoli og`ir.

“Xonobod tumani bilan chegaradosh Bekobod degan joy bor, qochqinlar asosan Bekobod bilan qo’shni joydan o`tishgan. O’sha yerda ham 10 mingga yaqin odam to’planib qolgan. O`zbekiston ham baribir qochqinlarning hammasini sig`dira olmaydi. Ularga yordam yetkazilishi og`ir bolayapti, yetib ham kelmayapti. Jalolobodda xalqaro yordam taqsimlangan, hatto yordam yuborilgani videoga ham olingan, ammo bu yordam Suzoqqa yetib kelmasdan orqadan BTRlardami, qirg`izlar kelib, olib ketishgan. 7 ming tonna yordamni”, - deydi Xo`jamberdiyev.

O`zbekistondagi qochqinlar hamon O`sh va Jalolobodda qolayotgan qarindoshlari taqdiridan xavotirda. Qirg`in natijasida o`z yaqinlarini yo`qotgan ayollar juda ko`p.

“Ukalarimiz, akalarimiz sizlar ketinglar, biz himoyada qolamiz deb qolishdi. Biz majburlikdan qochib keldik. Endi ular qochoq xalq deb katta ketayotgan emish”, - deydi qochqinlardan biri.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, qochqinlar orasida yaqin kunlarda vatanga qaytishi mumkinligi haqida gap-so`zlar yuribdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG