Breaking News

O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?


O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?
O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?

Arab dunyosidagi qo’zg’olonlarning Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistonga ta'siri qanday?

Internetdagi xabarlarga ko'ra, O’zbekistonda yozda tinch namoyishlar rejalangan.

Jamoatchilik orasida keng tarqalgan fikr shuki, namoyishlar bo’lsa ham hukumat ularni kuch bilan tinchitadi.

Arab jamiyatlari va O'zbekiston orasida siyosiy va ijtimoiy o’xshashliklar borligi sir emas. Qolaversa, abadiy rahbarning o’zi yo’q.

AQSh Kongressida 11 may kuni mana shu masala muhokama qilindi. Diplomat, ekspert va siyosiy faollar so'zladi.

AQSh Kongressi
AQSh Kongressi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo'yicha komissiya, qisqacha Xelsinki Komissiyasi nomi ostida tanilgan hay'atda respiblikachi va demokrat qonunchilar o'tiradi.

Ular oldida gapirgan Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini, regionlarni qiyoslaydi.

“Namoyishlarga turtki berayotgan omillarni O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston va Turkmanistonda ham ko’rish mumkin”, - deydi u.

“Ishsizlik, yo’qsillik, siyosiy sharoit va yoshlar uchun imkoniyat yo’qligi ana shular jumlasidan. Lekin tafovutlar ham serob”, - deydi Bleyk.

AQSh rasmiysi nazarida aynan shu farqlar bois mintaqada isyon bo’lishiga ishonish qiyin.

Bleykning aytishicha, iqtisodiy ahvol Yaqin Sharqdagi kabi og’ir emas. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisob-kitobiga ko’ra, O’zbekistonda joriy yil ishsizlik darajasi 0,2 foiz atrofida. AQSh mulozimi bu raqamlarni hukumat taqdim etganini alohida eslatib o’tadi. Aytish joiz Misrda ishsizlik 9, Tunisda esa 14 foizga yaqin.

Arab dunyosidagi g'alayonlar
Arab dunyosidagi g'alayonlar

Bundan tashqari Misr va Tunis ahli g’alayon paytida internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalangan, axborot, fikr almashgan.

“Holbuki, Markaziy Osiyo davlatlarida global tarmoqqa kunda kiruvchilar soni 10 foizdan ko’p emas”, - deydi Robert Bleyk.

Bu raqam kun-sayin o’sib borayotgan bo’lsa-da, hukumat internetni to’sish yo’llarini mukammal o’rgangan. Haddi sig’ib, izlangan jurnalistlar tazyiq ostida va mustaqil ommaviy axborot vosiyalari yo’q hisob, deydi rasmiy.

"Lekin texnologiyani yaxshi bilgan, jahonda nima bo’layotganidan xabardor yoshlar ulg’ayib kelmoqda. Hukumatlar siyosiy islohotlarni amalga oshirishi kerak”, - deydi diplomat.

Siyosiy tahlilchi Pol Gobl fikricha, arab bahori dunyoning avtoritar rahbarlar hukmron boshqa davlatlarida birdaniga tub o’zgarish qilishi gumon.

“Zolim prezident qo’li ostida yashayotgan xalqlar dunyoqarashi o’zgarmoqda”, - deydi amerikalik olim.

Yaman ko'chalarida
Yaman ko'chalarida

Qo’zg’olon bo’lishi mumkin emas, buning iloji yo’q degan tasavvur yemirila boshladi. Odamlar shu xayolga bordimi, demak o’zgarish bo’ladi”, - deyi Pol Gobl.

“O’zbekiston xalqi 20 yildan beri bunga ishonmay kelayotgan edi”.

Biroq arab dunyosida qo’zg’olonlar qonli tus olib, fuqaro urushiga aylanar ekan, namoyishlarni avvaliga qo’llab-quvvatlagan odamlar qo’rqib qolgan.

O’zbekistonda, xususan tinch qornim-tinch qulog’im, qo’shni Afg’onistonning holiga tushmaylik deguvchilar juda ko'p.

Robert Bleyk fikricha Markaziy Osiyoda odamlar Yaqin Sharq emas, ko'proq Afg’onistondagi ahvoldan xavotirda.

“NATO hujumi ostida Tolibon hozir O’zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston tomon qochmoqda. Ayniqsa, Tojikistonning odamlar bemalol o’tib yuradigan, uzunligi 1400 kilometr keladigan ilma-teshik chegarasi qo’shnilarni o’ylantirib qo’ygan”, - deydi AQSh rasmiysi.

O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?
O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?

Tadqiqotchi Pol Gobl deydiki, avtoritar hukumatlar terrorizm va diniy ektremizmni vaj qilib, tub o’zgarishlar beqarorlik va urushga yetaklaydi deya o’z siyosatini oqlab keladi. Holbuki, aynan repressiya va zulm ektremizm, terrorizmga yetaklaydi, deydi u.

Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston xalqi tashqi duyo qo’llab-quvvatloviga muhtoj.

“Misr va Tunis ahli qo’zg’olonni tebratgani rost”, - deydi Gobl. “Lekin ularni suyagan xalqaro hamjamiyat, dunyoning turli burchaklaridan turib olqishlagan oddiy odamlar edi”.

“Markaziy Osiyoga faqat Afg’oniston nuqtai nazaridan qarashni bas qilib, bu davlatlar uchun ham mana shunday ko’makka tayyor turishimiz kerak”.

Tinglovda so’zlagan yosh ekspert Skot Radnits so’zlariga ko’ra, mustaqillikdan 20 yil o’tib ham, mintaqa hamon o’sha sobiq imperiya doirasida fikrlaydi.

“Aholisi asosan musulmon Markaziy Osiyoda odamlar hali ham rus tilida so’lashib, uni ustun deb biladi, rus telekanallarini tomosha qiladi. Kreml nima derkan deb turadi. Rossiya matbuoti esa Yaqin Sharqdagi namoyishlarni chalkash, mantiqsiz, islomiy radikallar boshliq to’polon deb talqin qilmoqda”, - deya mulohaza yuritadi tahlilchi.

Mintaqada faqat Qirg’iziston namoyishlarni boshidan kechirgan. Lekin Skot Radnits fikricha, bu qo’zg’olonlar ortida demokratik islohot so’ragan xalq turgan emas.

“Qirg’izistonda biznes ahli hokimiyat uchun talashib, namoyishlarni qurol qilib olgan”, - deydi olim.

“Oddiy odamlar bilan hisoblashadigan arboblar yo’q hali”.

O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?
O'zbekistonda qo'zg'olonlar ehtimoli qanday?

G’ulom Umarov, "Serquyosh O’zbekiston" koalitsiyasi vakili ham tinglovda so’zladi.

Uning aytishicha, O’zbekistonda namoyishlar bo’lishi gumon.

“Ommabop saytlarda da’vatlar bilan chiqayotganlar esa asosan chet elda yurganlar”, - deydi u.

“Xalq tirikchilik bilan ovora. 1 iyul kuni biror odam ko’chaga chiqishiga ishonmayman, chunki mamlakatda militsiya, hukumat va internetga kiruvchi bir necha 10 kishidan boshqa hech kim bilmaydi bu haqda”, - deydi G’ulom Umarov.

Pol Gobl fikricha yozgi tashabbus hukumatning fitnasi.

“Ana, hech kim kelmadi!” deyish uchun bahona.

Biroq, deydi u, gap o’zgarish istab chiqqan odamlar sonida emas. Kichik bir guruh axborot tarqatib, odamlarni oyoqqa turg’azishi mumkin.

"Internetda besh-oltita odam bor ekan, deb xulosa qilish, menimcha to’g’ri emas", deydi olim.

XS
SM
MD
LG