Karimov va Atambayevning aytishib qolgani aloqalarga qanchalik ta'sir qiladi?


Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev, Rossiya rahbari Vladimir Putin Moskvada, 9-may, 2015-yil.

Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev, Rossiya rahbari Vladimir Putin Moskvada, 9-may, 2015-yil.

O'zbekiston rahbari Karimov "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan bergan bayonotida uzoq va yaqindagi barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash - birinchi darajali vazifamizdir, degan edi.

Bu orada, uning Moskvadagi anjumanda Qirg'iziston rahbariga qarata aytgan gaplari qizg'in muhokamada. Qirg'iziston matbuoti Karimovning Almazbek Atambayevga bergan tanbehlarini mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shilgani bilan bog'layotgan bo'lsa, Ukraina matbuoti Moskva rejalagan ziddiyatni Karimov puchga chiqargani haqida yozmoqda.

MDH liderlarining Moskvada o'tgan norasmiy sammitida ikkinchi jahon urushidagi g'alabani nishonlashga oid mulohazalar bo'yicha Karimov va Atambayev o'rtasida kuzatilgan tortishuv munozaralar uyg'otishda davom etmoqda.

Qirg'iziston prezidenti ma'muriyatining tashqi ishlar bo`limi boshlig`i Sapar Isakovning matbuotga bergan izohiga ko'ra, Atambayevning fikrlari mutlaqo mantiqli va o'rinli, lekin Islom Karimovning davlat rahbari sifatida boshqa bir davlat rahbarining chiqishini bu tariqa va bunday ohangda baholashi o`rinsiz bo`lgan.

O`zbekistondan farqli Qirg`izistonda, qirg`iz matbuotida ham Karimov va Atambayev o`rtasida kechgan tortishuvning ikki davlat o`rtasidagi aloqalarga qanchalik ta'sir qilishi munozara qilinmoqda.

Qirg`izistonlik ekspertlar Karimovning Atambayevga nisbatan tanqidlari g`alabani qanday nishonlashga oid bahslarga emas, balki Qirg`izistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo`shilishi bilan bog`liq ko`rishadi.

Ekspert Mars Sariyvning yozishicha, Yevrosiyo ittifoqiga a`zolik Qirg`izistonni O`zbekiston ta'siridan uzoqlashtiradi, qo`shnilariga nisbatan bosim imkoniyatidan mahrum bo`layotgan Karimov esa bundan asabiylashmoqda va norasmiy sammitda buni oshkor etib qo`ygan.

Qirg`iziston sharhlovchilariga ko`ra, prezidentlar tortishishi shundoq ham keskin bo`lgan ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarda ziddiyatni oshirmaydi, o`zbek tomoni tabiiy gazni o`chirishi ehtimoli yiroq.

Prezidentlar mojarosi senzura ostidagi o`zbek matbuotida aks etmaydi, ammo MDH sammitida, Moskvadagi g`alaba paradida ham ishtirok etmagan Ukrainada matbuot mavzuni izchil muhokama qilmoqda.

“Vestiua.com” nashri o`z maqolasini “Islom Karimov postavil na mesto Almazbeka Atambayeva” deb nomlagan.
<http://vestiua.com/ru/news/20150508/66060.html>

Nashrga ko'ra, Kreml MDHning zaif davlati Qirg`izistondan, prezidentidan o`z maqsadlari yo`lida foydalanmoqda. Kreml Atambayev qo`li bilan Moskvadagi g`alaba paradida qatnashishdan bosh tortgan MDH liderlarini kamsitmoqchi bo`lgan, ammo tajribali Karimov Moskvaning bu niyatini puchga chiqargan.

Ukraina matbuoti Karimov va Atambayev tortishuvini yoritar ekan, Prezident Petro Poroshenkoning Moskvadagi paradda ishtirok etmagan davlatlar rahbarlariga bildirgan minnatdorchiligini eslatib o`tadi. Ukraina Moskvani g`alaba bayramini o`zlashtirganlikda ayblaydi, Qrim ishg`olida qatnashgan rus harbiy texnikasi g`alaba paradida qo`yilishini qabul qilib bo`lmas deb baholaydi.

O`zbekistonlik ekspert Anvar Nazirning aytishicha, Karimov Moskvadagi harbiy paradda ishtirok etmagani Ikkichi jahon urushidagi g'alaba mamlakatda Xotira va qadrlash kuni nishonlanishi bilan bog`liq. Lekin Ukrainadagi so`nggi mojarolar Moskva siyosatidan xavotirni jiddiy oshirgan, Toskent esa MDHda Ukrainani qo`llab-quvvatlash pozitsiyasida.

“Bu ochiq-oydin aytilmayapti, lekin Toshkent Ukraina tomonida. Oxirgi paytda MDH miqyosida yuritilayotgan siyosat ham shundan darak berayapti, Ukrainani qo`llab-quvvatlayapti. Chunki bu narsa (Rossiyaning Ukrainadagi harakati) Toshkent uchun ham xavfli, Ukrainada Qrim masalasi paydo bo`lgach, birdaniga o`zbek internetida ham turli gaplar paydo bo`ldi, Qoraqalpo`gistondagi ayirmachilar, mustaqillik haqida. O`zbekiston hukumati bunday narsalarga juda sezgir, bu narsa yoqmaydi, lekin bu Qrim muammosidan kelib chiqqan oqibat. Bu oqibat O`zbekistonda ham sezilishi mumkin, hukumatning esa bunga nisbatan o`z javobi bo`lishi kerak”, - deydi Anvar Nazir.

Karimov va Atambayev o`rtasidagi tortishuv MDH liderlarini 8- may kuni Moskvada o`tgan norasmiy sammitida kuzatildi.

MDHdagi ayrim liderlar Moskvadagi harbiy paradda ishtirok etmayotganini, g`alabani unutishga urinish borligini tanqid qilgan Atambayevning chiqishiga Karimov keskin qarshilik bildirdi. Karimv mustaqil davlat rahbarlari g`alaba bayramini o`zlari xohlagan joyda, o`z xalqlari tanlagan usulda o`tkazisga haqli ekanini aytdi.

Atambayevning bu mening shaxsiy fiklarim edi, degan e`tiroziga esa Karimov sizning fiklaringizni biz anchadan buyon bilamiz, qabilida achchiq javob qaytardi.

8-may kuni Moskvadagi sammitda ishtirok etgan Karimov harbiy paradda ishtirok etmay shu kuni Toshkentga qaytib kelgan edi. Sammit ortidan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi liderlari ishtirokida o`tgan uchrashuvda esa Qirg`iziston bu ittifoq a`zoligiga qabul qilindi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG