BMT O'zbekistonda bolalar huquqiga doir ahvolni o'rganadi


Vashingtondagi O'zbekiston elchixonasi oldida majburiy mehnatga qarshi o'tkazilgan namoyishdan, 11-mart, 2013-yil.

Vashingtondagi O'zbekiston elchixonasi oldida majburiy mehnatga qarshi o'tkazilgan namoyishdan, 11-mart, 2013-yil.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevada boshlangan navbatdagi sessiyasida O’zbekistonda bolalar huquqi bilan bog’liq vaziyat muhokama qilinadi. 4-iyun seshanba kuni O’zbekiston rasmiy vakili xalqaro hujjatlarga rioya qilish, jumladan, bolalar huquqini himoya qilish, ularning odam savdosi va fohishalikka jalb etilishiga qarshi kurash bo’yicha ma’ruza qiladi. Faollar so’zlariga ko’ra, mamlakatda bu borada asosiy muammo – bolalalar mehnatining ekspluatatsiya qilinishi. So’nggi xabarlarga ko’ra, o’quvchlarni paxta dalasida majburan ishlatish amaliyoti hanuz davom etmoqda.


O’zbekiston bolalar huquqini turli soha va yo’nalishlarda kafolatlovchi BMT Konvensiyasini imzolagan davlatlardan. O’zbekiston Konvensiya shartlarini bajarishga mas’ul. Bolalar huquqi buzilishining O’zbekistondagi asosiy ko’rinishi esa majburiy menhat hisoblanadi.

O’zbek rasmiylarining BMT sessiyasi uchun tayyorlagan hisobotida mamlakatda 15 yoshga to’lgan bolalar o’qishdan bo’sh vaqtida, faqat ota-onalari roziligi bilan yengil ishlarga jalb qilinishi mumkinligi ko’rsatilgan.

Biroq mahalliy faollar fikricha, bolalar huquqi buzilishi ortida hukumatning o’zi turadi. O’quvchilar hokimyatlar ixtiyoridagi arzon ish kuchiga aylangan.

O’tgan yili maktab o’quvchilari paxta terimiga olib chiqilmadi, ammo bu mamlakatda majburiy mehnatga barham berildi, degani emas. O’quvchilarni paxta dalalasida ishlatish bugun ham davom etmoqda.

Huquq himoyachisi Yelena Urlayeva viloyatlarda hozir maktab o’quvchilari paxta chopig’ida ishlatilayotganini aytadi.

“Maktab o’quvchilari bu yil ham chopiqqa olib chiqildi. Bu narsani Amudaryo rayoni misolida aniq aytishim mumkin. Hozir kelayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Toshkent va Namangan viloyatining ayrim tumanlarida ham o’quvchilar paxta chopig’iga chiqarilgan. Bu holat ko’proq huquq himoyachilari va jurnalistlar ko’zidan uzoqda bo’lgan chekka tumanlarda kuzatiladi. Umuman esa viloyatlarda bolalar mehnatiga taqiq qo’yilgani haqidagi tushuntirishlar mavjud”, - deydi Urlayeva.

Huquq himoyachisi O’zbekiston hukumati amalda bolalar mehnatini taqiqlash harakatini boshlanganini e’tirof etadi.

“Albatta muammoning xalqaro miqyosda ko’tarilishi, bosim ko’rsatilishi, jumladan, AQSh Departamenti hisobotida ham doimo O’zbekistonda bolalar majburan ishlatilishi ta’kidlab kelinayotgani, o’ylashimcha, o’z samarasini beryapti. O’zbekistonda bu borada progress yuz berdi, bolalar mehnatidan voz kechildi. Hozir bolalarni chopiqqa olib chiqilayotgani kabi holatlarni aniqlashda davom etish kerak. Har holda bolalar mehnati bilan bog’liq bugungi vaziyat sobiq ittifoq yoki mustaqillikning so’nggi 20 yili davridagi kabi emas, bu juda ijobiy holat”, - deydi Urlayeva.

Faollarga ko’ra, bolalar mehnatidan voz kechilgani haqida ishonch bilan gapirish qiyin. Avval ham O’zbekistonda bolalar mehnati rasman taqiqilangan, biroq maktab o’quvchilarining ommaviy tarzda paxta terimiga olib chiqilishi davom etgan edi.

Mustaqil kuzatuvchilar hisob-kitobiga ko’ra, O’zbekistonda mavsum paytida 1,5 milliondan oshiq o’quvchi paxta terimiga olib chiqiladi. Ammo o’tgan yili bolalarning paxta terimiga jalb etilishi deyarli kuzatilmadi. Buni huquq faollari istisno tariqasida qabul qilishadi. Chunki bolalar majburiy mehnatdan ozod qilingani bilan, aholini majburiy mehnatga jalb etish davom etmoqda. Bolalar mehnati o’rnini ota-onalarini paxta terimiga majburiy safarbar etish orqali qoplashmoqda, deydi mahalliy kuzatuvchilar.

Ma’lumotlarga ko’ra, hozir ayrim tumanlarda sog’liqni saqlash xodimlari ham paxta chopig’iga olib chiqilgan. Odatda, shu paytgacha bu ishni maktab o’quvchilari bajargan.

Bolalar majburiy mehnati masalasining bu tarzda yechilgani hukumat muammoni uzil-kesil bartaraf etish niyatida emasligini ko’rsatmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG