O'zbekistonda konstitutsion o'zgarishlar kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Toshkent

Toshkent

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston parlamentida davlat konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritish muhokama qilinmoqda va yaqin orada loyihalar ovozga qo'yilishi mumkin.

Gap asosan prezident, qonunchilar, vazirlar va hokimlar vakolatlarini kengaytirish va qisqartirish xususida ketmoqda. Jumladan, davlat rahbarining vakolatlari kamayib, bosh vazir va deputatlarniki oshishi mumkin.

Biroq aynan qay vakolatlar? Bu mavhum.

Yil oxirida parlament saylovlari, kelasi yil boshida esa prezident saylovi ekan, bu qadamlar nimadan dalolat beradi? Hozircha bu savolga aniq javob topish qiyin.

Oliy Majlis a'zolari deydiki, respublikada demokratik islohotlar amalga oshirilayapti va yuqorida tilga olingan yangilik butun tuzum uchun ijobiy qadam.

Prezident vakolatini qisqartirish to'g'risida Islom Karimovning o'zi bir necha yildan beri aytib keladi lekin shu kungacha tashlangan qonuniy qadamlar natijasida uning qudrati pasayib qolgani yo'q, deydi siyosiy sharhlovchilar. Aksincha, Karimov mana shunday konstitutsion o'zgartirishlar taklif qilib, "demokratik konsepsiya" deya bong urib, o'z hokimiyatini saqlab kelmoqda.

Qonunchilik palatasida ko'rib chiqilayotgan loyihalar bosh qomusning 32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalari bilan bog'liq.

32-modda aynan siyosiy huquqlar haqidadir va fuqarolarga o'z vakillarini saylagan holda o'z-o'zini boshqarish erkinligini beradi, ya'ni demokratik jamiyatda davlat xalqniki, xalq tomonidan saylanadi va boshqariladi.

78-modda esa parlament va uning tarkibi xususida bo'lib, qonun chiqaruvchilik vakolatlarini belgilaydi.

93-modda prezident, ya'ni davlat rahbari qanday kuchga ega ekanini qayd etadi. 25 vakolatdan iborat.

98-modda esa Vazirlar mahkamasi va bosh vazir vakolatlari to'g'risida.

103-modda mahalliy hokimiyat asoslari nimadan iborat ekanini tushuntiradi. Unda viloyat, tuman va shahar hokimlari o'z qaror va faoliyati uchun shaxsan o'zi javobgar deya aytiladi.

117-modda mamlakat saylov tizimi haqidadir. Unda belgilangan tartibga ko'ra, parlament saylovlari shu yilning dekabrida, 2015-yilning martida esa prezident saylovlari o'tishi kerak.​
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG