O'zbekiston: Hamma paxtaga, tering yoki to'lang


Bolalar mehnatidan voz kechilgan, biroq bu qarorning yuki hukumatga emas, oddiy odamlar boshiga qo'shimcha xarajat, mashaqqat bo'lib tushmoqda.

Bolalar mehnatidan voz kechilgan, biroq bu qarorning yuki hukumatga emas, oddiy odamlar boshiga qo'shimcha xarajat, mashaqqat bo'lib tushmoqda.

O'zbekistonda majburiy paxta kampaniyasi avj pallada. Talabalar dalada, korxonalarga ishchi kuchini yetkazib berish buyurilgan. Paxtaga chiqmayotganlardan pul undirish oddiy aholi uchun sharoitni yanada og'irlashtirmoqda.

Jarayonni kuzatib borayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko'ra, ayrim joylarda terimdan ozod bo'lish bahosi 1,5 million so'mgacha boradi.

“Paxta kampaniyasi, majburiy mehnat davom etayapti. Har bir tashkilotdagi xodimlar soniga qarab terimga yozishayapti, masalan 30-40 kishi bo'lsa ulardan 6-7 kishi paxta terimiga yoziladi. Bu yil hamma joydan pul yig'ilayapti, agar paxtaga chiqmasa. Maktablar, kasalxonalar, hatto pochta xodimlaridan ham. Bir shifokor bilan gaplashdim, uning aytishiga qaraganda shifoxonalarda tajriba o'tayotgan ordinatorlar bor, ular hali talaba hisoblanadi. Shularning bo'yniga 1,5 million so'mdan mablag' qo'yishibdi. Chunki ular talaba sifatida ko'rilib, bir oy paxta terishi lozim hisoblanarkan, to'lamaganlar paxtaga chiqishi kerak. Shunday talab bor - bormasa o'qishdan, ishdan haydaladi, o'z ixtiyori bilan paxtaga chiqishi haqida ulardan ariza yozdirib olinmoqda”, - deydi Ikromov.

Qashqadaryodan huquq himoyachisi Gulshan Qorayeva deydiki, viloyatda talabalar va korxona xizmatchilari dalaga olib chiqilgan. Yollanma ish kuchi bahosi 200 dollarga chiqqan, oddiy talabalar, xizmatchilar uchun bu og'ir to'lov.

“11-sentabrdan olib chiqishni boshlashgan, lekin paxta unchalik yaxshi bo'lmagan deb eshitayapman. Shunday bo'lsa ham terimga olib ketishayapti, hozir Rossiyadan qaytganlar hisobiga hasharchilar ham ko'payib qolgan. Lekin narxi 200 dollar, shuni to'lasa, ular talabalar, hasharchilarni o'rniga chiqib paxta terib berishi mumkin ekan”, - deydi u.

Surat Ikromovning aytishicha, xalqaro bosimlar ortidan O'zbekiston hukumati bolalar, maktab o'quvchilari mehnatidan voz kechdi, biroq bu qarorning yuki hukumatga emas, oddiy odamlar boshiga qo'shimcha xarajat, mashaqqat bo'lib tushmoqda. To'lovlar qanday asosda yig'ib olinayotgani haqida hech qanday ma'lumot berilmaydi.

“Yozma buyruq yo'q, kampaniya haqida ham, pul yig'ish haqida ham. Men buni hokimiyatdan aniqlashtirishga harakat qildim, yo'q unaqa emas, bunaqa emas qabilasidagi gaplar. Lekin baribir hamma joyda bu buyruq ijro etilayapti. Hammasi og'zaki gaplar bo'lishiga qaramasadan, shartlar qo'yilayapti, bajarmaganlar qo'rqitilaypti, o'qishdan, ishidan ajralayapti”, - deydi Ikromov.

Bu yilgi terimni O'zbekistondagi ayrim nashrlar ham chetlab o'tmagan. “Novosti Uzbekistana” o'z sahifasidagi ochiq mikrofon ruknida poytaxtdagi tashkilotda ishlayotgan, paxtaga safarbarlik to'g'risida chaqiruv olgan xodim nomidan maqola e'lon qilgan.

“Ko'ngilli-majburiy paxta terimchlari” deb nomlangan maqolada aholi ommaviy terim boshlangani haqida matbuot va gazetalardan emas, balki o'zlari ishlayotgan korxonalarga hokimiyat buyrug'i va ko'rsatmalari yetib kelganidan so'ng bilib olishayotgani, majburiy mehnat masalasi matbuot uchun yopiq qolayotganiga ishora qilinadi.

Paxta yakkahokimligidan allaqachon voz kechilganiga qaramasdan, nega hozirgacha O'zbekistonda sovet davriga xos unsurlar, g'ayridemokratik va hatto kolonial deb tanqid qilinadigan amaliyotlar saqlanib qoldi, degan savol ko'tariladi “Novosti Uzbekistana” nashrida.

O'zbekiston paxta xomashyosi eksporti bo'yicha dunyodagi yetakchi o'rinlardan birini egallaydi. Qishloq xo'jaligining asosiy mahsuloti sanalgan paxta parvarishi fermerlarga majburan yuklatilgan.

Hukumat har yili hosilni yig'ish uchun eng arzon sanalgan ishchi kuchi, majburiy mehnatdan foydalanadi, yuz minglab odamlar terimga chiqadi. Uch oyga yaqin davom etadigan kampaniyada turli baxtsiz hodisalar, qurbonlar ham bo'lgan.

Xalqning ommaviy safarbarligi evaziga terilgan paxtadan kelayotgan daromad, ayniqsa mahsulot eksporti masalasi tor doiraga mansub, yopiq mavzu.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG