O'zbekistonda majburiy mehnat kampaniyasi avjida


O’zbekistonda paxta terimi mavsumi boshlandi. Korxona va tashkilotlardan jalb qilingan hasharchilardan tashqari shanba kuni poytaxtdagi bir nechta o`quv yurtlari ham ommaviy tarzda paxta terimiga jo`natilgan.

Rasmiy Toshkent uzoq yillardan buyon ilk bor Xalqaro Mehnat tashkiloti vakillarining yig’im-terim ishlarini mamlakat ichidan kuzatib borishiga ruxsat berdi. Ammo ular dalalarga faqat hukumat vakillari hamrohligidagina bora oladilar, xolos.

Shu oy Qashqadaryolik 16 yoshli talaba qiz paxta dalasida halok bo`lgani haqida xabarlar bor. Huquq faollari hukumatdan majburiy mehnat kompaniyasi to`xtatilishini talab qilmoqda.


Qashqadaryodagi Agro-sanoat kolleji talabasi bo`lgan 16 yoshli Muhliyo paxta terimidagi baxtsiz hodisa tufayli halok bo`lgan. Voqeani surishtirgan faollarga ko`ra, 9-sentabr kuni terimni yakunlab yotoqxonaga qaytayotgan Mahliyo daladagi lotokda qo`llarini yuvush uchun to`xtaydi. To`satdan sirpanib ketgan qiz latok yaqinidagi simyog`ochda ochiq turgan elektr simini bexosdan ushlab oladi va uni qattiq tok uradi. Mahliyo tuman shifoxonasiga olib ketilayotgan payt yo`lda vafot etadi.

“Bu voqea paxtaga borilgan kuni bo`lgan. Kollejning xo`jalik mudiri uni shifoxonaga olib borgan. Qanday simdan ajratib olishgan bilmayman. Hammayoqda vahima tarqab ketgan. Odamlar qanday qilib paxtaga bolalarimizni yuboramiz, deyishayapti. Paxta tergach qo`l shira bo`lib qoladi. Bu qiz qo`lini oqib turgan suvda yuvmoqchi bo`lgan, yiqilib tushayotib esa o`sha ochiq turgan simdan ushlagan”, - deydi noxush hodisa haqida O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryodagi faoli Gulshan Qoraeva.

O`zbekiston hukumati, odatda, paxta terimidagi majburiy mehnat haqida ham, bu kampaniya paytida yuz berayotgan baxtsiz hodisalar qurbonlari haqida ham hech qanday ma'lumot bermaydi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovga ko`ra, 16 yashar qizning halok bo'lgani aniq.

“Qarshi tumanidan Koson tumaniga paxtaga jalb qilingan Muhayyo ismli qiz baxtsiz hodisa tufayli vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga yaqin, - deydi u. - Biz kollej ma'muriyatiga ham, Kasb-hunar ta`limi boshqarmasiga ham qo`ng`iroq qildik, ular bu hodisani rad etishgani yo`q. Faqat bu borada izoh berishni rad qilishmoqda”, deydi Abdurahmon Tashanov.

O`zbekistonda paxta terimi o`tgan haftadan boshlandi. Terimning dastlabki kunlarida yuz bergan bu baxtsiz hodisa faollarda majburiy mehnat tizimiga, paxta terimida hasharchi va talabalar uchun yaratilgan og'ir sharoitlarga nisbatan norozilikni yanada kuchaytirgan.

“Odamlarga pul berguncha o`zinglar borib tersanglar bo`lmaydimi, desangiz, qanaqa qilib teramiz, hamma palatklarda yotgan bo`lsa, deyishyapti. Paxtada qanaqa sharoit haqida gap bo`lishi mumkin? U yerdagilar qanaqa suv ichishga majbur ekanligini men juda yaxshi bilaman”, - deydi Gulshan Qoraeva.

O`zbekistonda majburiy mehnat shakli, xususan, paxta terimiga jalb qilingan hasharchi, talaba va o`quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o`ta o`g`ir ekani aytiladi. Ammo hukumat bu yil Xalqaro mehnat tashkilotiga mamlakatdagi mehnat sharoitini, paxta terimidagi vaziyatni kuzatish uchun ruxsat bergan.

“Xalqaro tashkilotlarning bosimi tufayli hukumat bolalar mehnatidan voz kechishga majbur bo`ldi. Endi majburiy mehnatga qarshi kampaniya ketmoqda. Shunday ekan, O`zbekiston hukumati borib-borib, qishloq xo`jaligini modernizatsiyalash va mexanizatsiylashga majbur bo`ladi”, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Hozircha Xalqaro mehnat tashkiloti O`zbekistonda faoliyatini boshlagani aniq emas. Biroq, ma`lumotlarga ko`ra, tashkilot o`z kuzatuvini faqat hukumat vakillari ishtirokida o`tkazishga kelishilgan. O`zbekistondagi sharoitda esa bu erkin va xolis kuzatuvni amalga oshirishning imkoni yo'qligini anglatadi.

“Agar hasharchilardan birortasi kuzatuvchilarga biron gap aytib qo`ysa, ishidan ajrab qolishini biladi. Shuning uchun ham hukumat odami o`rgatgan gaplarni aytib, sharoitlarni maqtab-maqtab jo`natishi mumkin. Hukumat vakillari bir kun avval hamma narsani tayyorlab qo`yishadi, belgilangan joyga olib borishlari aniq. Xalqaro mehnat tashkiloti bu narsani yaxshi bilishi kerak”, - deydi Gulshan Qoraeva.

O`zbekistonda paxta davlat buyurtmasiga ko`ra yetishtiriladi. Paxta O`zbekistonning asosiy eksport tovarlaridan bo`lishiga qarmasdan, mamlakat qishloq xo`jaligi tizimi eng qashshoq sohalardan biri, terim mashinalari deyarli yo`q. 4 million tonnaga yaqin paxta hosili har yili, asosan, qo`lda teriladi.

Yaqingacha paxta terimidagi asosiy ish kuchi sifatida maktab o`quvchilari mehnatidan foydalanilardi. Ikki yildirki, O`zbekiston hukumati maktab o`quvchilarini paxta terimiga jalb qilish tajribasidan voz kechgan. Dastlab, olqishlangan bu qadam mamlakatda majburiy mehnatning boshqa bir ko`rinishi rivojlanishiga olib keldi.

Maktab o`quvchilarining paxta dalasidagi o`rni maktab o`qituvchilari, tibbiyot xodimlari, talabalar va boshqa korxonlardan majburan jalb qilingan ishchilar hisobiga to`ldirilmoqda. Hasharchilar paxta terishdan bosh tortgan taqdirda ishdan haydalish kabi turli jazo tahdidlari bilan yuzlashadi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG