O'zbekistonda paxta plani majburiy mehnat evaziga bajarildi


AQSh elchixonasi so'zlovchisi Natella Svistunovaning "Amerika Ovozi" ga bayon qilishicha, xodimlar Vena konvensiyasi doirasida O'zbekiston bo'ylab erkin sayohat qiladi va, jumladan, har yili paxta yig'im-terimini kuzatadi.

AQSh elchixonasi so'zlovchisi Natella Svistunovaning "Amerika Ovozi" ga bayon qilishicha, xodimlar Vena konvensiyasi doirasida O'zbekiston bo'ylab erkin sayohat qiladi va, jumladan, har yili paxta yig'im-terimini kuzatadi.

O'zbekiston hukumati millionlab odamlar mehnati bilan emas, qulay ob-havo tufayli paxta rejasi bajarilgani haqida hisobot bermoqda.

Shu munosabat bilan poytaxtda Xalqaro paxta yarmarkasi tashkil qilindi, 700 ming tonna paxta tolasini sotish uchun kelishuvlar imzolandi.

Bu yilgi paxta kampaniyasini kuzatgan huquq himoyachilariga ko'ra, hukumatning bu g'alabasi ortida qadri va huquqlari toptalgan o'zbekistonliklar turibdi.

Bu yilgi yig'im-terim o'ta shafqatsizligi bilan ajralib turgani aytiladi. Monitoring o'tkazgan huquq himoyachilari tahqirlangan, hibsga va siquvga olingan. Paxta parvarishiga bevosita mas'ul, davlat rejasini bajara olmagan fermerlar mol-mulkidan, yeridan ajralishi mumkin.

Hukumat paxta plani millionlab hasharchilarning zahmati evaziga emas, qulay ob- havo tufayli bajarilgani haqida tantanali hisobot berdi. Toshkentda o'tgan Xalqaro paxta yarmakrasida 800 million dollar miqdorida savdo shartnomalari imzolangani xabar qilindi.

Huquq himoyachilariga ko'ra, hasharchilar hamon dalada.

“Reja bajarilishi hali hasharchilar hayotida aks etgani yo'q, hasharga jalb etilgan o'qituvchilar, shifokorlar, turli kasb egalari, talabalar, kollej o'quvchilari hamon dalada. Mana, Toshkentda ikki kundirki ezib yomg'ir yog'ayapti, lekin hech kim hali paxtadan qaytarilmagan”, - deydi monitoring o'tkazgani uchun bir necha bor hibs qilingan, tintuvga uchragan huquq himoyachisi Malohat Eshonqulova.

Uning fikricha, bu yilgi kampaniya qattiqligi O'zbekistonning Jahon Bankidan kutayotgan yordamiga bog'liq bo'lishi mumkin.

“O'zbekistonda hamma paxtakorga aylandi. Respublika miqyosida hamma majburiy, ommaviy tarzda paxtaga chiqarilgani yashirilayapti, sir tutilayapti. Paxtaga chiqarilganlar o'rgatildi, agar terim paytida biror kishi sizdan so'rasa paxtaga o'z ixtiyorim bilan chiqdim deb ayting, deb. Bu ularning ongiga singdirildi, ishidan, maoshidan ajrashi bilan qo'rqitildi. Bu, albatta, Jahon Bankining O'zbekistonga qo'ygan shartlari, moddiy yordamiga borib taqaladi. Aslida iqtisod shunchalik og'irki, terimchilarga beriladigan pul juda kam. Agar terimchiga munosib haq berilganda edi, odamlarni paxtaga majburan safarbar qilishni hojati yo'q edi, paxtani dehqonni o'zi terib olardi”, - deydi u.

Dmitriy Tixonov - dalalarda monitoring o'tkazgani uchun keskin bosim ostida qolgan huquq himoyachilaridan biri. Unga ko'ra, hukumat paxta dalalaridagi majburiy mehnatni yashirish uchun huquq himoyachilariga nisbatan bosimni oshirgan.

“O'zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo'yildi, bu yaxshi, ammo majburiy mehnat davom etmoqda. Angrenni o'zida 12 ming kishi dalaga chiqarilgan. Agar majburiy mehnat mavjudligi ko'rsatilsa, Jahon Banki bilan O'zbekiston munosabatlarida muammo bo'lishi mumkin. Shuning uchun majburiy mehnat yuzasidan monitoring o'tkazayotgan huquq himoyachilari ustidan izchil nazorat o'rnatilgan. Qayerga boradi, kim bilan uchrashadi, hammasini kuzatishadi”, - deydi Tixonov.

Bu yilgi terim diplomatik mojarosiz o'tmadi. O'zbekiston matbuotida AQSh diplomatlari Qashqadaryoda paxta terimini kuzatgani borib, o'zlarini O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimlari deb tanishtirgan degan ma'lumotlar paydo bo'ldi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi bu xabarlarni darhol rad etdi. Elchixona so'zlovchisi Natella Svistunovaning "Amerika Ovozi" ga bayon qilishicha, xodimlar Vena konvensiyasi doirasida O'zbekiston bo'ylab erkin sayohat qiladi va, jumladan, har yili paxta yig'im-terimini kuzatadi.

"Diplomatlarimiz yonida doimo hujjati bor va so'ralganda o'zlarini elchixona vakillari sifatida tanishtirishadi. Dalalarga chiqishdan maqsad O'zbekiston paxta sektoridagi o'zgarishlarni yaxshiroq tushunish", - deydi Svistunova.

O'zbekistonda bu yili paxta rejasi 3 million 400 ming tonna sifatida belgilangan edi. Hukumatga ko'ra, reja bajarilgan. 3,5 million tonnaga yaqin paxta asosan qo'lda terildi.

Majburiy mehnatdan kelayotgan daromad tizimi mavhum, qishloq xo'jaligida hech narsa o'zgarmagan. Paxta terish mashinalari deyarli yo'q. Milliy boylik sifatida taqdim etilayotgan oq oltindan tushadigan daromad nimalarga sarflanishi oshkor etilmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG