"Xalqaro kuzatuvchilar paxtakor va terimchilar bilan bemalol gaplasha olsin"

  • Amerika Ovozi

Vatandagi manzara: Paxta terimi boshlandi, terimchi kimligini aytmaysizmi?

Vatandagi manzara: Paxta terimi boshlandi, terimchi kimligini aytmaysizmi?

“Paxta kampaniyasi” (Cotton Campaign) nomli biznes, mehnat va inson huquqlari tashkilotlari uyushmasi O’zbekiston dalalarida majburiy mehnatdan foydalanilayotgani xususida Xalqaro Mehnat Tashkilotiga (XMT) ochiq xat yo’lladi.

XMT hozirda O’zbekiston paxtazorlaridagi vaziyatni kuzatayotgani ijobiy qadam, deya baholaydi uyushma.

Biroq Karimov ma'muriyati xorijiy mutaxassislar ishini qiyinlashtirayotgani ham sir emas, deyd faollar. Paxtakor va terimchilarning kuzatuvchilar bilan aloqasi cheklangan va odamlarga nima deyish oldindan o'rgatilgan.

Paxta terimiga bolalar va kattalarni majburlash davlat siyosatining uzviy qismi bo'lib, har yili bir milliondan ziyod o'quvchi, talaba va turli soha egalari paxta dalalariga haydaladi, deya qayd etadi tashkilot. Jamoatchilik miyasiga bu hashar, vatanparvarlik yo'lida qilinayotgan ish deya quyiladi.

Xalqaro kuzatuvchilar yonida O’zbekiston hukumati rasmiylari va davlat kasaba uyushmalari vakillari yurishi adolatdan emas, deydi "Paxta kampaniyasi" a'zolari. Bunday vaziyatda terimchilar va paxtakorlar o’z muammolari haqida kuzatuvchilarga ochiqchasiga gapira olmasligi aniq.

O’qituvchi, shifokor va davlat idoralarida ishlaydigan boshqa mutaxassislar paxtada; ayrim viloyatlarda yuqori sinf o'quvchilari, kollej va universitet talabalari ham terimda.

Xususiy sektorga ham talablar qo'yilgan: xodimlar paxtaga chiqadi yoki "hasharchilarni" zarur narsalar bilan ta'minlash uchun moliya ajratiladi.

16-sentabr kuni faqat Toshkent shahrining o’zidan 200 ming odam terimga jalb etilgan, deyiladi ochiq xatda.

“Paxta kampaniyasi” qator tashkilotlar, shu jumladan “Human Rights Watch”, Ochiq jamiyat jamg’armasi, "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati, O’zbek-Germaniya inson huquqlari forumini o'z ichiga olgan harakat.

“Paxta kampaniyasi” XMTni O'zbekiston ahli bilan oshkora muloqot qilib, yig'ilgan ma'lumotni keng omma bilan baham ko'rishga chaqirmoqda, toki kuzatuv natijasida majburiy mehnat sabablari va oqibatlari oydinlashsin va muammoni bartaraf etish uchun hukumat konkret qadamlar tashlasin.

O'zbekiston hukumati pozitsiyasi shuki, odamlar terimga majburlanayotgani yo'q.

Rasmiylar bolalar mehnati man etilgan deya bu borada qabul qilingan qonunlarni eslatadi.

Milliy boylikni vaqtida terib olish mamlakat iqtisodiyoti uchun o'ta muhim va xalq hasharga majburan emas, ko'ngilli ravishda chiqmoqda, degan iddaolar yangraydi.

Mahalliy axborot vositalari terimni yoritar ekan, paxtazorlardagi sharoitni maqtaydi. Oq oltin хirmoni - xalq faxri, deya tasvirlaydi O'zbekiston davlat televideniyesi.

Viloyatlardagi ahvoldan yaxshi xabardor inson huquqlari faollari esa so'nggi kunlarda yuz bergan noxush voqealar faqat chet eldagi manbalarda o'z aksini topdi, deydi.

Qarshida kollej o'quvchisi paxtazorda tok urib o'lgan. Qashqadaryoda bir talaba pichoq bilan sinfdoshlariga tashlanib, ulardan biri jon bergan. Buxoro viloyatida esa olti yoshli bola nobud bo'lgan.

Ko'plab mahalliy mutaxassislar nazarida paxta sohasini tubdan isloh qilish kerak. Kvota tizimidan voz kechib, paxtakorga erkinlik berish lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG