Breaking News

O’zbekiston paxta terimini kuzatish uchun xalqaro tashkilotga ruxsat beradimi?


BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat Tashkiloti vaziyatni xolis baholash uchun o'z mutaxassislarini yuborishni istaydi. Huquq himoyachilari ham shuni talab qilmoqda.

Shu hafta O’zbekistonga borgan AQSh delegatsiyasi inson huquqlari mavzusini ham ko’targan. Yaqinda chiqqan hisobotda “O’zbekiston majburiy mehnat tufayli odam savdosi rivojlanishiga hissa qo’shayotgan davlatlardan biri” deya qayd etilgan edi. Aynan shu sabab Kongress respublikaga nisbatan yangi cheklovlar qo'yish ehtimoli bor.

O'zbekistonda paxta terimi mavsumi yaqinlashib, yana xavotirlar/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00
Yuklab oling

Paxta terimi mavsumi yaqinlar ekan, bu yil ham jarayon ommaviy safarbarlik hisobiga o’tadi degan xavotir bor. Tahlilchilar nazarida AQSh mutasaddilarining Toshkentdagi muzokaralari vaziyatga ijobiy ta’sir qilishi mumkin.

Amerika rasmiylari safar davomida Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili Sayyora Rashidova bilan, shuningdek, Ichki ishlar vazirligida muzokaralar o’tkazgan.

AQSh Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo’yicha o’rinbosari Jeyn Zimmerman muloqotdan mamnun.

Delegatsiya O’zbekistonda inson huquqlari masalasida rejalanayotgan islohotlarni olqishlagan. Holbuki, Toshkent-Vashington munosabatida huquq eng murakkab mavzulardan.

Safardan oldin Davlat departamenti dunyo bo'ylab odam savdosi va majburiy mehnat yuzasidan Kongressga maxsus tahlilnoma uzatib, unda paxtani zo'rlab terdirish - ekspluatatsiya, O'zbekistonda vaziyat o’ta og’ir deb baholanadi.

Mahalliy follardan biri Yelena Urlayeva deydiki, tomonlar bu borada gaplashayotgani ijobiy hol.

"Amerika hukumatining hisoboti O’zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni keskin tanqid qiladi, lekin Toshkent buni qabul qildi. Shunday ekan, men vaziyat o’zgara boshlaydi, degan fikrdaman. Bu hisobot O’zbekiston hukumatiga ham, AQSh Kongressiga ham taqdim qilingan, mavjud holat hammaga ko’rinib turibdi. Bu esa o’z navbatida, vaziyat o’nglanishi uchun xizmat qiladi”, - deydi Urlayeva.

O’zbekistonda yillik paxta kampaniyasi xalqaro miqyosda turli noroziliklarga sabab bo’lib kelmoqda.

Dunyoda o’nlab yirik savdo tarmoqlari bolalar mehnati evaziga terilayotgan bu mahsulotni boykot qilgan. Paxta masalasida O’zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirayotgan xalqaro shirkatlar qoralanmoqda.

Yaqinda O’zbekiston paxta sanoati bilan hamkorlik qilib kelayotgan Janubiy Koreyaga qarashli POSCO va Daewoo International shirkatlari tanqid qilindi. Huquq himoyachilari AQSh hukumatidan bu shirkat mahsulotlarini mamlakatga kiritmaslikni talab qildi.

O’zbekistonda o’tgan yilgi paxta terimi bolalar majburiy mehnatiga nisbatan chek qo’yilganini ko’rsatdi. Hukumat qaroriga ko’ra, yosh bolalar paxtaga olib chiqilmadi.

“Albatta, xalqaro jamoatchilik bosimi, shuningdek, AQSh Davlat departamentining O’zbekistonda bolalar ekspluatatsiya qilinayotgani haqidagi hisobotlari evaziga mamkatda rostdan ham ijobiy o’zgarishlar bo’ldi. Bolalar mehnati, asosan maktablarda o’quvchilarni paxta terimida ishlatishga chek qo’yildi. Ehtimol, chekka tumanlarda nisbatan saqlanib qolgandir, ammo avval kuzatilganidek, o’quvchilarni ommaviy ravishda majburiy mehnatga jalb qilish tajribasi hozir kuzatilmayapti”, - deydi Urlayeva.

Ammo bolalar o’rniga, ota-onalar safarbar qilindi, davlat va nodavlat tashkilotlaridan minglab xizmatchilar majburan paxta terdi.

Berlindagi inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston-Germaniya forumi mamlakatda monitoring o’tkazib keladi.

Forum e’lon qilgan hisobotda O’zbekistonda ahvol hamon og’irligi, vaziyatni tahlil qilish uchun Xalqaro Mehnat Tashkiloti mamlakatga kiritilishi zarurligi ta’kidlanadi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi bu borada aniq choralar ko’rishi kerak, deyiladi hujjatda.

17-18 iyul kunlari Toshkentda Xalqaro Mehnat Tashkiloti va BMT qoshidagi boshqa agentliklarning vakillari ishtirokida anjuman o'tib, unda asosiy mavzu - bu yilgi terimni kuzatish.

O'zbekiston hukumati buning uchun zarur sharoit yaratib berishi kerak, deydi G'arbda vujudga kelgan Paxta kampaniyasi (Cotton Campaign).

Targ'ibotchi guruh yaqinda Jenevada o'tgan muzokarada ham Xalqaro Mehnat Tashkilotini quvvatlab, O'zbekistonni xalqaro majburiyatlarini unutmaslikka, vaziyatga xolis baho berish uchun dunyo ahli daladagi ahvolni o'z ko'zi bilan ko'rishi zarurligi uqtirilgan edi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG